Ukraina urushida NATOning ehtimoliy ishtiroki haqidagi gap-so’zlar ortidan Kreml “G‘arb Ukrainadan foydalanib, Rossiyaga qarshi urush ochdi” degan eski da’vosini yana qo’zg’atdi.
Ukrainadagi urush 27-oyga kirar ekan, Rossiya tobora ko'proq Ukraina hududlarini qo'lga kiritayotgan bir paytda Kiyevning G'arbdagi ittifoqchilari Ukraina mudofaasiga yordam berish yo'llarini qayta ko'rib chiqmoqda.
Kuzatuvchilarga ko’ra, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning “Qoʻshma Shtatlar Ukrainaning Rossiya hududi ichida Amerika qurollaridan foydalanishini ragʻbatlantirmasa yoki ruxsat bermasa-da, oxir-oqibat, Ukrainaning o’zi urushning natijasi haqida qayg’urishi va oʻzi qaror qabul qilishi kerak” degan gaplari siyosatdagi jiddiy burilishlardan biridir.
Rossiyalik sharhlovchilar Blinkenning bu gaplarini qarama-qarshi talqin qildi.
Rossiyaning eng keksa va mashhur tabloid gazetasi “Komsomolskaya Pravda” sharhlovchisi Aleksandr Grishinning yozishicha, “Blinkenning soʻzlari Vashington Kiyevga Rossiyaning “an’anaviy” hududlarini Amerika qurollari bilan nishonga olishga ruxsat berganini anglatadi”.
Uning keying gaplari esa umuman aqlga sig’maydi.
Buni ham ko'ring Rossiyadan qochgan jurnalistlarning taqdiriGrishin Neil Yangning “Rockin in The Free World” (“Erkin dunyodagi silkinish”) she’ridan bir parcha misol keltirib, AQSh kotibi uni Kiyevdagi klubda qo’shiq qilib aytishini, o’zini “shayton” deya tan olishini va bu Blinkenning hayotida aytgan eng haqiqatga yaqin gaplari bo’lishini hamda u va AQSh tomonidan berilayotgan “sovg’alar” “shaytonning sovg’alari” ekanligini aytdi.
U o’z da’vosini “Belgilar hamma joyda, hamma joyda belgilar bor", deya yakunladi.
Rossiyaning yana bir faxriy axborot agentligi "Izvestiya" AQSh o’z qurollarining Ukraina tashqarisida ishlatilishini qo’llab-quvvatlamasligini ta’kidlagan bo’lsa-da, rossiyalik ayrim diplomatlarga tayanib, AQShni Rossiya hududida “Kiyev teraktlariga homiylik qilishda” aybladi.
Avvalroq, fevral oyida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron “Rossiya bu urushda g‘alaba qozonmasligi uchun” Ukrainaga qo‘shin yuborish kerakligi haqida gapirgan edi.
Makronning bu so'zlari Rossiyaning yuqori lavozimli amaldorlari va davlat ommaviy axborot vositalari ishtirokida bir necha oydan beri davom etayotgan propaganda to’lqinini keltirib chiqardi.
Makronning avvalroq aytishicha, “Agar ruslar front chizigʻiga kirib kelsa va Ukraina iltimos qilsa, NATO ittifoqchilari Ukrainadagi urushga qoʻshin yuborish masalasini qonuniy ravishda koʻrib chiqishi kerak”.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukraina NATO qo‘shinlaridan askar jo’natishni so’ramaganini bildirdi.
AQSh va NATO Ukrainaga qo'shin yuborishni rejalashtirmayapti, dedi Makronning bayonotidan so'ng darhol AQSh Davlat departamenti. Britaniya, Ispaniya va Finlyandiya ham o’sha kuni shunday bayonot tarqatdi.
