Afg’onistonda ikki kishi siyosiy faoliyat bilan shug’ullanganlikda ayblanib, 15 yilga qamaldi. Yana bir shaxs o’xshash ayblovlar ostida 30 darra urishga mahkum etildi.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmagan Tolibon mamlakat bo’ylab barcha siyosiy partiyalar va siyosiy faoliyatni islomga zid deya e’lon qilib, taqiqlagan.
Tolibon Oliy sudi bayonotiga ko’ra, yuqorida tilga olingan sud hukmlari janubdagi Qandahor viloyatida amalga oshirilgan, yana bir kishi “ma’naviy buzuqlik” uchun sakkiz oyga qamalgan.
Buni ham ko'ring BMT Tolibonga: Ayollarni ezishni bas qiling!Tolibon rahbari Haybatulla Oxunzoda Qandahorda yashaydi va shu yerdan harakatni boshqaradi.
“Mamlakatda siyosiy partiyalar ish yuritishi uchun shariatda asos yo’q. Ular milliy manfaatlarga javob bermaydi, xalq ham partiyalarni qadrlamaydi”, - degan edi Tolibon Adliya vaziri Hakim Sharayi o’tgan yilgi bayonotida.
Tolibon 2021-yilning avgustida hokimiyatni qo’lga olgunga qadar Afg’onistonda 70 ga yaqin katta va kichik siyosiy partiyalar vazirlikda rasman ro’yxatdan o’tgan edi.
Shariatning Tolibon talqinidagi ko’rinishi qizlarning oltinchi sinfdan keyin maktabga borishini, aksariyat ayollarning davlat va xususiy korxonalarda ishlashini ham man etadi.
Afg’oniston stadionlarida zino, uydan qochish va talonchilik kabi “axloqiy jinoyatlar” uchun erkak va ayollarni tomoshabinlar oldida qamchilanadi. Bir necha kishi omma oldida qatl etilgan.
O’tgan oy Haybatulla Oxunzoda Afg’oniston bo’ylab islomiy jinoiy adliya tizimi joriy etilishini, jumladan zino uchun ayollar to’shbo’ron qilinishini ta’kidlagan edi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti uning so’zlarini qoralagan.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga ko’ra, Tolibon boshqaruvi davrida mamlakatda inson huquqlari ahvoli tobora yomonlashib bormoqda, fuqaro erkinliklariga qo’yilgan cheklovlar bekor qilinishi kerak.