Din

Rossiya bosqini Ukrainada e'tiqod erkinligiga ham raxna solmoqda

Your browser doesn’t support HTML5

Ukrainada diniy huquqlar cheklanmoqdami?

Ukraina urushi mamlakatdagi diniy vaziyatni ham keskinlashtirdi. Ziddiyat mamlakatdagi boshqa dinlarga nisbatan emas, aksariyat xristianlardan iborat ukrainlar o’rtasida kechmoqda.

Muammoning sababi e´tiqod yoki diniy qadriyatlarga emas, siyosat va urushga borib taqaladi.

Ukraina xristianlari sistematik jihatdan ikkiga bo`lingan - Moskva va Kiyev patriarxatini oliy idora sifatida tan oluvchi cherkovlarga.

Urushgacha Moskva patriarxatini tan oluvchi Ukraina pravoslav cherkovi nufuzi ancha kuchli edi. Ammo Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Ukraina pravoslav cherkovi ruhoniylari Moskva foydasiga ayg´oqchilik qilayotganiga doir da’volar yuzaga chiqdi.

Ukraina xavfsizlik xizmati bu cherkovlarda tintuvlar boshladi, o’nlab ruhoniylar Rossiya foydasiga xizmat qilishda ayblanib qamoqqa olingan.

Kiyevdagi cherkovda Rossiya bilan ursuhda o'lgan askarning dafn marosimi, 29-avgust, 2023

Moskva Ukrainada xristianlarning diniy huquqlari toptalayotgani haqida bong urmoqda.

Kiyev bu da´volarni keskin rad etgan. Mutasaddilar tintuvlar ruhoniylikka, diniy e’tiqodga emas, davlat xavfsizligiga qilingan tahdidga asoslanganini, Moskva patriarxatini tan olgan cherkovlar Rossiya propagandasini yoyish bilan shug´ullanib kelishganini ta’kidlamoqda. Hozirgacha bu ayblovlar asosida 70 ga yaqin jinoiy ish ochilgan.

Ukrainada diniy huquqlari kamsitilayotganiga doir da´volar xalqaro hamjamiyatda ham yangray boshladi.

Bu mavzu hatto AQShda kutilayotgan prezidentlik saylovlariga doir debatlarni ham chetlab o´tgani yo´q. Respublikachi nomzodlardan biri Vivek Ramsvami Ukraina AQShdan olgan yordami evaziga cherkovlarini taqiqlayotganini da’vo qildi.

Respublikachilar orasida bunday da’volarni yoqlovchi boshqa siyosatchilar ham borligi Ukrainaga yordam masalasi muhokamasida diniy taranglik e’tibordan chetda qolmasligidan ham darak beradi.

Kiyev-Pechersk Lavra - sharqiy pravoslav nasroniylarining eng mashhur ibodatxonalaridan biri

Gap shundaki, ayni paytda Ukraina parlamenti ta’sir doirasi xorijda, Ukrainaga nisbatan tajovuz qilayotgan davlatda bo’lgan diniy tashkilotlarni taqiqlashga doir qonun loyihasini birinchi o´qishda maqullagan. Bu loyiha tasdiqdan o´tgan taqdirda, Moskva patriarxatini tan oluvchi cherkovlarni yopishga qonuniy asos yaratiladi.

Ammo bu qonuning tanqidchilari bor, jumladan AQShda Ukraina pravoslav xristianlari manfaatini himoya qilayotgan advokatlarning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, xalqaro me’yorlarga zid bu qonun loyihasi bekor qilinishi kerak.

Dunyodagi pravoslavlarning asosiy ustuni qadimdan Rossiya bo’lib kelgan. Diniy amallar, xutbalar asosan Moskva patriarxati ruxsati bilan amalga oshirilgan. Xristianlar mutlaq ko’pchilik bo´lgan Ukraina ham bundan mustasno emas edi. Ukrainadagi aksariyat xristianlar uchun Moskva patriarxati oliy idora sifatida qabul qilingan.

Rossiya bosqiniga qadar ukrainlar uchun qaysi cherkovda ibodat qilishning ahamiyati unchalik muhim bo’lmagandir, ammo urush boshlanishi ortidan Ukraina pravoslav cherkovi tarkibidan Kiyev patriarxatiga qarashli pravoslav cherkoviga o´tayotgan diniy jamoalar soni keskin oshgani qayd qilinadi.