Breaking News

AQSh universitetlarida antisemitizmga e'tibor oshgan


Pensilvaniya universiteti prezidenti Liz Magill shu kunlarda ishdan ketdi. Sabab - universitetda Isroilga qarshi namoyishlar va ularning qanday talqin qilingani.
Pensilvaniya universiteti prezidenti Liz Magill shu kunlarda ishdan ketdi. Sabab - universitetda Isroilga qarshi namoyishlar va ularning qanday talqin qilingani.

Isroilga qarshi namoyishlar sabab AQShda shu kunlarda yana bir nufuzli oliy ta'lim maskani rahbari ishdan ketdi, bu safar Pensilvaniya universiteti prezidenti Liz Magill.

Yaqinda Magill Kongressda qonunchilar bilan muloqoti paytida kampusidagi vaziyatni, xususan talaba chiqishlari mohiyati va maqsadlarini aniq tushuntirib bera olmaganlikda tanqid qilingan edi.

Magill 1740-yilda asos solingan universitetda dars berishda davom etadi, ammo boshqaruvga yangi odam tayinlanadi. Oliygohni yurituvchi kengash shunga qaror qilgan.

Magill qatorida Vakillar palatasida Garvard va Massachusetts Texnologiya instituti prezidentlari ham so'zlagan edi. Isroil-Falastin ixtilofi yana qonli tus olganidan beri bu dargohlarda talabalar har hafta bir necha bor norozilik namoyishi o'tkazib, asosan Isroilni qoralaydi, uni falastinliklarni qirayotganlikda ayblaydi.

Ko'plab qonunchilar nazarida bu chiqishlar yahudiylarga nafratni kuchaytiradi. Universitetlar tarafkashlik qilmoqda, degan qarash ham keng.

Ta'lim maskanlari rahbariyatlari esa ularning kampuslari erkin fikr va erkin so'zni yoqlashini ta'kidlab, talabalar va professorlar, tadqiqotchilar va umuman ilm ahli, istagan mavzuda bemalol oz qarashlarini asosli tarzda bayon etishi uchun sharoit yaratilganini bildiradi.

G'azoda Isroil harbiy amaliyotlaridan o'lganlar soni 18 mingdan oshar ekan, nafaqat universitetlarda balki Oq uy va Kongress oldida, Davlat departamenti qarshisida va shtatlarning ma'muriy markazlarida tez-tez protestlar o'tkazilmoqda. Amerikaliklar va immigrantlar to'planib, Isroil siyosatini qoralamoqda, AQSh hukumatidan urushni to'xtatish uchun chora ko'rishni talab qilmoqda.

Respublikachi qonunchi Eliz Stefanik deydiki, kampuslardagi chiqishlar yahudiylarni qirishga undayotgan bo'lishi mumkin, ammo universitetlar bunga befarq.

Ilm dargohlarining rahbarlari esa buni inkor etadi. Oq uy, Kongress va donorlar ularni yahudiy talaba va o'qituvchilarni nafratdan himoya qilisga undamoqda.

Pensilvaniya universitetini moliyaviy quvvatlovchilaridan biri Ross Stivens 100 millionlik xayriyasini qaytib olishi mumkinligi haqida ogohlantirgach, Magill prezidentlikdan ketishga majbur bo'lgan.

Magill sal oldin video murojaat chiqarib, yahudiylar genotsidiga chaqirish noto'g'ri ekanini, agar universitetda shunday chiqishlar bo'lsa, qoralashini bildirgan edi.

Xavotirlarning avj olishi sabablaridan biri yaqinda Pensilvaniya universitetida Falastin adabiyoti va madaniyati festivali o'tkazilganida unda antisemitist fikrlari va ma'ruzalari bilan tanilgan shaxslarning qatnashgani bo'lgan.

57 yoshli Magill o'tkir huquqshunos sanaladi va bungacha qator ilg'or universitetlarni boshqargan

Yahudiy aholisi katta Nyu-York shtatida rahbariyat antisemitizmga aslo toqat qilmasligini eslatib, o'quv dargohlaridan tortib, bizneslargacha tolerantlikni targ'ib qilishni so'ramoqda.

Gubernator Keyti Xokel deydiki, inson huquqlari deganda hammaning huquqi tushuniladi; biror guruhni yo'q qilishga chaqirish jinoyat deb ko'rilishi mumkin.

Xokel universitetlarni o'z hududlarida yangrayotgan shior va murojaatlarga jiddiy e'tibor qaratishga undagan.

Biroq gubernatorning idorasi biror joyda aynan shunday chaqiriqlar bo'lganmi, degan savolga javob bermagan.

Falastin tarafini olib qilinayotgan protestlarda namoyishchilar genotsid so'zini yahudiylarga nisbatan ishlatmayotganini aytadi. Ular Isroilni falastinliklarni qirayotganlikda ayblaydi. Ya'ni yahudiy davlat, ular fikricha, arab aholiga nisbatan genotsidni amalga oshirmoqda.

Ommaviy chiqishlarni tahlil qilib kelayotgan ekspertlar ham shunga urg'u beradi: "Isroil, hujumlaring genotsiddir; uni darhol bas qil" degan talablar yangramoqda.

Amerika bo'ylab biror namoyishda "Yahudiylarni qirish kerak" yoki "yahudiylar genotsidga loyiq" degan mazmunda biror chiqish kuzatilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG