AQShda qon donorlari kamayib bormoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Amerika Qizil Xoch jamiyati keskin qon tanqisligi yuz berganini e'lon qildi. Qon donorlari soni oxirgi 20 yil ichida eng past darajaga tushib, Kovid, mavsumiy infeksiyalar va yomon ob-havo kabi sabablarga ko'ra, 40 foizga kamaygan.

Lindi Lyuis ko'p yillardan beri qon topshirib keladi. Bu shaxsiy sabablarga ko'ra ekanini aytadi.

“Menda buni qilish imkoniyati bor. Hamma ham bunday qila olmaydi, tanqislik bor. Oilamda ilgari saratonga chalinganlar bo'lgan va trombotsitlar saraton kasallariga yordam beradi. Shuning uchun men, ularni tanimasam ham, odamlarga yordam berishga harakat qilaman”, - deydi u.

Lyuis qon topshirish uchun taxminan ikki soat vaqt sarflaydi. Dam olish va film tomosha qilish uchun yetarli vaqt, deydi u. Ammo u qon topshirish markazidagi kam sonli odamlardan biri. Amerika Qizil xoch jamiyatiga ko'ra, qon donorlari soni so'nggi yigirma yil ichida rekord darajada kamaygan.

“Yigirma yil ichida donorlar soni 40 foizga kamaydi. Ilgari bizda 4 millionga yaqin bo‘lsa, hozir ikki milliondan sal ko‘proq. Ko'p narsa pandemiya bilan bog'liq, maktablar yopilgan va korxonalar ishlamay qoldi. Hozir butun mamlakat bo'ylab ob-havo, mavsumiy kasalliklar ham yomon", - deydi jamiyat vakili Joen Nolin.

Buni ham ko'ring Yangi dori kelajakda kimyoterapiya o'rnini bosishi mumkin

AQSh bo'ylab yuz bergan kuchli qor, yomg'ir va to’fonlar ko'plab donorlarning kelib qon topshirishiga to’sqinlik qilgan. Gripp va koronavirus kabi mavsumiy kasalliklar vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkin.

“Hozirda trombotsitlar, shuningdek, musbat va manfiy I guruh qoniga ehtiyoj katta. Ammo umumiy qon ta'minotini oshirish uchun bizga har qanday turdagi qon kerak”, - deydi Nolin.

18 yoshdan oshgan har bir kishi AQShda har 56 kunda bir marta qon topshirishi mumkin va donorning vazni 50 kilogrammdan yuqori bo’lishi kerak. Din Rubinning aytishicha, u bu yerga har ikki oyda qon topshirish uchun keladi.

"Men taxminan o'n yildan beri trombotsit ehson qilaman. Sog'ligim juda yaxshi ekanidan xursandman va bu ehtiyojmandlarga yordam berishning oddiy yo’li", - deydi u.

Hatto qon tanqisligi juda kuchli bo’lsa ham, AQShda qon donorlariga haq to'lanmaydi. Mutaxassislarning aytishicha, agar qonni sotib olishga ruxsat berilsa, odamlar buni daromad manbai qilib olishi va o’zidagi kasalliklarni yashirishi mumkin. Lekin ba'zi imtiyozlar mavjud.

Buni ham ko'ring AQShdagi tashkilot Ukrainaga dori-darmon, mablag’ jo’natmoqda

"Agar uch marta trombotsit topshirsangiz, 10 dollarlik sovg'a kartasi berishadi. Keyin “Superboul” musobaqasiga bepul chipta olish uchun lotereyada qatnashasiz. Ko'ylak, paypoq va boshqa kichik hadyalar ham bo’lib turadi", - deydi Lyuis.

Har ikki soniyada AQShda kimdir qon yoki trombotsitga muhtoj. O'rtacha 500 millilitr qon topshirgan odam bir inson hayotini saqlab qolishi mumkin.