AQSh Vakillar palatasi spikersiz qolgan bir paytda Oq uy Ukrainaga yordamni davom ettirish ustida o’ylanmoqda. Prezident Jo Bayden ushbu masalani Milliy xavfsizlik kengashi a’zolari bilan muhokama qildi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning payshanba kuni Ispaniyadagi yig’inda aytishicha, agar uning mamlakatiga yordam to’xtasa, Rossiya Boltiq bo’yi davlatlariga ham hujum qilishi mumkin. Shunday bo’lgan taqdirda, deydi ayrim kuzatuvchilar, Qo’shma Shtatlar NATOdagi hamkorlariga yordam berishga majbur bo’ladi, bu esa 3-jahon urushiga olib kelishi muqarrar.
Shu bilan birga AQShda urushdan charchoq kuzatilmoqda. Ba’zi amerikaliklar mamlakatda shuncha muammo turib, Oq uy milliardlab dollarni nega okean ortidagi davlatga sarflayotganiga hayron.
AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo’mondonligini boshqargan iste’fodagi general Frenk Makkenzi urush uzoq davom etishini bashorat qiladi.
“Urush kamida yana bir yilga cho’zilishiga tayyor turishimiz kerak. Kelasi safar Ukraina qarshi hujum boshlaganida hozirgidan ancha yaxshiroq tayyorlangan bo’lishadi”, - deydi u.
Pentagon Ukrainaga 5,4 milliard dollarlik qo’shimcha yordam berishi mumkinligi aytilmoqda. Bu o’q-dori va qurolni AQSh Mudofaa vazirligi zaxiralaridan olishga imkon beradi. Zaxiralarni to’ldirishga esa Pentagonda 1,6 milliard dollar qolgan. Ukrainaning uzoq muddatli xavfsizlik ehtiyojlarini qoplash uchun tashkil etilgan jamg’armada esa pul umuman qolmagan.
“Yana bir qancha vaqtga yetadigan pul bor. Mudofaa vaziri Ostin jang maydonida muvaffaqiyat qozonish uchun Ukraina, ittifoqchilarimiz va hamkorlarimizga nima kerakligini doim surishtirib turadi”, - deydi Pentagon so’zlovchisi Pet Rayder.
Kelasi chorshanba kuni Bryusselda Ukrainaga yordam berayotgan mamlakatlar mudofaa vazirlarining yana bir majlisi o’tkaziladi.
Bir kunda bir necha ming dona snaryad sarflayotgan Ukraina hamkor davlatlarni o’q-dori ta’minotini susaytirmaslikka chaqirarkan, NATO ham Yevropaning o’q-dori zaxiralari siyraklashayotgani haqida ogohlantirmoqda.
“Yevropada o’q-dori omborlari yarimlab qolgan. Mudofaa sanoati ishlab chiqarishni kuchaytirishi kerak. Miqdorni oshirish zarur”, - dedi NATO harbiy qo’mitasining raisi admiral Rob Bauer.
Tahlilchi Simona Soare G’arbdagi rahbarlar kelishib, o’q-dori omborlarini bir paytda to’ldirishi va Ukrainaga yuborishi kerakligini aytadi.
“Bu bir martalik emas, balki davomiy, uzoq muddatli aksiya bo’lishi kerak. Milliardlab dollar sarmoya qilish lozim”, - deydi Lankaster universitetining eksperti.
AQSh Ukrainaga 46 milliard dollarga teng harbiy ko’mak bergan. Bu Amerika harbiy byudjetining salkam 5 foiziga teng. Yevropa Ittifoqining ulushi esa taxminan 27 milliard dollar atrofida. Britaniya ham chetda qarab turmadi – 7 milliard dollar sarfladi.
Simona Soare omborlar bir kunda to’lib qolmaydi, deydi.
“Ukrainadagi yuqori intensiv urush uchun harbiy texnika ishlab chiqarish liniyasini tashkil etishga 2 yildan 4 yilgacha vaqt ketadi. O’q-dori ishlab chiqarishga ham shuncha vaqt kerak. Gap yuzlab, balki minglab ish kuchi, mutaxassislar haqida ketmoqda”, - deydi u.
2024-yilda Rossiya mudofaa uchun xarajatlarni salkam 70 foizga oshirib, 111 milliard dollarga yetkazishi kutilmoqda. Rossiya mudofaa korxonalari uch smenada ishlayotgani aytiladi.