BMTning mustaqil tahlilnomasiga ko'ra, Tolibon Afg'onistonning yangi hukumat sifatida tan olinishi uchun xotin-qizlarni ezishda darhol to'xtashi va ularga yengil nafas olishi uchun sharoit yaratishi kerak. Davlatning xalqaro majburiyatlari, imzo chekkan xalqaro qonunlar shuni talab qiladi, deyiladi bu hisobotda.
"Afg'oniston global tizim va institutlarga qayta kirishi uchun boshqaruvda ayollar ham bo'lishi va ular jamiyatda va siyosatda faol qatnashishi shart".
"Amerika Ovozi" tanishib chiqqan, hali keng jamoatchilikka taqdim etilmagan hujjatda shunday satrlar bor.
Joriy yilning mart oyida BMT Bosh kotini Antoniu Guterrish shunday bu masalani chuqur o'rganib chiqishni buyurgan va ishni 17-noyabrgacha yakunlash ko'zlangan edi.
Buni ham ko'ring Minglab afg'onlar AQShdan boshpana so'ramoqdaTurkiyaning sobiq rasmiysi Feridun Sinirlio'g'li bu missiyaning koordinatori etib tayinlangan.
Sinirlio'g'li Afg'onistonga safar qilib, Tolibon rahbarlari bilan gaplashgan, shuningdek, xorijdagi afg'on doiralar bilan muloqot qilgan hamda xalqaro hamjamiyat vakillarining, jumladan turli hukumat va tashkilotlarning pozitsiyalarini tinglagan.
Afg'onistonda xotin-qizlarning ko'rinmas kimsalarga aylangani, o'qishi va ishlashi cheklangani, biror bir sohada ularga bemalol harakat qilishi uchun yo'l berilmayotgani dunyo ahlini va afg'onlarning o'zini ham bezovta va norozi qilayotgan eng yirik masala.
Hozirgi tartibga binoan qizlar 6-sinfgacha bilim olishi mumkin. Ayollar hatto gumanitar tashkilotlarda ham mehnat qila olmaydi.
"Tolibon bu cheklovlarni islomiy me'yor va talab deb biladi, ammo boshqa islomiy tuzumlarda va musulmon davlatlarida xotin-qizlarning huquqlari bu qadar toptalmaydi", - deyiladi hisobotda.
Tolibon olib borayotgan siyosat va uning targ'iboti BMT nizomi va xalqaro qonunlarga mutlaq zid, deya baholaydi missiya, shuningdek, Afg'oniston siyosiy va iqtisodiy barqarorligiga tahdiddir.
BMT tavsiyasi shuki, 45 yildan beqarorlik ummonida yashayotgan afg'onlar orasida milliy muloqotni yo'lga qo'yish kerak. Maqsad - plyural, teng huquqlilikka asoslangan boshqaruvni shakllantirish.
Buni ham ko'ring Kobulda Tolibon-O'zbekiston muloqoti: tranzit shartlari, millionlab dollarlik yangi kelishuvlarTolibon bu yo'lda borsa, Afg'onistonning chetda muzlatilgan mulklari va hisoblardagi mablag'ni qaytarish mumkin bo'ladi, qolaversa sanksiyalar bekor qilinshi kerak.
Qoradori yetishtirish va uning savdosi kamaygani, BMT nazarida, ulkan yutuq, ammo terrorizmga qarshi choralar zaif, mintaqaviy xavfsizlikka raxna soluvchi omillar o'sha-o'sha, deyiladi hisobotda.
Hujjatda qayd etilishicha, Afg'oniston hamon terroristlar makoni va Tolibon ayrim terror guruhlari bilan aloqada.
"Tahrik-i-Tolibon Pokiston" harakati qonli xurujlarda ayblanadi. Islomobod Tolibonni uni quvvatlayotganlikda gumon qiladi. Toliblar buni inkor etadi.
Pokiston hukumati ta'kidlashicha, Tolibon Afg'onistonda hokimiyatga kelganidan beri, ya'ni o'tgan ikki yil ichida "Tahrik-i-Tolibon Pokiston" bu davlatning 2300 fuqarosini, jumladan xavfsizlik xodimlarini o'ldirgan.
Kobul BMT hisobotiga hozircha munosabat bildirmagan, ammo odatda Tolibon o'zini turli elat vakillaridan tashkil topgan islomiy amirlik deb ta'riflaydi. Siyosatda ayollarga o'rin yo'q, deydi ular, bu ishlar erkaklar zimmasida.
Sinirlio'g'li deydiki, Afg'oniston ravnaqi uchun hamma hissa qo'shishi lozim, bu xalq madadga muhtoj. Uning bugungi taqdiri va Tolibon yuzasidanx xalqaro hamjamiyat yakdil, deydi BMT rasmiysi, Kobuldagi rahbarlar jiddiy qarorlar qabul qilishi kerak.