Shunday boʻlsa-da, Rossiya Mudofaa vazirligi “ayrim Gʻarb rasmiylarining provokatsion bayonotlari va tahdidlariga javoban” Ukraina bilan chegara yaqinida taktik yadroviy qurol mashgʻulotlari oʻtkazilayotganini eʼlon qildi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunga aniqlik kiritdi:
Your browser doesn’t support HTML5
“Janob Makron, Britaniya rasmiylari va AQSh Senati vakillari Ukrainaga qo‘shin jo‘natishga ishora qilib, Rossiyaga yadroviy mashg‘ulotlarni boshlashga turtki berdi”.
Polsha Bosh vaziri Donald Tuskning aytishicha, ittifoqchilar Prezident Vladimir Putinning tizimli yadro tahdidi ortida yadroviy keskinlashuv xavfini hisobga olib, Rossiyaga qarshi urush boshlamaydi. U qo'shimcha qilib, cheklangan miqdordagi NATO askarlari, kuzatuvchilari va muhandislari allaqachon Ukrainada ekanligini ta'kidladi.
Bir qancha vaqt avval, Tusk NATOning Ukrainadagi urushda bevosita ishtirokini "tasavvur qilib bo'lmaydi" deb aytgan edi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova aprel oyida Fransiya Ukrainaga 1,500 harbiy xizmatchini jo’natishga hozirlanayotgani haqida yolg’on da’vo qilgan edi.
Kremlparast va davlatga tegishli axborot vositalari bu da'voni yanada kuchaytirdi.
“Ren TV” telekanali Rossiya tashqi razvedka xizmati ma’lumotiga tayanib, “Fransiya Ukrainadagi jangovor zonaga yuborish uchun 2000 askar tayyorlamoqda”, - deb xabar tarqatdi.
Rossiyaning davlat axborot agentligi “Sputnik” Fransiya allaqachon Ukraina sharqida "Fransuz chet el legioni"ning taxminan 100 kishidan iborat "birinchi bo‘linmasini" joylashtirib, "Rossiya armiyasi bilan jangovar harakatlarda ishtirok etish" va "front chizig‘i shahar tomon siljiganda Slavyanskni himoya qilishda Ukraina armiyasiga yordam berish" uchun yuborganini xabar qildi.
AQSh mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Stiven Brayen Gonkongda joylashgan “Asia Times” uchun yozgan maqolasida “Sputnik”ning xabarini tasdiqlab, fransuz qo'shinlari allaqachon Ukraina sharqida ekanligini va bu "keng ko'lamli Yevropa urushini boshlash xavfini tug'dirishi mumkin"ligini fakt sifatida ko'rsatdi.
Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari Brayenning sharhlarini tez-tez dalil qilib keltiradi, chunki uning izohlari ko‘pincha Kreml tezislarini aks ettiradi.
Aprel oyida “RIA Novosti” davlat axborot agentligi va Rossiyaning Janubiy Afrikadagi elchixonasi Rossiya Qurolli kuchlari Ukraina sharqidagi Slavyansk shahrida “fransuz yollanma askarlari” joylashgan joyga zarba berdi, deb yolg‘on ma’lumot berdi.
Buni ham ko'ring Rossiyaning "Dojd" telekanali xorijdan turib propagandaga qarshi kurashmoqchiRossiya nashrlarining hech biri fransuz qo'shinlari Ukrainada jang qilayotgani haqidagi da'voni tasdiqlovchi ishonchli mustaqil manbalar keltirmagan. Fransiya hukumati o’z harbiylarini jo’natganini rad etadi.
Rossiya propagandasi 2014-yilda Qrim yarimorolini noqonuniy qo’lga olib, Ukraina sharqiga bostirib kirganidan beri “xorijiy yollanma askarlar” haqidagi uydirmani tez-tez ilgari suradi. Aslida Ukraina o‘z qurolli kuchlariga xorijiy ko‘ngillilarni yollamoqda va ularga maosh to‘lamoqda. Bu esa ularni oddiy harbiy harakatlar nuqtai nazaridan muntazam qo‘shinlarga aylantiradi, yollanma askarlarga emas.
