Rossiya va Shimoliy Koreya o'rtasida imzolangan yangi mudofaa pakti sammitdan oldingi raddiyalardan farqli o'laroq, Moskvaning Pxenyan bilan to'liq harbiy hamkorlikka tayyorligini ko'rsatdi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrif buyurmasidan oldin Moskva Pxenyanga harbiy texnologiyalarni uzatayotgani haqidagi xabar allaqachon keng tarqalgan edi.
2023-yilda Shimoliy Koreya birinchi marta qattiq yoqilg’ida ishlaydigan “Xvason-18” raketasini uchirdi. Raketaning tutun shakli va rangini tahlil qilgan ekspertlar bu texnologiyalar Rossiyadan kelganini taxmin qilishgan.
Shuningdek, AQSh va boshqa davlatlar Shimoliy Koreyani Ukrainadagi urushi uchun Rossiyaga katta miqdorda o‘q-dorilar yetkazib berishda ayblamoqda.
Sentabr oyida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un Rossiyaga tashrifi chog’ida sun'iy yo'ldoshlarni uchirish maydonchasi, qiruvchi samolyotlar zavodi, yadroviy bombardimonchi samolyotlar va gipertovushli raketalar bilan jihozlangan Tinch okean flotini borib ko’rgan edi.
Buni ham ko'ring Putin Osiyoda xavfsizlik arxitekturasini yaratishga intilmoqdaRossiya ham, Shimoliy Koreya ham Putinning Pxenyanga tashrifi oldidan qurol va texnologiya almashayotganini inkor etgan. Hozircha Moskva Pxenyanga qanday turdagi harbiy texnologiyalarni berishi mumkinligi aniq emas.
AQSh Mudofaa razvedka boshqarmasi sobiq xodimi, hozirda Texas shtatidagi Anjelo universiteti professori Bryus Behtol so'zlariga ko'ra, Pxenyandagi sammitda Moskva Ukrainaga qarshi foydalanish uchun o'q-dorilar oqimining davom etishi evaziga Pxenyan armiyasini qo'llab-quvvatlashga tayyorligini ochiq bildirgan.
Putin va Kim imzolagan strategik hamkorlik shartnomasida "mudofaani mustahkamlash uchun amalga oshiriladigan “chora-tadbirlar mexanizmlari”ni yaratishga, shuningdek, fan va texnologiya, jumladan kosmik sohani ham rivojlantirishda hamkorlik qilishga kelishib olingan.
Sammit yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Putin AQSh va NATOning boshqa davlatlari Ukrainaga yetkazib bergan qurollardan Rossiya ichidagi nishonlarga qarshi foydalanishga ruxsat berganiga javoban, Moskva Pxenyan bilan harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirishini aytdi.
Shuningdek, Shimoliy Koreya yoki Rossiya hujumga uchragan taqdirda ular bir-biriga yordamga kelishi belgilangan. Ammo Behtolning aytishicha, shartnomaning eng muhim qismi harbiy hamkorlikdir.
“Hech kim Shimoliy Koreyaga yoki Rossiyaga bostirib kirmoqchi emas. Gap harbiy hamkorlik, qurol-yarog' bitimlari haqida bormoqda, bu bitimlarda hech qanday cheklovlar yo'q va ular naqd pulda emas, balki barter shaklida amalga oshiriladi”, - deydi u.
Shimoliy Koreya tomonidan har qanday qurol eksporti yoki importi BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarining buzilishi hisoblanadi.
Putinning taklifi
Putinning Pxenyanga kelishidan oldin Shimoliy Koreyaning “Rodong Sinmun” gazetasida maqolasi chop etildi. Unda yozilishicha, Rossiya va Shimoliy Koreya Gʻarb nazorati ostida boʻlmagan savdo va toʻlov tizimini ishlab chiqadi. Bu har ikki davlatga nisbatan qo'llanilgan xalqaro sanksiyalarni chetlab o'tishni osonlashtiradi.
Shimoliy Koreyaga nisbatan 2016-yildagi sanksiyalar to’g'risidagi qonunni ishlab chiqishda ishtirok etgan vashingtonlik advokat Joshua Stentonga ko’ra, Rossiya va Shimoliy Koreya kamida 10 yildan beri rubl va yuan asosida to'lov tizimlarini yaratish imkoniyatlarini muhokama qilib kelmoqda.
