AQSh oliy o'quv yurtlari so'z erkinligidan chekinyaptimi?

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

So'z erkinligi AQShda Konstitutsiya bilan kafolatlangan lekin u faqat hukumat senzurasidan himoya qiladi. Ijtimoiy media platformalari va xususiy tashkilotlar nutqning ayrim turlarini cheklovchi o'z siyosatiga ega bo'lishi mumkin. Bir necha taniqli universitet prezidentlari jamoat bosimi ortidan iste'foga chiqqach, oliy o’quv yurtlaridagi so’z erkinligiga oid bahslar kuchaydi.

Garvard va Pensilvaniya universitetlari prezidentlari Kongressda kampuslardagi antisemitizmga qarshi kurash bo'yicha o’tgan tinglov ortidan iste'foga chiqdi.

“Garvardda yahudiylarni genotsid qilishga chaqirish universitet qoidalarini buzadimi?" – deya so’radi qonunchi Elis Stefanik.

"Bu kontekstga bog’liq", - dedi Garvard universiteti prezidenti Klodin Gey.

“Bu kontekstga bog'liq emas. Javob "ha". Siz iste'foga chiqishingiz kerak", - dedi qonunchi.

Buni ham ko'ring Siyosiy karikatura - AQShda so'z erkinligi ifodasi

Oxir-oqibat Klodin Gey iste'foga chiqdi. Uni plagiatda ham ayblashdi.

Vakillar palatasida hukmron respublikachilar endi yanada ko'proq AQSh universitetlarining antisemitizm siyosatini tekshirishni ko'zlamoqda.

So'z erkinligi bo’yicha tahlilchilarining aytishicha, hozir abort, irq va xilma-xillik kabi mavzularni AQSh oliy o’quv yurtlarida ochiq muhokama qilish nozik masalaga aylangan.

“Ko’plab rahbariyat guruhlari so’l siyosatga moyil. Talabalarning katta guruhi, ayniqsa, sharqiy shtatlardagi maktablarda, masalan, juda so’lparast. Talabalar an’anaviy qarashlarga to'g'ri kelmaydigan fikrlarni bildirsa, ayniqsa, xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik tashabbuslari haqida gap ketganda, biz turli xil ovozlarning o’chirilayotganini ko’ryapmiz”, - deydi huquq faoli Aleks Mori.

"Ba'zi professor-o'qituvchilar ishdan bo'shatilyapti yoki tadqiqot va o'qitish muhitini buzilgan deb hisoblab, o’zlari ishdan ketyapti", - deydi So’r erkinligi instituti eksperti Deyvid Kiting.

Oliy ta'limni isloh qilish bo'yicha konservativ tashabbuslar kuchayayotgan bir paytda "Pen America" notijorat tashkiloti so'z erkinligini himoya qilish uchun muassasalarning o’zlari harakat qilishi lozimligini aytadi.

Buni ham ko'ring AQSh universitetlarida antisemitizmga e'tibor oshgan

"Bizni xavotirga soladigan narsa shuki, siyosatchilar ushbu islohotlarni amalga oshirishga urinib, ta'lim to'g'risidagi buyruq kabi vositalar orqali talabalarga nimani o'rgatish mumkin yoki mumkin emasligini belgilab bermoqda”, - deydi Kristen Shahverdian.

Siyosiy manzara qandayligidan qat’i nazar, universitetlar so'z erkinligi madaniyatini targ'ib qilish uchun choralar ko'rishi mumkin, deydi professor Yujin Volok.

"Universitetlarda abort, irq, transgender huquqlari, ham qonuniy, ham noqonuniy immigratsiya kabi mavzularda ko'proq suhbatlar yoki munozaralar bo'lishi kerak", - deydi u.

Uning ta'kidlashicha, bunday tadbirlar talabalarga o’zlari hamfikr bo’lmagan masalalarda tinglash va muloqot olib borishning ahamiyatini o’rgatadi.