Millatchilik Niderlandiyada real kuchga aylandi; noyabr oyida o`tgan saylovda o’ta millatchiligi, islomga, musulmonlarga qarshi chiqishlari bilan tanilgan Gert Vilders yetakchiligidagi partiya g’alaba qozondi.
Ekspertlar Niderlandiyadagi saylov natijalari ortidan Yevropa uchun ogohlik qo’ng’irog’i chalingani, mintaqa bo’ylab populistlarning hokimiyatga kelish imkoniyati keskin oshganini ta’kidlashdi.
Yevropadagi siyosiy jarayonlar bu ogohlikni haqiqatga yaqin qiladi. Iyun oyida Yevropa Ittifoqi parlamenti uchun saylovlar o´tadi. Buning ortidan mintaqaning ikki yirik davlati - Germaniya va Fransiyada ham saylovlar kutilyapti; har ikkisida ham o’ngchi millatchilar kuchaygan.
Ijtimoiy so’rovlarga ko’ra, Germaniyada mamlakatdagi millatchilar harakatiga aylangan “Germaniya uchun Alternativa” partiyasi tarafdorlar foiziga ko’ra iqtidordagi hukumat partiyasidan keyingi ikkinchi o’ringa ko’tarilgan.
Buni ham ko'ring Fransiyadagi parlament saylovlarida Makron koalitsiyasi ko'pchilikni boy berdiFransiyada millatchi Marin Le Pen yetakchiligidagi siyosiy ittifoq imkoniyatlari ham jiddiy oshgani, Le Pen kutilayotgan prezidentlik saylovidagi asosiy nomzodlardan biriga aylangani qayd qilinmoqda.
Yevropadagi ashaddiy o`ngchilar Yevropalament saylovlari arafasida Italiyada yig’in o’tkazishgan.
Italiya bosh vaziri o’rinbosari tashabbusiga ko’ra chaqirilgan bu yig’in mamlakat hukumati o’ngchi g’oyalarga sodiqligiga doir iddaolarni haqiqatga yaqin qiladi. Italiyada 2022-yilda o’tgan saylovlar natijasida bosh vazirlikka o’ngchi partiya yetakchisi Jorjiya Meloni kelgan edi.
Yevropa millatchilarining Italiyadagi yig’inida berilgan bayonotga ko’ra, ular Yevropalamentdagi hal qiluvchi kuchlardan biriga aylanish niyatida.
Yevroparlament uchun saylovlar Yevropa Ittifoqi davlatlarida 6-9-iyun kunlari bo’lib o’tadi. Ittifoq a’zo 27 davlatda o´tkaziladigan bu saylovlarda Yevroparlamentga deputatlar, Yevropa Komissiyasiga rahbarlar saylanadi.
Buni ham ko'ring Populizm, millatchilik va emlanmaslik pandemiyani cho'zmoqdaYevropaning ayrim davlatlarida millatchi partiyalarning hokimiyatga kelayotgani, Germaniya va Fransiya kabi yirik davlatlarda bunday partiyalar mavqeyi ko’tarilib borayotganidan kelib chiqilsa, saylov ortidan Yevroparlament tarkibi keskin o’zgarishlarga yuz tushishi mumin.
Millatchi guruhlarning ko´tarilishi, ayniqsa, Germaniyada xavotirli tusga kirgan; bunday guruhlar o´z yig’ilishida Germaniyani migrantlardan xolos qilish, “remigratsiya” masalasini muhokama qilishmoqda.
Yaqinda nemis matbuotida ashaddiy millatchi ekstremistlar va o’ng partiya vakillari ishtirokida o’tgan yig’ilish tafsilotlari ochiqlandi.
Germaniyadagi muhojirlarni Afrikadagi bir hududga deportatsiya qilish muhokama qilingan bu yig’ilishda ayni paytda mamlakatdagi ikkinchi siyosiy partiyaga aylanayotgan “Germaniya uchun alternativa” partiyasi vakillari ham ishtirok etgan.
Bu yig’ilish tafsilotlari matbuotda ochiqlanishi nemis jamoatchiligida jiddiy munozaralar qo’zg’adi, vaziyat Germaniyada irqchilarning hokimiyatga kelishi davrlariga qiyoslandi. Ayni paytda “Germaniya uchun alternativa” partiyasini taqiqlashga doir chaqiriqlar avj olgan, ammo bu partiyaning qisqa bir fursatda marginal tuzilmadan yirik siyosiy kuchga aylanishi tarixi Yevropa bo’ylab millatchi kuchlar yurishi boshlanayotganidan darak sifatida ko´rilmoqda.