Kolorado shtatida bilim olish "boshqacha"

  • Amerika Ovozi

Dastin Moreno, Kolorado davlat universitetida qishloq xo'jaligi sohasida magistraturada o'qigan panamalik

Amerika g’arbidagi Kolorado xorijdan eng ko’p talaba keladigan shtatlardan. Chunki, deydi ular, mamlakatning bu qismi, ayniqsa tabiati go'zal, odamlari va imkoniyatlari "boshqacha". Kolorado davlat universiteti - shtatning eng yirik oliy ta’lim maskani.

Dastin Moreno Panamadan. AQShda o’qishni xohlaganining asosiy sababi – qishloq xo’jaligi bo’yicha kuchli ta’lim dasturlari.

“Bu sohada Amerikaga yetadigani yo’q. Qishloq xo’jaligini fan sifatida bu yerda juda effektiv o’rgatishadi. Ingliz tilida bilim olishni istaganman har doim, chunki bu har yerda tijoriy til. Magistratura darajasini shu yerda o’qish uchun kelganman”, - deydi u.

Moreno universitetga qabul qilinish o’gir kechadi, deb o’ylagan edi. Universitet unga ikki haftalik ingliz tili kurslari taklif qildi. Magistraturani boshlashdan oldin tilni charxlab olish uchun ayni muddao bo’ldi, deydi talaba.

Your browser doesn’t support HTML5

Kolorado shtatida o'qiyotgan xorijlik yoshlar

Buni ham ko'ring Amerikaga sayohat: Roki-Mauntin milliy parki

Kolorado davlat universitetida orttirgan bilim va tajribasini Moreno vatanida qo’llashga bel bog’lagan. Qishloq xo’jaligi har bir davlat uchun hayot-mamot masalasidir. Panamada ekinzorlar oz, yerning sifati talabga javob bermaydi, deydi talaba. Muammolar va to’siqlar ko’p, iqlim buzila boshlagan.

"O’tlarni boshqarish degan fan bor va men uchun juda qiziq va muhim. Mamlakatimizda bu sohada mutaxassis deyarli yo’q. Bunga imkoniyat deb qarayman. Amerikada esa bu yo’nalish yaxshi rivojlangan, ayniqsa mana shu universitetda. O’qishim deyarli tugab qoldi va vatanda nima qilishni rejalab yuribman”, - deydi Moreno.

Kolorado davlat univetsiteti bitiruvchilarga ish topishda ham yordamlashadi, Amerikada va boshqa mamlakatlarda.

“Ingliz tilidan dars berish men uchun sharaf. Talabalarimni quvvatlaymiz. Ta’sirimni his qilaman, iqtisodiy, ilmiy va har sohada. Ingliz tilini bilmaslik bu yoshlarni naqadar ko’p imkoniyatlardan ayirgan bo’lardi”, - deydi Lorel Bond, o’qituvchi.

Kolorado davlat universiteti Fort Kollins shahrida joylashgan

Loren Kinter ilmiy ingliz tili degan yo’nalishda ekspert va Kolorado davlat universitetining maxsus dasturini yuritadi. Chet ellik talabalar kampusga moslashishini osonlashtiradi.

“Ingliz tilini bilishning o’zi yetmaydi. Siz bu yerdagi madaniyat va mentalitetni ham tushuna boshlashingiz kerak, aks holda bilim olishingiz, odamlar bilan kelishib ketishingiz qiyin. Xorijiy talaba faqat o’qish uchun kelmaydi. Siz bu jamoani va muhitni boyitasiz, uning bir qismiga aylanasiz. Odamlar sizni tanishi, sizning madaniyatingizni o’rgana olishi kerak”, - deydi Kinter.

Moreno fikricha, AQShda o’qish insonning o’ziga nisbatan ishonchini oshiradi.

“Tirishqoqlikka undaydi va oqibatda o’zingizga ko’proq tayana boshlaysiz, mustaqil fikrlashni va ish tutishni o’rganasiz. Oson emas ekan bu”.

O’tgan bir yil ichida Kolorado davlat universitetida 30 ga yaqin mamlakatdan kelgan yoshlar bilim oldi.