Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi tashkilotlar va shaffoflik tarafdorlari AQShda kuchga kirgan yangi qonunni olqishlab, uning amaliyotiga oshiqmoqda.
Unga binoan AQSh xorijiy hukumatlarning vakillarini mamlakat bizneslaridan va boshqa taraflardan pora olganlikda ayblab, sudga tortishi mumkin.
Deyarli 50 yil oldin qabul qilingan qonunga qo'shimcha bu yangi hujjat anchadan beri muhokamada edi. Prezident Jo Bayden unga o'tgan oy imzo chekdi.
Tizim amerikaliklarning chet elda pora berib, siyosiy maqsadlarni olg'a surishiga toqat qilmaydi, ya'ni vatanda ham, chet elda ham korrupsiya bilan shug'ullana olmaysiz.
Yillar davomida ko'plab kompaniyalar jazolangan, biroq choralar cheklangan edi.
Endilikda Amerika har ikki tomonga qarshi ish ocha oladi va ularni javobgarlikka tutadi - pora olganni va pora berganni.
Buni ham ko'ring AQSh hukumati xorijiy lobbichilar ustidan nazoratni kuchaytirmoqchiAQShda biror chet el rasmiysi pora olsa, hatto bu ish xorijda amalga oshirilsa ham, 250 ming dollargacha jarima yoki poraning uch baravarini to'lash bilan jazolanishi mumkin, shuningdek, 15 yilgacha qamoqqa hukm qilinishi mumkin. Vashington ayblanuvchilarni ekstraditsiya qilishni ham so'rashi mumkin.
Gumon qilinayotgan shaxs qochsa, uning mulklari muzlatiladi, Amerika bilan hamkor davlatlarda qamoqqa olinishi mumkin.
"Bu qonun pora so'raydigan va pora oladigan xorijiy vakillarning ketidan tushish imkoniyatini beradi. Biz endi chet elda ham oshkoralik va adolat uchun kurashamiz", - deydi Skott Greytak, "Transparency International" eksperti.
Bu nohukumat tashkilot 120 davlatda ishlaydi. Yangi qonunga munosabat ijobiy, deydi Greytak.
Ko'plab mamlakatlarda poraxo'rlikka qarshi deyarli chora ko'rilmaydi, ayniqsa katta pul aylanadigan korrupsiyaga nisbatan. Hukumatlar anti-korrupsion siyosatini kichik miqdordagi poralar uchungina jazolab ko'rsatadi, masalan millionlab emas, minglab dollar olingani yoki berilgani bois.
"Pora oladiganlar va pora beradiganlarni endi Amerika tutadi, bu muhim o'zgarish", - deydi Greytak.
Qonun ortidagi tashkilotlardan biri Javobgarlik va etika uchun fuqaro harakatidir.
"Pora chegara tanlamaydi, xorijiy va mahalliy pora degan narsa yo'q",- deyiladi uning bayonotida.
"Bu qonun chet el rasmiylariga o'z korrupsion odatlarini bizning tizimga olib kelishini cheklaydi. Ular endi bizning bizneslardan pora kuta olmaydi, so'ray olmaydi".
2021-yilda Ugandadan bola asrab olish uchun pora bergan amerikalik ona sudlangan. Biroq undan pora olganlar jazoga tortilmagan. Yangi qonun buni o'zgartiradi, ya'ni chet elda amerikalikdan pora olgan tomon ham jazo bilan yuzlashadi.
Xitoy bilan hamkorlik qiladigan firmalar ham odatda pora uchun bir tomonlama jazo bilan qutulib ketadi, deydi korrupsiyaga qarshi faollar. Endilikda esa AQShning qo'li Xitoydan turib pul olayotganlarga ham yetadi.