Tolibon bilan diplomatik aloqa tan olinishga yetaklaydimi?

Xitoyning Afg'onistondagi yangi elchisi Jao Sheng Tolibon Bosh vaziri Muhammad Hasan Oxund va boshqa rasmiylar bilan ko'rishmoqda, Kobul, 13-sentabr, 2023

Xitoyning Afg'onistonga yaqinda yangi elchi yuborgani o'ziga xos paradoks va pragmatik qadam deya qaralmoqda, chunki Pekin xalqaro hamjamiyatning boshqa a'zolari singari hali Tolibonni bu davlatning yangi hukumati sifatida tan olmagan.

Tolibon elchisi Asadulla Bilol Karimiy ham Pekinda iliq kutib olinib, undan ishonch yorlig'i qabul qilingan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, dunyo Afg'onistonni yakkalab qo'ymasligi, unutilmasligi kerak.

Biroq shartlar ma'lum, deya eslatadi Pekin, Tolibon inklyuziv hukumat tuzishi, mo'tadil siyosat olib borishi va terrorizmga qarshi keskin choralar ko'rishi zarur.

"Shartlar bajarilsa, Afg'onistonda yangi boshqaruv tan olinadi', - deya bildiradi vazirlik.

Buni ham ko'ring Hisobot: Tolibon hukmi ostida o'g'il bolalar ta'limi ham zarar ko'rmoqda

Vashingtondagi Brukings ilmiy institutidan Vanda Felbab-Braun nazarida Xitoy ayni damda nima qila olsa, shu bilan band.

Tolibon Afg'onistonni 2021-yilning avgustidan beri boshqarmoqda. Biror davlat uni tan olmasa-da, diplomatiya joyida: qator mamlakatlarning, jumladan Markaziy Osiyo respublikalarining Kobuldagi elchixonalari ishlamoqda, elchilar faoliyatini davom ettirmoqda.

Ayrim davlatlar Tolibonning ham diplomatlariga eshiklarini ochmoqda.

Sentabr oyida Xitoy yangi elchi yubordi. Bu bilan u Tolibon davrida Kobuldagi bosh diplomatini yangilagan ilk davlat bo'ldi.

Shuningdek, Xitoy ham Tolibonning elchisini qabul qilib, bu borada ham birinchi bo'ldi.

“Xitoy xalqaro hamjamiyatdan ildamlab ketmoqchi emas, ya'ni tan olish niyatida emas, hozirgi sharoitda. BMT ham ayollar ahvoli yaxshilanmasa, Tolibon joy bermoqchi emas", - deydi Felbab-Braun.

BMT o'tgan oy Afg'onistonda xotin-qizlar ahvoli haqida yangi hisobot chiqarib, Tolibonga bu davlatning xalqaro majburiyatlarini eslatdi, jumladan ayollar huquqlari hamda iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy erkinliklar xususidagi konvensiya va boshqa hujjatlarni.

Felbab-Braun deydiki, Xitoy Tolibonga shartlarni bajarishi uchun bosim o'tkaza oladi, agar xohlasa, ammo bunga harakat qilmayapti.

Pekin "uyg'ur terroristlar Afg'onistonda yashiringan", deb keladi. Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati, deydi Xitoy rasmiylari, davlat xavfsizligiga raxna soladi. Ularning aytishicha, harakat a'zolari Pokiston ham hamon faol.

AQSh bu guruhni 20o2-yilda terrorist deb e'lon qilgan, 2020-yilga kelib esa bu ro'yxatdan uni olib tashlagan.

Buni ham ko'ring BMT: Ayollarni ezayotgan Tolibon tan olinmaydi

Xitoy hukumatining qayd etishicha, Tolibon unga bu harakatni "yanchishni va'da qilgan".

Felbab-Braun fikricha, Pekin uchun eng muhimi shu. “Uyg'ur jangarilarga nisbatan qattiq choralar ko'rilishi uchun kafolatlar olgani aniq", - deydi tahlilchi.

Yana bir amerikalik ekspert, Bill Rojjio deydiki, Tolibon Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati bilan aloqani uzmagan.

Pekin bu guruh unga xuruj qilmasligini ta'minlashni talab qilgan, deya mulohaza yuritadi Rojjio. Uning fikricha ham ikki tomonda ham yangi elchilar ish boshlagani mana shu boradagi kelishuvlarga bog'liq.

Rojjio deydiki, Xitoy Afg'onistonda biznes imkoniyatlar ko'radi, xususan konchilik va savdo.

Pekin va Kobul orasidagi rishtalar sizdan ugina, bizdan bugina qabilida kechmoqda, deydi tahlilchi.

Afg'onistonning sobiq diplomati Shinkay Karoxil taxminicha, Rossiya ham elchisini yangilashi va Tolibon elchisini qabul qilishi mumkin.

Pokiston va Hindiston ham Pekindan orqada qolishni istamaydi, deydi Karoxil.

Hind ekspert Ashok Sveyn deydiki, Dehli bu borada allaqachon o'ylanmoqda.

Hindistonning Kobuldagi elchixonasi Tolibon hokimiyatga kelganida faoliyatiga tanaffus bermagan. Afg'onistonning Dehlidagi elchixonasi ham yaqin orada Tolibon tomonidan qayta ochilishi mumkin.