Uzoq tortishuvlar ketidan AQSh Kongressida Ukrainaga atalgan 61 milliard dollarlik yordam paketi ovozdan o’tdi. Bir guruh respublikachilar Kiyevga ko’makni davom ettirishga keskin qarshi chiqqan bo’lsa-da, loyihani to’xtata olmadi.
Prezident Jo Bayden qonunni imzolashi bilan Pentagon ushbu mablag’ hisobidan Ukrainaga avvaliga 1 milliard dollarlik qurollar yuborilishi haqida e’lon qilgan. Artilleriya snaryadlari, HIMARS raketa uchirgichlari uchun o’q-dori, tankka qarshi qurollar, zirhli texnika shular jumlasidan.
26-arepl kuni Pentagon yana 6 milliard dollarlik qurol-yarog’ jo’natishini ham ma’lum qildi. Bunisiga Kiyev so’rab kelayotgan “Patriot” havo mudofaa tizimlari kirishi mumkin.
Avvalroq AQSh Mudofaa vazirligi Ukrainaga uzoq masofaga mo’ljallangan “ATACMS” ballistik raketalarini yetkazgani ma’lum bo’ldi. Bu raketalar 300 kilometrgacha masofadagi nishonlarni tez va aniq uradi. Ukraina armiyasi 23-aprel oqshomida bu raketalardan foydalanishni boshlagan.
Your browser doesn’t support HTML5
AQSh rasmiylarining umid qilishicha, yangi qurollar Ukrainaga Rossiyaning kutilayotgan hujumi oldidan mudofaani kuchaytirishga yordam beradi.
AQShda prezidentlikka ikki asosiy nomzodning Ukrainadagi urush bo’yicha qarashlari farq qiladi. Prezident Jo Baydenning aytishicha, Ukraina yordamga muhtoj.
“Putinning urushi Ukraina bilan cheklanadi deb o’ylaganlar adashadi. Ukrainaga o’zini himoya qilishi uchun qurol bersak, uni quvvatlasak, Putinni yengish mumkin”, - deydi u.
Bosqin boshlanganidan beri Bayden ma'muriyati Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi va Ukrainaga 75 milliard dollarga teng yordam yubordi.
Stiven Kassels ukrainalik immigrantlar oilasidan, Baydenga ovoz berishini aytadi.
“Urush oqibatlarini va Putinning qilmishlarini kuzatish, Trampning qalban uni qo’llashini ko’rish juda dahshatli”, - deydi u.
Buni ham ko'ring Ukraina g'oyib bo'lgan fuqarolari haqida ma'lumot izlamoqdaDonald Tramp prezidentligi davrida Putin bilan yaqin munosabatda bo’lgan. Ukrainaga bostirib kirgani uchun uni “aqli raso, geniy” deb maqtagan.
“Vashington Post” gazetasining yozishicha, Tramp Ukrainani yerlarining bir qismini Rossiyaga berishga majburlab, shu orqali urushni to’xtatishini aytgan. Zelenskiy fikricha, bu “ibtidoiy g’oya”. Tramp NATOga yetarlicha to’lamayotgan davlatlardan birining rahbari bilan suhbatini shunday eslaydi:
“Agar to’lamasak va Rossiya bizga hujum qilsa, bizni himoya qilasizmi, deb so’radi. Yo’q dedim. Aksincha, Rossiyaga xohlaganingni qilaver deyman. To’lashingiz kerak deb aytdim”, - deydi Tramp.
Bayden va Trampning Ukrainadagi urushni qanday to’xtatish haqidagi fikrlari keskin farq qiladi.
“Tramp Amerika xalqiga urushni to’xtatishga va’da bergan. Ikki tomon bilan tinchlik bitimi bo’yicha kelishib, bu va’dani bajaradi”, - deydi uning so’zlovchisi Karolayn Levit.
Ayzek Giyer shuning uchun Trampga ovoz bermoqchi.
“Xorijiy urushlarga aralashmasligimiz men uchun muhim. Harbiy xarajatlarni kamaytirish kerak”, - deydi bu amerikalik.
Frontda ahvol og’irlashib borar ekan, Ukraina AQShning harbiy yordami yaqin kunlarda yetib keladi deya umid qilmoqda.