Tojikiston ahli Moskvadagi terrordan anduhda, deydi Xo'janddan jurnalist

Moskva ko'chalarida, 23-mart, 2024

22-mart kuni Moskvadagi konsert zalida yuz bergan terror xurujida, kamida 137 kishini hayotdan olib ketgan, 200 ga yaqin odam jarohatlangan voqeada tojikistonliklar gumon qilinayotgani vatandoshlarni dahshatda solgan, ona yurtda va dunyo bo'ylab.

Amerikada yashaydigan tojikistonliklar Rossiyadagi yaqinlari uchun vaziyat yanayam qiyinlashishini taxmin qilsa, Tojikistonning o'zidan turib kuzatayotganlar uchun bu, ko'p hollarda, hayot-mamot masalasi, chunki tirikchilik tamoman Rossiya bilan bog'liq.

Tojikiston yalpi milliy mahsulotining uchdan biri, xalqaro moliyaviy institutlar hisobicha, Rossiyada topilgan daromadga to'g'ri keladi. Mehnat migratsiyasi - respublika iqtisodining ustunlaridan biri va bu ustunning asosi - Rossiya.

Xo'janddan Farhod Abduvalizoda jurnalist va media mutaxassis sifatida oddiy odamlardan tortib siyosiy va ilmiy doiralar ichida yuradigan faollardan biri.

"Amerika Ovozi" bilan savol-javobda Abduvalizoda Rossiyadagi so'nggi terror xuruji Tojikiston bilan bog'lanishi bu yurt uchun o'ta salbiy holat, deya urg'u beradi.

"Ijtimoiy tarmoqlarda bu mavzu eng asosiysi va birinchi mavzuga aylandi desak xato bo'lmaydi", - deydi Abduvalizoda.

Buni ham ko'ring G'arb: Moskvada terrorda gumon qilinganlar qiynoq ostida, Putin dezinformatsiya bilan band

"Og'ir qabul qilishdi Tojikistonda bu narsani, ayniqsa millatning sha'niga dog' tushiradigan hodisa sifatida qabul qilishdi ... Mamlakat prezidenti Ramazon oyi boshlanishida jamoatchilik va din ahli bilan ko'rishgan edi. Va aynan farzand tarbiyasi, terrorizm, ekstremizm, milliy nizolar masalasida o'zining fikrini bildirgan edi".

Prezidenti Emomali Rahmon ta'kidlashicha, terrorizmning millati, dini va vatani bo'lmaydi. Rahmon buni bot-bot aytib keladi.

Abduvalizoda tahlilicha, ko'plab tojikistonliklar xurujni ularning yurtdoshlari qilganiga ishonmaydi. Bo'yniga olganlar qiynoqlar ostida shunday qilgan, degan qarash keng.

Mutaxassis o'tgan ikki kun ichida media, xususan turli ishonchli manbalarda ko'rgan ma'lumotlariga ishora qilib, haqiqatni aniqlash qiyin kechadi, deydi.

Chunki hatto gumon qilinayotgan shaxs bilan "tarjimon orqali qilinayotgan suhbatda terakt haqida so'z ketmayapti... Telegram kanalda qanday tanishganligi haqida so'z ketyapti. Va ma'lumki u o'sha muhitdan, ya'ni Rossiyaning muhitidan, Rossiyadagi amal qilayotgan qonunlardan xabardor emasligi shundoq yaqqol bilinib turibdi".

Mutaxassis ayblanuvchilarning ruhiy holatiga e'tibor berish lozim, degan fikrda. "Ular qo'rquv holatda ekanligi aniq".

Farhod Abduvalizoda, Xo'jandda ijod qiladigan jurnalist, Tojikistondagi taniqli media mutaxassislardan

Tojikiston ahli ogoh, masalani kuzatyapti, xususan ijtimoiy tarmoqlar orqali. Kundalik axborot va rasmiy ma'lumotlarga qiziqish yuqori. Sababi - bu ishlarning oqibatlari hammaga ta'sir qiladi, deydi Abduvalizoda, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jihatdan.

"Bugun Bosh vazir Qohir Rasulzoda Rossiya Federatsiyasining Tojikistondagi elchixonasiga borib, Tojikiston ahli nomidan Rossiya xalqiga ta'ziyasi bayon etdi", - deydi jurnalist.

Buni ham ko'ring Rahmon: Terrorizm millat tanlamaydi

Rossiyada ishlaydigan millionlab tojikistonliklar taqdiri nima bo'ladi? Abduvalizodaning tasvirlashicha, shu borada qo'rquv kuchli, ya'ni ularning ahvoli yanada murakkablashishi mumkin.

Adolat qaror topsin, deydi u, aybdorlar topilib, bu masala yaxshilik bilan hal bo'lsin.

Nafaqat tojikistonlik, balki Markaziy Osiyodan bo'lib ishlayotgan migrantlarning ertangi kuni qil ustida qolmasligi kerak, deya kuyunadi mutaxassis.

Abduvalizoda shuncha xavotir ichida umidbaxsh omillarni ham ilg'amoqda: gumonlangan tojikistonliklardan uch nafaridan ayb topilmagan.

Ulardan ikki nafari oldinroq Tojikistonga qaytib kelgan, ya'ni xuruj paytida vatan hududidan tashqarida bo'lmaganini Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasman tasdiqlagan. Uchinchisi ham "o'zining gunohsiz ekanligini isbotladi", deydi jurnalist.

Qolganlar ham balki shunday qo'yib yuborilar, degan umid uchqunlari yo'q emas, deydi suhbatdosh.

Tojikistonning salmoqli qismi muhojirlikda. Aksariyat oilalarda kimdir Rossiyada ishlaydi yoki o'qiydi, deya eslatadi Abduvalizoda.

Preziden Vladimir Putin va Prezident Rahmon xurujdan beri kamida ikki bor telefonlashib, terrorga qarshi kurashni kuchaytirishga kelishib olgan.

22-mart voqeasi Moskva va Dushanbe aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi tayin, deydi siyosatdonlar, agar rasmiy matbuotga qaralsa, jamoatchilik, ayniqsa ziyolilar buni olqishlamoqda.