Sobiq prezident Dmitriy Medvedev, hozirda Xavfsizlik Kengashi raisining o‘rinbosari va "yadro javobi"ning eng ashaddiy tarafdorlaridan biri, NATO qo‘shinlari Ukrainada bo‘lsa, Rossiya "G‘arb poytaxtlariga yadro quroli bilan zarba berib” javob qaytarishi kerakligini yozib, “X” va “Telegram” kanallarida o‘z tahdidlarini takrorladi.
Rossiyaning Janubiy Afrikadagi elchixonasi yana ikkita post bilan vahima qilib, fransuz xorijiy legioni Ukraina sharqida "birinchi yo'qotishlarga uchragan" deya yolg'on xabar berdi.
Kreml ham Vladimir Zelenskiyga mamlakatni Rossiya tajovuzidan himoya qilish uchun NATO qo‘shinlarini taklif qilishni so‘rab, Ukraina prezidenti veb-portalida joylashtirilgan onlayn petitsiyani targ‘ib qilishga harakat qildi.
May oyida xususiy shaxs tomonidan e'lon qilingan petitsiya bugungi kunga qadar prezident tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun zarur bo‘lgan 25,000 ta imzodan 4,000 dan kamrog‘ini to‘plagan. Ushbu petitsiya 25,000 ta imzo to‘plab, "ko‘rib chiqilishini kutayotgan" 2000 ta boshqa petitsiyalardan o’tib, Zelenskiyning stoliga tushishi dargumon.
Agar shunday bo'lsa ham, prezident uni ratifikatsiya qilish uchun parlamentga yuborishi kerak, ya'ni onlayn petitsiyalarni ko'rib chiqishning qonuniy jarayoni ancha uzoq davom etadi.
Peskov petitsiyani “xavfli harakat” va “bashoratsiz Kiyev rejimi”ning “g‘azabnok provokatsiyasi” deb atadi va Kreml “vaziyatni diqqat bilan kuzatayotganini” aytdi. Davlat ommaviy axborot vositalari G'arb, NATO va Ukraina so’zlarini "darg’azab", "xavfli" va "provokatsiya" so’zlari bilan birga keltirib, sarlavhalar qo’yib, turli xabarlar tarqatdi.
Rossiya Ukrainaning NATOga bostirib kirishini talab qilishining huquqiy asosini inkor etsa-da, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining 51-moddasida BMTga aʼzo davlatlar “agar Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosiga qarshi qurolli hujum sodir boʻlsa, oʻz-oʻzini jamoaviy mudofaa qilish huquqiga ega”, deyiladi. Xavfsizlik kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash uchun zarur choralarni ko'radi”.
Putin xuddi shu BMT qonunidan Suriyaga bostirib kirish va davom etayotgan fuqarolar urushida Bashar al-Assadni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalangan. 2015-yil 30-sentabrda Rossiya harbiy-havo kuchlarining Suriyadagi aviatsiya guruhi hukumatga qarshi kuchlar nishonlariga zarba bergan edi.
Rossiyaning shu kungacha Suriyada harbiylari bo’lib, vaqti-vaqti bilan Asad guruhining dushmanlariga qarshi raketa va bomba hujumlarini amalga oshirmoqda.
Putin Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan Donetsk va Lugansk viloyatlari nomidan 2022-yilda bostirib kirish to‘g‘risida iltimosnoma yo‘llab, Ukrainadagi harbiy tajovuzini yana qonuniylashtirishga uringan edi. O’zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar ulardan qo'shin yuborishni so'ragan.
Putin hatto Rossiyaning Ukrainadagi urushi BMT Nizomiga "to'liq javob beradi" deb da'vo qildi.
Ammo BMT Putinning da'vosini noqonuniy deb topdi va Rossiyadan Ukrainani tark etishni hamda yuz minglab ukrainaliklar va ruslarning hayotiga zomin bo'lgan urushni to'xtatishni talab qildi.