Demokrat Kayla Yang va respublikachi Patrisha Raker G'arbiy Virjiniya shtati qonunchilik organida eng ko'p tortishadigan vakillardan. Lekin ular birdam, chunki shtat siyosiy maydonida erkaklarga bas kelish kerak.
Yang o'z partiyasidan quyi palataga saylangan yagona ayol. Raker deydiki, Amerikaning bu qismida erkaklar hali ham qonunchilik va hokimlik ularning ishi deb hisoblaydi.
G'arbiy Virjiniya ilk ayol siyosatchilarni 130 yil oldin ko'rgan, ammo bu borada shtat juda sekin qadam tashlab kelmoqda.
10 shtatda xotin-qizlar qonunchilarning chorak qismini tashkil etadi xolos.
G'arbiy Virjiniyada 134 vakil va senatordan 16 nafari ayoldir.
Mississippi, Janubiy Karolina, Tennessi va Luiziana ham bu borada ancha qoloq.
Nevada shtati ilg'or. Qonunchilarning 60 foizdan ziyodi ayollar.
"G'arbiy Virjiniya aholisining yarmi xotin-qizlar", - deydi Yang.
Ayollarni ko'proq qiynaydigan masalalar, jumladan abort bilan bog'liq mavzularda ham erkaklar asosiy qaror chiqaruvchilardir.
Saylovlarda xotin-qizlar Amerika bo'ylab faollashgan. Qator shtatlarda ular siyosatga erkaklarga qaraganda jiddiyroq e'tibor berishi ham qayd etiladi.
Amerikaliklar ayol nomzodlarga ham befarq emas, ularni saylash ishtiyoqi oshgan. Biroq maydonga chiqayotganlar hamon kam.
Tadqiqotchi Jennifer Loless deydiki, xotin-qizlar partiyalar tomonidan yetarlicha quvvatlanmaydi.
Respublikachilar hukmron shtatida demokratlar ayollar ildamroq, lekin ularning yutishi qiyin.
2022-yilda G'arbiy Virjiniyada 39 ayol shtat parlamentiga saylanishga harakat qildi, 26 nafari demokratlar edi. Ikki nafari yutdi. Respublikachi 13 ayol nomzoddan 11 nafari ustun keldi.
Siyosatshunos Debbi Volsh nazarida Demokratik partiya xotin-qizlarni yaxshiroq rag'batlantiradi, respublikachilar esa konservatorlar.
"Ular uchun siyosat eplagan odamniki. Erkakmi yo ayol, saylana olsa, marhamat, deyishadi. Biroq ayollar maydonga kira olishi uchun yordamlashishmaydi", - deydi Volsh.
Buni ham ko'ring AQShda ayollar erkaklardan ko'proq ovoz beradiLarissa Martinez - liderlikka xotin-qizlarni olib kiruvchi markaz asoschisi. Tashkiloti erkaklarga qarshi emas, ammo ayollarga madad ko'rsatish uning birlamchi vazifasidir.
G'arbiy Virjiniyada umid uchqunlari bor, deydi Martinez, harakat qilaverish lozim.
Tennessi shtatida senator Sharleyn Oliver boshida hech kim unga qo'l uzatmaganini aytadi. Oddiy saylovchilar unga ishonch bildirgan, kampaniyasi uchun xayriya qilgan.
41 yoshli qora tanli demokrat qonunchi sifatida u ovozini balandroq ko'tarishga majbur, toki erkaklar, ayniqsa respublikachilar uni eshitsin.
"Eshitishni xohlashmasa ham gapiraman, chunki bu mening burchim", - deydi Oliver.
Janubiy Karolina singari shtatlarda abort huquqini cheklash tashabbusiga erkaklar bosh-qosh ekan, ayol qonunchilar, ayniqsa demokratlar ularga qanchalik qarshi chiqmasin, yengish deyarli mumkin emas, ammo bahs-munozara tinmaydi.
Qurolli jinoyatlarning oldini olish, sog'liqni saqlash, ta'lim, uy-joy kabi masalalar odatda ayollar diqqat markazida.
Yang deydiki, onalikni quvvatlash zarur. Qonunchi bo'lsa-da, o'zi ham ikki bolasini boqishda yordamga muhtoj. Dekret degan narsa yo'q, onalik ta'tili esa juda qisqa. Eri farzandlarga qarashga jon deydi, ammo ishlamasa, daromad yo'q, chunki bolali oilalar G'arbiy Virjiniyada hech qanday moliyaviy yordam olmaydi.
Yang va Raker hozirda mana shu muammoga yechimi yo'lida hamkor. Raker besh bolali va o'z vaqtida juda qiynalgan. O'qituvchilikni tashlab, uyda o'tirgan.
Ayollar siyosatda salmoqli rol o'ynashi uchun bir-birlariga tayana olishi kerak, deydi bu qonunchilar, lekin avvalo ular ish va oiladan tashqari vaqt va kuch topa olishi zarur. Buni esa hamma ham eplay olmaydi, hatto erkaklar ham.