AQShda 1974-yilda qabul qilingan savdo qonuni, Kongressning o'sha paytdagi demokrat a'zolari - senator Genri Jekson va kongressmen Charlz Vanik nomi qo'yilgan hujjat erkin bozor iqtisodiyotiga asoslanmagan davlatlar bilan tijoratni cheklaydi. Unga ko'ra, agar hamkorlik qilishni xohlagan tomon huquqbuzar bo'lsa, jumladan iqtisodiy va shaxsiy erkinlikni toptasa, AQSh u bilan biznes qilmasligi kerak.
Kongress aslida bu qonunni kommunist SSSRni jazolash uchun ishlab chiqqan, bu tuzumni xususan yahudiylarni kamsitganlikda ayblab, unga qarshi qo'llagan.
SSSR 1991-yilda parchalangach, uning o'rnida paydo bo'lgan mustaqil davlatlar bu qonun ta'siri ostida qoldi. Cheklovlar ularga nisbatan tatbiq etilmasligi uchun masala individual ko'rib chiqilishi va prezident tasdig'i olinishi lozim.
Jahon savdo tashkilotiga kirmoqchi bo'lgan davlat odatda Amerika bilan bu jihatdan ham kelishib olishi zarur, aks holda Vashington uning bu organga kirishiga rozilik bermasligi mumkin.
Xushxabar shuki, deydi ekspertlar, 1974-yilda bu hujjat qamragan davlatlarning aksariyati hozir bu qora ro'yxatda yo'q.
Biroq Ozarbayjon, Qozog'iston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston hamon Jekson-Vanik qonuni amal qilishi shart bo'lgan mamlakatlar orasida. Ular bilan savdoga istisno tarzida vaqtincha ruxsat berilgan.
Buni ham ko'ring 2023: O'zbekistonning eng salmoqli yutug'i?Belarus, Kuba va Shimoliy Koreya esa mutlaq taqiq ostida.
O'zbekiston va Qozog'iston anchadan beri Kongressdan Jekson-Vanikni ularga nisbatan olib tashlashni so'rab keladi. Har ikkisi o'zaro tijorat bir necha karra oshgani, eksport-import miqdori o'sib, biznes va investitsiya ko'lami kengayganidan mamnun.
Elchilar, delegatsiyalar va lobbistlar masalani bot-bot ko'taradi. Vakillar palatasining bir necha a'zolari, demokratlar va respublikachilar, o'zgarish qilish davri keldi, Markaziy Osiyoning bu qismlari ham AQShning doimiy normal savdo hamkori hisoblanishi kerak, deya bong urib keladi.
Ostona va Toshkent rasmiylariga ko'ra, ularning respublikalaridan emigratsiya qilish hozir erkinlashgan, ya'ni erkinlikda yurgan fuqaro chetga ketmoqchi bo'lsa, biror to'siq yo'q. Pasport olish osonlashgan, oldingidek maxsus ruxsatnomalar talab qilinmaydi.
Qozog'iston va O'zbekiston hukumatlari biznes imkoniyatlarini targ'ib qilar ekan, AQSh bilan serqirra sheriklikni yo'lga qo'yish uchun muzokaraga shay ekanini, shu kungacha qilingan ishlar samara berganini ta'kidlaydi. Ya'ni, bu respublikalarning rahbariyatlari nazarida ularning davlatlarini Jekson-Vanikdan mutlaq chiqarish vaqti allaqachon kelgan. Savdoni vaqtincha ruxsat ostidagina shakllantirish ular uchun mantiqsiz va asossiz.
1991-yildan beri Albaniya, Armaniston, Bolgariya, Xitoy, Chexiya, Gruziya, Vengriya, Qirg'iziston, Moldova, Mongoliya, Ruminiya, Rossiya, Ukraina va Vyetnam doimiy savdo sherigi degan maqomga erishgan.
Jekson-Vanik aslida Estoniya, Latviya va Litvada SSSR paytida ham joriy etilmagan edi, chunki AQSh ularni rasman ittifoqning bir qismi deb tan olmas edi va bu davlatlardagi anti-Sovet harakatlarni quvvatlar edi.
2022-yilda Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, u yana qora ro'yxatda va sanksiyalar ostida. Belarusga ham jazo choralari qo'llanadi.
Ozarbayjon, Qozog'iston, Tojikiston va O'zbekiston bilan savdo rishtalari har yili qayta ko'rib chiqiladi va yuqorida qayd etilganidek, muayyan muddat uchun yo'l beriladi.
Buni ham ko'ring Markaziy Osiyo suv-energetika yuzasidan kelishib, tizimlarni yangilashi zarurTojikiston va Qozog'iston Jahon savdo tashkilotiga 2013-yilda kirgan. O'zbekiston harakatni 1995-yilda boshlagan, ammo jarayonlar hozirgacha cho'zilgan. Vashington Toshkentni bu borada olqishlaydi, ko'mak taklif qilgan, ammo o'zi bilan bandma-band til topishishi kerak.
Ozarbayjon 1997-yilda bu tashkilotga kirishga bel bog'laganini e'lon qilgan, hali ham a'zo emas. Turkmaniston ham astalik bilan shu pallani boshlamoqda.
Mutaxassislar deydiki, Jahon savdo tashkilotiga a'zolik mamlakat uchun AQShdek murakkab va qonunlarga boy tizim bilan ishlashni yengillashtirishi kerak, lekin da'vogar tomon keskin chig'iriqlardan o'ta olishi lozim.
2022-yilgi ko'rsatkichlarga ko'ra, Qozog'iston Markaziy Osiyoda AQSh bilan eng yirik biznes hamkor. Ikkinchi o'rinda O'zbekiston. Har ikkisi uchun imtiyozlar berish muhokamada. Ayrim imtiyozlar 2020-yilda bekor qilingan.
Qozog'istonga AQSh o'tgan yili 1 milliard dollardan oshiq bahodagi mol va xizmatlarni eksport qilgan, respublikadan import esa 2 milliard 705 million dollarni tashkil etgan.
AQShning O'zbekistondan eksporti o'tgan yili 273 million dollar, unga importi esa 57 million dollarga teng bo'lgan.
AQSh Iqtisodiy analiz byurosi qayd etishicha, Qozog'istonda Amerika 44 milliard, Tojikistonda 122 million, O'zbekistonda esa 40 million to'g'ridan-to'g'ri investitsiyaga ega.
Bayden ma'muriyati Kongressga tushuntirushicha, bu davlatlarni Jekson-Vanikdan chiqarish ular bilan savdo aloqalarini jadallashtirib, biznes orqali ularni demokratik tamoyillarga o'rgatish, ularni kapitalistik dunyoning mustahkam qismiga aylantirish kabi muhim jarayonlarga hissa qo'shish imkonini beradi. AQSh xususiy sektori uchun yangi bozorlar ochadi, deydi rasmiylar.
Jekson-Vanik bu respublikalarga nisbatan bekor qilinmasin deya undayotgan tomonlar asosan inson huquqlari tashkilotlari bo'lib, ular tahlilicha, Tojikiston, O'zbekiston va Qozog'iston qonun ustuvorligini ta'minlashda eng orqada bo'lgan tuzumlar qatorida.
Huquq muntazam va qo'pol tarzda buziladigan davlatlarga nisbatan chora ko'rilishi kerak, ular bilan hamkorlikni cheklamasa, AQSh ham zulmga sherik, deya ogohlantiradi huquq himoyachilari.
Kongress a'zolari vaziyatga befarq emasligini aytib, har bir qaror barcha manfaatlarni inobatga olgan holda qabul qilinadi, deydi.