Breaking News

Ukrainlar bu gal qishga puxta tayyorgarlik ko'rmoqda


Ukraina: Urushning ikkinchi qishiga tayyorgarlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00

O’tgan yilgi qish ukrainaliklar uchun saboq bo’lgan. Rossiya kuchlari har hafta Ukraina energetika infratuzilmasini nishonga olib, elektr energiyasida uzilishlar ro’y bergan edi.

Aholi qish uchun o’tin, generatorlar, suv, oziq-ovqat, shu jumladan, konserva mahsulotlari g’amlayapti.

“Oilaviy retseptimiz bu. Sanadim, 40 banka yopibman. Bodring, pomidor va qalampir”, - deydi kiyevlik Daryna Chornomorets.

Uning aytishicha, bu yilgi qishga tayyorgarlik puxta. 2022-yil qishida Rossiya kuchlarining energetika infratuzilmasiga hujum qilib, ikki kun davomida elektr energiyasi bo’lmagan.

“Besh kilometrgacha yayov yurdik, telefon signal ushlashi uchun, onam bilan bog‘lanish, hamma narsa joyida ekanini bilish uchun. Qiyin bo’ldi, suv yo’q, issiqlik yo’q, butkul izolyatsiya”, - deydi ayol.

Kvartirada elektr plitadan foydalanishadi, har ehtimolga gazli plita ham bor. Elektr energiyasi yo’q paytida asqatadi.

“Suv bilan jo'xori bo’tqa tayyorlashim mumkin, konservalangan bodringlarimni ochaman, ovqat pishirish uchun hojat yo’q”, - deydi u.

Er-xotin allaqachon ichimlik suvini g’amlab qo’ygan. Gaz ballonlari, akkumulyatorli lampalar sotib olishgan.

Kiyevdagi qahvaxona egasi Yevgeniy Primachok ham favqulodda vaziyatlar uchun allaqachon tayyorgarlik ko’rgan. U o‘z biznesini 2022-yilning sentabrida ochdi. Ko’p o’tmay rus kuchlari Ukraina elektr tarmoqlarini nishonga ola boshladi. Generator Primachokka ancha asqatdi.

“Elektr ta’minotida uzilishlar boshlanganida, hamma dovdirab qoldi. Internet yo’q, chiroq yo’q, issiqlik ta’minoti yo’q”, - deydi biznes egasi.

Xayriyatki generator topa oldi. Generatorga ehtiyoj katta edi. Elektr bo’lgani uchun qahvaxonasiga keluvchilar qadami uzilmadi. Odamlar isinish, ishlash uchun kelishdi.

“Joyimiz odamga to’ldi. Koridorda, zinapoyada o'tirishdi. Bir vaqtning o'zida 50 tagacha ham odam keldi”, - deydi u.

Primachok bu yil tayyorgarlikni yanada puxta qilmoqda.

“Generatorni tozaladik, moyni almashtirdik, yonilg‘i sotib oldik. Elektrchilarimiz ulanishda muammo bo’lmasligini aytmoqda”.

“YouControl” deb atalmish IT kompaniyasi ham qishni o’ylab, ish tutmoqda. O’tgan yilgi uzilishlardan so’ng kompaniya favqulodda vaziyatlarda katta biznes markazlarda ishlash qiyin ekanini tushundi. Ham yashab, ham ishlash uchun xodimlarga ijaraga alohida uy oldi.

“Bombadan boshpana vazifasini o’taydi. Mustaqil bo’ldik. Keragicha generator o’rnata olamiz, uzoq muzokaralarsiz”, - deydi kompaniya rahbari Irina Zamuruyeva.

Bu yil jamoa qo’shimcha generator sotib oldi. Suv, o’tin g’amlab qo’ygan.

“Gazli kotyollarimiz bor, uzoq vaqtgacha issiq saqlaydi, elektr toki o'chib qolgudek bo’lsa. Kamin ham ishlatishimiz mumkin”, - deydi biznes egasi.

Urush davom etar ekan, Ukrainada navbatdagi xavfli qishga tayyorgarlik avjida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG