AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp, Oq uyga qayta saylanish harakatida ekan, yaqin kunlarda vitse-prezidentlik uchun kimni tanlaganini e'lon qiladi.
Iyul oyi oxirida respublikachilar saylovoldi qurultoyida prezidentlikka va vitse-prezidentlikka nomzodlar sahnaga chiqib, poyga yanayam jiddiy tusga kiradi.
Senatorlar Marko Rubio va J.D. Vens, Shimoliy Karolina shtati gubernatori Dag Burgum - vitse-prezidentlik uchun ko'rilayotgan arboblar.
Shuningdek, senator Tim Skott va Vakillar palatasi a'zosi Eliz Stefanik ular qatorida.
Tramp bu safar o'ziga sherik sifatida ozchilikdan chiqqan, oq tanli bo'lmagan va o'ziga ko'p jihatdan o'xshamagan siyosatchini tanlashi kutilmoqda.
Brukings tahlil markazidan Uilyam Galston deydiki, bu - prezidentlik tomon o'ta muhim qaror.
"Vitse-prezidentlikka tanlangan odam hech bir jihatdan zarar yetkazmaydigan, nomzodga kuch beradigan shaxs bo'lishi kerak", - deydi ekspert.
"Noto'g'ri odamni poygaga olib kirish nomzodga juda qimmatga tushishi mumkin".
Galston kuzatishicha, respublikachilar orasida vitse-prezidentlikka Nikki Heylini loyiq ko'radiganlar ko'p. Heyli Oq uy uchun partiyaviy saralash jarayonidan o'ta olmay, kampaniyasini to'xtatgan. Tramp u bilan muloqotda emasligini aytadi. Heyli Tramp prezidentligi paytida uning qo'lida ishlagan, xususan BMTdagi elchi bo'lgan.
Vitse-prezidentlikka tanlangan arbob prezidentlik uchun nomzodni to'ldirishi, mafkuraviy sherigi bo'lishi kerak.
Vitse-prezidentlikka ko'rilayotganlar orasida Marko Rubio Vashingtonda eng tanilganidir. Florida shtatidan saylangan konservativ senator oldin Tramp bilan ancha achchiq so'zlar almashgan. 25 yildan beri siyosatda. 13 yildan oshibdiki, Senatda. Razvedka masalalari bo'yicha qo'mitada yetakchilardan biri.
53 yoshli Rubio oilali, to'rt bolali. U - kubalik muhojirlar fazrzandi. Milliy xavfsizlikni birlamchi yo'nalish deb hisonlaydi.
Rubio 2016-yilda prezidentlik uchun kurashgan, ammo partiya ichida yetarlicha ovoz ololmagan.
Uning ispancha bilishi, immigrant oiladan chiqqani, lotin amerikaliklarni tushunishi - ijobiy xususiyatlari, deydi siyosiy tahlilchi Larri Sabato.
Ohayo shtatidan saylangan senator J.D. Vens 39 yoshda, uch bolali. Iroqdagi urushda xizmat qilgan, huquqshunos, Amerika hayoti haqida kitob yozgan, tadbirkor.
Vens yaqingacha Trampning ashaddiy tanqidchilaridan biri edi, hatto uning AQShni zaharlayotgan inson, deya ta'riflagan.
Biroq Rubio singari oxirgi paytda Vens ham Trampni quvvatlab kelmoqda.
Galston nazarida Ohayoda yutishi uchun Trampga Vens singari sheriklar kerak, lekin uzoq muddatda ikki respublikachi chiqisha olmasligi mumkin.
Shimoliy Dakota gubernatori Dag Burgum 67 yoshda, uch farzandli. Badavlat, informatsion texnologiya sohasida tadbirkorlik qilib, hozirda filantropik ishlar bilan ham shug'ullanadi.
Heyli singari u ham Oq uy uchun kurash boshlab, keyinroq poygani tark etgan. Tramp prezident bo'lishi kerak, deb keladi va mediada muntazam ravishda sobiq prezidentni yoqlab gapiradi.
"Tramp Burgumni yoqtiradi va birga ishlay oladi", - deydi Sabato.
"Bu arbob Trampga soya soladigan inson emas, unga yordam beradi".
Janubiy Karolina shtatidan senator Tim Skott ham vitse-prezident bo'lishga munosib, deya ta'riflanayotganlardan biri. Vakillar palatasida ham xizmat qilgan, 2013-yildan beri Senatda.
Qora tanli ekani Trampni afro-amerikaliklar orasida ovoz olishiga hissa qo'shishi mumkin. Lekin Janubiy Karolinada Tramp oldindan keng quvvatlanadi va shtatda yutishi uchun Skottga muhtoj emas, deydi tahlilchilar.
Mamlakat bo'ylab, respublikachi nomzod qora tanlilar orasida ancha salbiy imijga ega va uni tuzatishda qora tanli sherik muhim rol o'ynashi mumkin.
Nyu-Yorkdan qonunchi Eliz Stefanik deyarli 10 yildan beri Kongressning quyi palatasida ishlab keladi. Tramp impishment jarayonidan o'tayotgan paytda uni qattiq himoya qilib, e'tiborga tushgan.
Ayol kishi ekani uchun ham Trampga ancha dalda bo'ladi, chunki respublikachi nomzod xotin-qizlar orasida demokrat raqibiga qaraganda juda past baholanadi.
Stefanik vitse-prezidentlikka tanlansa, Nyu-York shtati Trampga ovoz berishiga umid yo'q, deydi siyosatdonlar, chunki Amerikaning bu qismi azaldan liberallarni ma'qul ko'radi.
40 yildan beri shtat respublikachini prezidentlikka loyiq ko'rmagan. Saylovchilarning 61 foizi 2020-yilda Jo Bayden uchun ovoz bergan.