Breaking News

AQSh Ukrainaga yordam to’xtamaydi deya va’da bermoqda


AQSh Kongressi 45 kunga mo’ljallangan qisqa muddatli byudjetdan Ukraina uchun 24 milliard dollarlik yordamni olib tashlagani bilan Oq uy bu mamlakatni qo’llab-quvvatlashda davom etishini bildirdi.

Xalqaro hayot - 3-oktabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:40 0:00

Prezident Jo Bayden har ikki partiya qonunchilariga murojaat qilib, Ukrainaga yordamni alohida qonun orqali tasdiqlashga chaqirdi.

“Respublikachilar partiyasidagi do’stlarim Ukrainaga yordam berishi haqidagi va’dasida turadi degan umiddaman. Amerikaning Ukrainaga yordamining to’xtab qolishiga aslo yo’l qo’ymasligimiz kerak”, - dedi Bayden.

Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyerning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ichki bosim va Slovakiyada Ukrainaga bir dona ham o’q bermaslikka ahd qilgan yangi rahbarning saylanishiga qaramay, Bayden ma’muriyati Ukrainadan yuz o’girmaydi.

“Prezidentimizning yo’lboshchiligi tufayli NATO alyansi har qachongidan kuchlidir. Ammo Vakillar palatasidagi respublikachilarning ishini yoqlab bo’lmaydi”, - dedi u.

Kiyevda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan majlis qilgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy birlikka urg’u berdi.

“G’alabamiz hamkorligimizga bog’liq. Qadamlarimiz qanchalik kuchli va prinsipial bo’lsa, urush shunchalik tez tugaydi. Hududiy yaxlitligimiz tiklanadi, butun Yevropada davomiy tinchlik o’rnatiladi”, - dedi Zelenskiy.

Oq uy so’zlovchisi Kremlning G’arb davlatlarining toliqishi haqidagi gaplarini tanqidga oldi.

“Agar Putin bizdan ko’proq yashashini o’ylayotgan bo’lsa, xato qiladi. Tez orada Ukrainaga yana bitta yordam paketini jo’natib, Ukrainaning dovyurak xalqi uchun ko’magimiz davom etishini namoyish qilamiz”, - dedi Jan-Pyer.

Biroq harbiy mutaxassislar Ukrainaning qarshi hujumi kutilganidan ancha sekin kechayotganini tan oladi.

“Natijalar qoniqarli emas. Ko’p odamlar “urush qanday tugaydi, Ukraina g’alabani qanday tasavvur qilmoqda” degan savollar bermoqda. Prezident Zelenskiy kelasi 1-2 oy ichida mana shu savollarga javob berishi kerak bo’ladi, agar tarafdorlaridan yordam olishda davom etishni istasa”, - deydi Vashingtondan Mark Kansian.

Kiyevdagi yig’inda Yevropa vazirlari Ukrainaga kelasi yil uchun 5 milliard yevro ajratish yuzasidan kelisha olmadi. Majlisda Vengriya, Polsha, Shvetsiya va Latviya vazirlari ko’rinmadi. Vengriya urush boshidan beri Ukrainaga harbiy ko’mak berilishiga qarshi. Varshavaning esa so’nggi paytlarda Kiyev bilan aloqalari sovuqlashgan. O’tgan hafta Polsha Ukrainaga ortiq harbiy yordam yubormasligini bildirdi.

Meksika Prezidenti Andres Manuel Lopes Obrador qo’shni Amerika hukumatining Ukraina urushiga aralashayotganini tanqid qilib, pulni Ukrainaga emas, Lotin Amerikasidagi davlatlarga yordam uchun sarflashga chaqirdi.

Obrador tinchlik muzokaralarini boshlashga da’vat etmoqda.

Lotin Amerikasidagi aksariyat mamlakatlar AQShning Ukrainaga harbiy yordamidan norozi. Xususan Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishida Ukrainadagi vaziyatni Falastinning Isroil tomonidan istilo qilinganiga qiyoslab, qudratli davlatlar Ukrainaga jiddiy yordam berayotganiga, Falastin masalasi bilan esa ishlari yo’qligiga, Isroil bilan aloqani buzishni istashmayotganiga ishora qilgan.

AQSh va Yevropadan tinimsiz yordam olayotgan Ukraina boy berilgan hududlaridan, Rossiya esa qozonilgan yangi viloyatlaridan voz kechishni istamas ekan, urush taraflardan birida askar, pul yoki qurol tugaguncha davom etishi aytilmoqda.


Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu mamlakatda yangi harbiy safarbarlikka ehtiyoj yo’qligini aytmoqda. U yil boshidan beri 335 ming odam harbiy xizmatga kirganini ma’lum qildi.

Britaniyaning “Reyter” axborot agentligi Rossiya qurolli kuchlari safida kubaliklar xizmat qilayotganiga e’tibor qaratadi.

Ulardan biri Enrike Gonsales bo’lib, uning Gavanada qolgan rafiqasiga ko’ra, Rossiya yollanma jangarilarga yaxshi pul to’lamoqda.

"Erim xizmatga kirishi bilan unga 2000 dollar pul berishdi. Muhtojlik urushda qatnashishga majbur qilyapti, aks holda erkaklar urushga bormagan bo’lardi”, - deydi ayol.

Aytish joiz, Kubada o’rtacha oylik 17 dollar atrofida, aholining salkam choragi ishsiz.

Yollanma yangarilarni nafaqat Rossiya armiyasida, balki Ukraina qurolli kuchlari safida ham ko’rish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG