Rossiyada 15-martdan boshlangan prezidentlik saylovi mamlakatdagi muxoliflar, shuningdek, xorijdagi tanqidchilarga nisbatan bosimlar avjga chiqqan bir manzarada o’tayapti.
Saylovdan bir kun avval, 14-mart kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi aksilrossiya targ’ibotida ayblanib, Rossiyaga kirishi taqiqlangan AQSh fuqarolari ro’yxatini e’lon qildi.
Diplomatlar, ilmiy xodimlar, professorlar, ekspertlar, tahlilchilar, jurnalistlar, biznesmenlar va jamoatchilik faollaridan iborat bo’lgan bu ro’yxatga “Amerika Ovozi” (VOA) jurnalisti Jeff Seldin ham kiritilgan. Seldin xavfsizlik masalalarini yoritadi.
“Amerika Ovozi” Rossiya tomoni sanksiyasiga munosabat bildirar ekan, tahririyatning maqsadi dunyo bo’ylab xolis axborot tarqatish ekanligini, Jeff Seldinning reportajlarini qo’llashda, Rossiyadagi auditoriyaga ham xolis axborot yetkazishda davom etishini bildirdi.
Seldin Rossiya sanksiyasiga uchragan yagona jurnalist emas. “The Washington Post”, “The New York Times” nashridan ham bir nechta jurnalistlar Moskvaning qora ro’yxatida.
Buni ham ko'ring Rossiya kimlarga "xorij agenti" tamg'asini bosmoqda?Avvaroq, 2023-yilda “Amerika Ovozi”ni ijrochi direktori Yolanda Lopez Rossiya sanksiyasiga olingan edi.
AQSh Davlat departamenti Rossiyada so’z erkinligi tobora cheklanib borayotganidan xavotirda bildirdi.
“Biz Kremlning so’z va fikr erkinligini cheklash, jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollarini repressiya qilish, tahdid ostida ushlash, shu jumladan Rossiya urushini qoralayotgan ovozlarni senzura yordamida o’chirish, jazoga tortish harakatlarini keskin qoralaymiz”, deyiladi AQSh tomoni bayonotida.
Sanksiya Davlat departamenti vakillarini ham chetlab o’tmagan. Departamentning rasmiy vakili Metyu Miller Rossiyaga kirishi taqiqlangan AQSh fuqarolari ro’yxatida.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, “Rossiya o’tkazayotgan maxsus harbiy amaliyotni (Ukrainadagi urush nazarda tutilmoqda) qo‘llayotgan” rossiyaliklarga nisbatan AQSh hukumati kiritgan sanksiyalarga javoban, aksilrossiya targ’iboti bilan shug’ullanganlik uchun Amerika fuqarolariga nisbatan ham sanksiya qo’llanadi.
Ammo haqiqatda masala faqat Ukrainadagi urushga bog’liq emas. Rossiyada AQShga, umuman, G’arbga qarshi kampaniya bu urushdan ancha avval boshlangan. Bu kampaniya Rossiyada “xorij agenti” to’g’risidagi qonun qabul qilinishidan so’ng esa cho’qqiga chiqqan edi.
Hozirgacha Rossiyada yuzlab faollar, jurnalistlar, nashrlar, nodavlat tashkilotlar shu qonun asosida xorij agenti sifatida e’lon qilindi, jarimaga tortildi, qamoqqa tashlandi.
Rossiyadagi bu qonun G’arb davlatlaridan yordam olgan har qanday tashkilotni va shaxslarni avtomatik tarzda jamoatchilikka xorij agenti sifatida taqdim etadi.
“Ozodlik” va “Amerika Ovozi” rus xizmatlari ham aynan shu qonun ostida xorij agentlariga aylantirilgan.
Sharhlovchilar Moskvaning G’arbga, AQShga qarshi boshlagan kampaniyasi avtoritar rejimdagi boshqa davlatlarga, xususan Markazi Osiyoga namuna bo’layotganidan xavotirda.
Moskvaning bu tajribasini Markaziy Osiyoda qo’llash esa uzoq kuttirgani yo’q. 14-mart kuni Qirg’iziston parlamenti Rossiyadagi “xorij agenti” to’g’risidagi qonundan ko’chirilgan “xorij vakili” to’g’risidagi qonunni ma’qulladi.
Qonun Prezident Sadir Japarov tomonidan imzolanishi ortidan kuchga kiradi. Ayni paytda Qirg’izistondagi o’nlab nodavlat tashkilotlar Japarovga mazkur qonunga veto qo’yishni so’rab, ochiq murojaat bilan chiqishgan.
Markaziy Osiyoning eng demokratik davlati sifatida taqdim etib kelingan Qirg’izistonda “xorij vakili”ga doir qonunning qabul qilinishi mamlakat rahbariyati avtoritarizm tomon burilganining aniq ishorasi deyish mumkin.
Chunki Qirg’izistonda bu qonun loyihasi muhokama qilinar ekan, G’arb va AQSh rasmiylari qirg’iz tomoniga ogohlantirish bilan chiqishgan edi.
Xususan, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qirg’iziston Prezident Japarovga shu yilning yanvar oyida yo’llagan maktubida “xorij vakili” qonunining qabul qilinishi mamlakatdagi nodavlat tashkilotlar faoliyatiga jiddiy putur yetkazishi, buning oqibatlari yaxshi bo’lmasligidan ogohlantirgan edi.
Japarovning Blinkenga javobi Rossiyadan nafaqat qonun loyihasi, balki odatda Rossiya prezidenti tomonidan AQShga nisbatan ishlatiladigan siyosiy ritorika ham mintaqaga ko’chib o’tayotganidan darak beradi.