YXHT media vakili O'zbekiston axborot vositalarini gender-sezgir bo'lishga undadi

  • Amerika Ovozi

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Media erkinlik bo'yicha vakili Tereza Ribeyro Toshkentda Prezident Mirziyoyevning qizi Saida Mirziyoyevadan sovg'a olmoqda, 16-noyabr, 2023

O'zbekiston mustaqil davlat sifatida qariyb 30 yildan beri YXHT a'zosi. Respublika bu tashkilotning mabuot va so'z erkinligi bo'yicha talab va majburiyatlarini bajarishi kerak.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining (YXHT) Media erkinlik bo'yicha vakili Tereza Ribeyro o'tgan hafta Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyeva va boshqalar bilan muloqot qilib, respublika axborot makonidagi vaziyatni muhokama qildi.

Mehmonlarni O'zbekistonni targ'ib qiluvchi suvenirlar bilan siylaydigan Mirziyoyeva Rebeyroga ham ulardan birini taqdim etgan. Bu voqeani aks ettiruvchi tasvirlarni odatdagidek prezident yordamchisining o'zi tarqatdi.

Rebeyro, shuningdek, 15-17 noyabr kunlari Toshkentda Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari G'ayrat Fozilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining a'zolari va Axborot va Ommaviy Kommunikatsiyalar Agentligi direktori Asadjon Xo'jayev bilan ham gaplashgan.

Muhokamadagi asosiy masalalar, YXHT bildirishicha, matbuot erkinligi bilan bog'liq muammolar, jumladan hozirda yozilayotgan Axborot kodeksi hamda ayol jurnalistlarning xavfsizligi va gender tengsizlik bilan bog'liq mavzular bo'lgan.

Axborot kodeksti xalqaro me'yorlarga binoan bitilishi uchun YXHT vakili yordam taklif qilgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Media erkinlik bo'yicha vakili Tereza Ribeyro Toshkentda Prezident Mirziyoyevning qizi Saida Mirziyoyeva bilan suhbatda, 16-noyabr, 2023

“Konstruktiv dialogni davom ettirib, O'zbekiston hukumati bilan media erkinlikka erishishdek mushtarak maqsad yo'lida ishlayveramiz, degan umiddamiz, chunonchi tinchlik va xavfsizlik bunday erkinlikni talab qiladi", - degan Rebeyro.

17-noyabr kuni Rebeyro gender-sezgir jurnalistikani targ'ib qiluvchi tadbirda so'zlagan. Unda O'zbekistonning qator mutasaddilari va YXHTning boshqa diplomatlari ham qatnashgan.

Plyural, ya'ni jamiyatdagi hammaning manfaatlarini hisobga oluvchi media muhit yaratish lozim, deya undagan Rebeyro.

Uning ta'kidlashicha, matbuot xalqning fikr-qarashlari va uning hayoti bilan bog'liq muhim detallatni xolis va tolerantlik bilan yoritganidagina mamlakat ravnaq topadi.

YXHT rasmiysi Toshkentdagi uchrashuvlarida tashkilotning ayol jurnalistlarni onlayn tahdidlardan himoya qilish uchun ishlab chiqqan dasturini tanishtirgan.

O'zbekiston mustaqil davlat sifatida qariyb 30 yildan beri YXHT a'zosi. Shunday ekan, respublika bu tashkilotning mabuot va so'z erkinligi bo'yicha talab va majburiyatlarini ham bajarishi kerak.