Bu bitimlarda hech qanday cheklovlar yo'q va ular naqd pulda emas, balki barter shaklida amalga oshiriladi
“Bunday to’lov tizimi ilgari hech qachon ishlamagan va ehtimol, BMT sanksiyalariga ham xilof. Agar AQSh Moliya vazirligi bunga yordam beruvchi banklarga ikkinchi darajali sanksiyalarni qo'ysa, ularning rejasi yana barbod bo'ladi”, - deydi Stenton.
“Musodara qilinishini bartaraf etish uchun Moskva va Pxenyan harbiy texnikani dengiz yo‘llari orqali emas, balki temir yo‘llar orqali almashishi mumkin”, - deydi Osiyo Tinch okeani strategiyasi markazi vitse-prezidenti Deyvid Maksvell.
Uning so‘zlariga ko‘ra, musodara mavzusi iyul oyida bo’ladigan NATO sammiti doirasida Vashington, Seul va Tokio rasmiylari uchrashganda muhokama qilinishi mumkin.
Matbuot anjumanida Putin Rossiya temir yo‘llari ikki davlat o‘rtasidagi Hasan-Rajin temir yo‘l kesishmasini rekonstruksiya qilishda ishtirok etishini ma’lum qildi.
Majburiyatning yuqori shiddati
Bryus Behtol va boshqa tahlilchilarning fikriga ko'ra, ikki davlat o’rtasida harbiy hamkorlik, jumladan Rossiyadan Shimoliy Koreyaga harbiy texnologiyalar yetkazib berilishi shartnomasiz ham amalga oshgan bo’lardi.
“To’g’risi, shartnoma unchalik katta ahamiyatga ega deb o‘ylamayman”, - deydi 2014-2016-yillarda AQSh Davlat departamentining siyosatni rejalashtirish bo‘limida ishlagan, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlarga mas’ul bo‘lgan Maykl Kimmaj.
“Bu majburiyatning yuqoriligini ko’rsatadi va uning uzoq davom etishini ta’minlaydi, ammo shartnomaning o'zi u qadar muhim burilish nuqtasi emas", - deydi u.
Buni ham ko'ring Tahlilchilar: Shimoliy Koreya-Rossiya harbiy hamkorligi - global xavfsizlikka tahdid“So'nggi yillarda Rossiyaning Shimoliy Koreyaga “Iskandar” raketalari, suyuq kislorod va yoqilg'i, sun'iy yo'ldosh uchirish qurilmalari, GPS tutilish moslamalari va 24 mm kalibrli yuqori aniqlikdagi o'ziyurar raketa texnologiyalarini o'tkazganini hisobga olgan holda, bu yangi kelishuv Rossiya uchun Shimoliy Koreyaga harbiy texnologiyalarni osonroq o'tkazishga imkon berishini tasavvur qilish qiyin”, - deydi Bryus Bennett, RAND korporatsiyasining katta harbiy tahlilchisi.
“Menimcha, gap qurol texnologiyalarini o'tkazishni yanada ko’paytirishda emas, balki Rossiya hukumatining bunday o'tkazmalarni amalga oshirishga siyosiy tayyorligida”.
Putinning Pxenyan bilan harbiy hamkorlikka tayyorligini ochiq bayon etishi Seulda ham, Vashingtonda ham chuqur xavotir uyg‘otdi.
Janubiy Koreya prezidentining yuqori martabali rasmiylaridan biri Seul endi Ukrainaga bevosita qurol yuborish masalasini ko‘rib chiqishini aytdi. Rossiya 2022-yil fevralida Ukrainaga bostirib kirganidan beri Seul Ukrainaga qurol yetkazib berishdan o‘zini tiyib keladi.
Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligi vakili “Amerika Ovozi”ning Koreys xizmati bilan suhbatda Seul “BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini ochiqdan-ochiq buzadigan” harbiy-texnik hamkorlik to'g'risidagi bitim va deklaratsiyadan “jiddiy xavotirda” ekanini ma'lum qildi.
AQSh Davlat departamenti vakili esa “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Rossiya va KXDR oʻrtasidagi hamkorlikning kuchayishini katta tashvish uygʻotadigan tendensiya”, deb atadi. KDXR – Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, Shimoliy Koreyaning rasmiy nomi.
Vashingtondagi Xitoy elchixonasi vakili Liu Pengyuga ko’ra esa Moskva va Pxenyan o’rtasida “odatiy almashuvlar, hamkorlik va yaqinroq munosabatlarga” ehtiyoj bor.