Ukraina fermerlari: Bu yil hosil yaxshi, lekin daromad kam

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina fermerlariga ko’ra, bu yilgi hosil yaxshi, lekin daromad kam. Chunki mahsulotlarini xalqaro bozorlarga olib chiqish xarajatlari urush tufayli keskin oshgan.

Rossiya Ukrainaga keng ko'lamli hujum boshlaganida, Roman Vitsko uchun kombayn boshqarish xavfli kasbga aylandi.

“Ha, o'qqa tutishdi. Bir safar portlashlar men ishlayotgan dalaning har ikki tomonida ham yuz berdi. Shuningdek, raketa qismlari dalaga kelib tushdi. Ularni aylanib o’tdim”, - deydi u.

Buni ham ko'ring Ukraina: Rossiya eksportni to'sayotgani - butun dunyo muammosi

Vitsko Kiyev viloyatida “Makarov-Agrobud” agrokompaniyasiga tegishli dalada ishlaydi, kungaboqar hosilini yig‘adi. Rossiya Ukrainaga hujum boshlaganda, dala ma’lum muddat ruslar nazoratida qoldi.

“Ruslar ofisimizni, omborni vayron qilishdi. Haligacha 50 gektar yerimizdan foydalana olmayapmiz, mina bo’lishi mumkin. Hali tekshirilmadi”, - deydi agronom Mikola Goroviy.

Agrokompaniya rahbariga ko’ra, tashkilot bir necha million dollar zarar ko’rdi. Bu yil ham daromad kam.

“Foyda ko’ramizmi? Yo'q, hatto bunday savol bermayapmiz ham. Zararsiz chiqsak, katta gap", - deydi Sergey Vanilovich.

Asosiy omil - logistika narxining oshgani.

“Mahsulotlarni eksport qilish uchun tashqi bozor bor. Talab ham yuqori. Lekin masala shundaki, ularni qanday qilib mamlakatdan olib chiqamiz?”, - deydi Ukraina agrar kengashi vakili Denis Marchuk.

Ukraina qishloq xo'jaligi mahsulotlari asosan Qora dengiz orqali eksport qilinadi. Urush boshlanganidan beri yo‘lak harakatsiz holatga keldi. Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini xavfsiz eksport qilishga qaratilgan BMT, Turkiya, Ukraina va Rossiya o'rtasidagi kelishuvning muddati ham iyul oyida tugadi.

Muqobil yo’l qo'shimcha xarajat talab etadi.

“Hozir ikkita yo’l bor. Biri Dunay portlari. Lekin ular doim rus armiyasi tomonidan o‘qqa tutiladi. Bu kemalar ijarasini oshiradi. Ikkinchisi, avtomobil va temir yo‘llardan foydalanishimiz mumkin, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orqali mahsulotlarni eksport qilish uchun”, - deydi Marchuk.

Ukraina Odessadan Bolgariya va Ruminiya orqali Qora dengizga gumanitar yo‘lak ochish ustida G‘arbdagi hamkorlari bilan ishlamoqda. Fermerlar esa mahsulotlarini eksport qila olishlariga umid qilmoqda.