Bayden-Tramp dueli qanday davom etmoqda?

  • Amerika Ovozi

Viskonsin shtatida o’tgan partiya nomzodlarini saralash bosqichida noqonuniy immigratsiya yetakchi mavzu bo’ldi.

“Immmigratsiya, inflyatsiya va yashash huquqi asosiy masala”, - deydi saylovchi Skott Lindmen.

U avval Donald Trampga ovoz bergani, bu safar ham shunday qilishini aytadi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 4-aprel, 2024-yil

Tramp Viskonsindagi uchrashuvda AQSh tarixidagi eng yirik deportatsiyani amalga oshirib, mamlakatni “xavfli odamlardan” xalos etaman, degan edi.

“Ular Amerikaga mahbuslar, qotillar, narkotik sotuvchilari, ruhiy kasallar va terrorchilarni yo’llamoqda. Kongo, Yaman, Somali, Suriya va boshqa mamlakatlarning eng yomon qatlami kirib kelmoqda. Ular jiddiy tahdid uyg’otib, mamlakatni vayron qilmoqda”, - deydi Tramp.

So’nggi so’rovlarda respondentlarning uchdan bir qismidan ziyodi immigratsiya muammosini iqtisod, jinoyatchilik va sog’liqni saqlash masalalaridan ustun qo’ygan.

Prezident Jo Bayden nazdida, immigrantlar AQSh iqtisodiga muhim hissa qo’shadi va ular raqibi aytganiday xavfli “jonivorlar” emas.

“Prezidentligimning ilk kunidan immigratsion islohotlar, chegara xavfsizligi, AQShga bolaligida kelib qolgan migrantlar va ularning oilalariga, fermerlar, pandemiyani yengib o’tishda yelkadosh bo’lgan asosiy soha vakillariga fuqarolik berishga doir keng qamrovli rejani taqdim etganman. Raqibimdan farqli ravishda amerikaliklar asli kim ekanini yaxshi bilaman”, - deydi Bayden.

Tramp tarafdorlari uning 2016-yil AQSh-Meksika chegarasida devor qurishga doir bergan va’dasini unutmagan.

“Sizning ovozingiz bilan chegarani yopaman. Migrantlar, qotillik va odam savdosini to’xtataman”, - deydi Tramp.

Bayden Kongressga chegara xavfsizligini oshirish, tegishli sudya va xodimlarni ko’paytirish, narkotikni aniqlovchi texnologiyaga doir qonun loyihasi kiritilganiga urg’u bermoqda.

“Qonun loyihasi inson hayotini himoyalashga xizmat qiladi. Chegarada tartib o’rnatadi. Mamlakat prezidenti immigratiya darajasi limitdan oshganida chegarani vaqtincha yopish vakolatiga ega bo’ladi”, - deydi prezident.

Tramp immigratsiyani jilovlash va’dalari bilan chiqar ekan, uning Vakillar palatasidagi partiyadoshlari bu qonun loyihasini ma’qullashni paysalga solmoqda.