O’zbekiston o'z fuqarolarini Qirg’izistondagi to’qnashuvlardan ogohlikka chaqirdi

Qirg'izistondagi zo'ravonliklar ortidan vataniga qaytgan pokistonlik talabalar

Bishkekda mahalliy aholi tomonidan aksariyati pokistonlik va hindistonlik talabalar yashagan yotoqxonaga qilingan hujumlar ortidan O´zbekistonning Qirg’izistondagi elchixonasi ogohlantirish bilan chiqdi.

“Hurmatli talabalar va fuqarolar! Sizlardan shaxsiy xavfsizligingizni ta’minlash maqsadida istiqomat qilayotgan manzillardagi yotoqxonalaringizdan, uylaringizdan va mehmonxonalardan kechqurun zarurat bo‘lmasa ko‘chaga chiqmaslikni, kechqurunlari restoran va kechki ko‘ngil-ochar joylarga imkon qadar bormasliklaringizni va odamlar gavjum bo‘lgan-to‘plangan joylarda xavfsizlik qoidalariga rioya etishlaringizni so‘raymiz”, deyiladi O’zbekistonning Qirg’izistondagi elchixonasi tarqatgan xabarda.

Qirg’izistonda xorijliklarga nisbatan o`tgan norozilik chiqishlaridan so`ng O’shda talabalar uchun oliy ta’lim onlayn shaklga ko’chirilgan.

Pokiston Qirg’izistondagi talablarini mamlakatdan olib chiqib keta boshlagan, Hindiston Tashqi ishlar vazirli Qirg’izistondagi talabalari bilan bog’liq vaziyatni diqqat bilan kuzatib turgani haqida bayonot bergan, Bangladesh elchisi qirg’iz rasmiylari bilan talabalar xavfsizligi yuzasidan muzokaralar yuritayotgani xabar qilinadi.

Buni ham ko'ring Qirg'izistonda yangi qonun: prezident "xorijiy vakil" haqidagi hujjatga imzo chekdi

Taxminiy hisoblarga ko`ra, 40 mingga yaqin yoshlari Qirg’izistonda ta`lim olayotgan O´zbekiston tomoni Bishkekdagi elchixona bildirgan ogohlantirishdan tashqari vaziyat bo’yicha boshqa munosabat bildirmagan.

Qirg’iz matbuoti yozishicha, Qirg’izistondagi noroziliklar asosan Pokiston va Hindiston fuqarolariga qaratilgan, to’qnashuvlar qo’shni davlatlarda ham jiddiy xavotir uyg`otgan.

Ammo O’zbekistondagi mavjud rasmiy munosabatda, qirg’izlar pokistonlik va hindistonlik talabalarga hujum qilgani haqida xabar berayotgan o´zbek matbuotida ham talabalar taqdiriga doir jiddiy xavotirlar kuzatilmaydi.

Xavotir asosan elchixona tomonidan tarqatilgan ogohlantirish bilan cheklangan. O’z fuqarolariga nisbatan shunday ogohlantirish bilan chiqqan davlatlar qatorida Turkiya, AQSh ham bor.

Bu xavotirlar Qirg’izistonda xorijliklarga qarshi noroziliklar, aksariyati Pokistondan bo`lgan o`nlab talablar kaltaklanishi ortidan kuzatilmoqda.

Qirg’iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda millatchilikka doir kuzatilgan navbatdagi ziddiyat ortidan qirg’izistonliklarga murojaat bilan chiqdi.

O`z murojaatida qirg’izlarni bag’rikenglikka chaqirgan Sadir Japarov ziddiyatni alangalatgan kuchlar borligini ham iddao qildi.

Prezident bu kuchlar kimligini ochiqlamadi, ammo bayonot ohangidan gap hukumatga muxolif bo`lgan faollar haqida borayotganini anglash mumkin.

13-may kuni Bishkekda aksariyati Pokiston va Hindistondan bo`lgan talabalar va mahalliy yoshlar o`rtasida mushtlashuv kuzatilgan, bu janjalga doir videolavhalarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqashi esa tartibsizliklarni boshlab bergan.

Bir guruh qirg’izlar tomonidan pokistonlik va hindistonlik talabalar joylashgan yotoqxonalarga hujum uyushtirilgan, ular kaltaklangan, haqoratlangan.

Ziddiyatdan so`ng Pokiston hukumati o’z fuqarolarini Qirg’izistondan olib chiqib ketishni boshladi, Islomobodda Qirg’izistondagi hujumlarga qarshi noroziliklar bo’lib o`tdi.

Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi tarqatgan axborotga ko`ra, xorijlik talabalar va mahalliy yoshlar o’rtasida ko’chada yuz bergan to’qnashuv ortidan “osiyocha ko`rinishdagi ” bir guruh yoshlar talabalar yashayotgan yotoqxonaga, jumladan talaba qizlar xonalariga ham bostirib kirishgan, xorijlik talabalar va qirg’izlar o`rtasida mushtlashuv boshlangan, qirg’izlardan biri jarohatlangan.

Buni ham ko'ring Qirg'izistonda faollar yurishi: “Po’lat toblanadi, tosh sinadi”

13-may kuni sodir bo`lgan bu voqeaga doir videolavhalar bir necha kun o`tib xorijliklar qirg´izlarni kaltaklagani da’vosi bilan ijtimoiy tarmoqda tarqay boshlagan, 17-may kechasi Bishkekda bir necha yuz kishi yig`ilib xorijlik talabalarga qarshi hujumlar boshlangan.

Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi 21-may kuni xorijliklar yashagan yotoqxonaga hujum qilgan, ularni kaltaklab, buyum va pullarini o`margan bir nechta Qirg’iziston fuqarosi hibs qilingani haqida ma’lumot tarqatdi.

Shu bilan bir qatorda mushtlashuvda ayblanib, bir necha xorij fuqarosi, jumladan misrlik talabalar ham hibs qilingan, ular taqdiri hozircha noma`lum.

Noroziliklar ortidan qirg’izistonliklarga murojaat bilan chiqqan Prezident Japarovga ko`ra, tartibsizliklar norozilikka chiqqanlar orasida mamlakatda adovat qo’zg’ash, keng miqyosdagi beqarorliklar keltirib chiqarish niyatidagi kuchlar borligi uchun keskin bostirilmagan.

Ayrim qarashlarga ko`ra, huquq-tartibot idoralari norozilikka chiqqanlarning yotoqxonalarga bostirib kirishiga to’sqinlik qila olmagan.

Qirg’izistondagi so’nggi yirik milliy ziddiyat bundan o’n yillar avval kuzatilgan, mamlakatdagi o’zbeklarga qaratilgan bu nizo BMT tomonidan ommaviy qirg`in sifatida baholangan edi.