AQShda avjiga chiqayotgan saylov kampaniyasi Ukraina urushiga ham bevosita ta’sir o’tkaza boshlagan. Ayniqsa respublikachilar nomzodi Donald Tramp vitse-prezidentlikka Ukrainaga yordam bo’yicha tanqidiy qarashga ega senator Jeyms Vensni tanlashi ortidan urush taqdiriga doir xavotirlar jiddiy kuchaydi.
Prezident Volodimir Zelenskiyning Donald Tramp bilan telefon orqali muloqoti ham bu xavotirlarni aritgani yo’q. Trampning prezidentlikka kelgan taqdirda, u Ukrainani majburiy sulhga undashiga doir qarashlar kuchaymoqda.
Bu qarashlar Trampning bayonotlaridan turtki oladi. U bir necha bor prezidentlik saylovida g’alaba qilishi ortidan urushni 24 soat ichida tugatishga va’da qildi.
Ammo Tramp urishayotgan tomonlar - Rossiya va Ukrainani qanday shartlar asosida murosaga keltirmoqchi ekanligi noma’lum. Buning tafsilotlari Zelenskiy va Tramp o’rtasidagi muloqotdan keyin ham oydinlashmadi.
Buni ham ko'ring NATO Rossiyani tahdid, Xitoyni unga sherik deb atamoqdaMuloqot 20-iyulda, respublikachilar qurultoyida prezidentlikka nomzodni tasdiqlashi ortidan o’tdi.
Prezident Zelenskiy Trampni nomzodlikka tasdiqlangani bilan tabriklagan, Ukraina urushi taqdirini keyinroq bevosita uchrashuvda gaplashib olishga kelishgan, Trampni Ukrainaga taklif qilgan, Ukraina uchun har ikki partiyaning qo’llovi muhimligini aytgan.
Tramp yaqinda “Fox” telekanali bilan intervyuda Zelenskiy bilan suhbati tafsilotlariga to’xtaldi. U Zelenskiyga urushni tugatish lozimligi, Rossiya armiyasining qudratiga bas kelish qiyinligi, ular urushni doimo g’alaba bilan yakunlashgani, ikki tomon tinchlik bitimiga kelishishi lozimligi haqida aytgan.
Trampning urushni 24 soat ichida to’xtatishiga doir da’vosi ancha avval ham bildirilgan, buni Zelenskiy ham izohlab o’tgan edi, jumladan tinchlik bitimi Ukraina hududlari evaziga bo’lmasligini ta’kidlab.
“Bu degani urushni to’xtatib, hududlarni topshirish, hammasini unutish. Putin hududlarni olib, buni o’z g’alabasi sifatida e’lon qiladi. Biz hech qachon bunga bormaymiz”, - degan edi Zelenskiy.
AQShda prezidentlik saylovi va nomzodlarning Ukraina bo’yicha munozaralari davom etar ekan, Ukraina tomonidan berilayotgan so’nggi bayonotlarda o’zgarish seziladi, xususan ishg’oldagi hududlar ozod qilinmasdan ham tinchlik muzokarasini boshlashga hozirlik.
Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kulebaning Xitoyga safari, Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan muzokaralari ham shu so’nggi o’zgarishlar manzarasida o’tdi.
Kulebaning Xitoyga safaridan asosiy maqsadlaridan biri Shveysariyadagi tinchlik muzokarasida qatnashishdan bosh tortgan Rossiyani, jumladan Xitoyni ham bu jarayonga jalb etish sifatida baholanadi.
Ukraina urushi bo’yicha tinchlik sammitining ilk yig’ilishi Shveysariyada o’tdi, ammo unda Rossiya, Xitoy, Global Janubga kiruvchi boshqa bir qator davlatlar ishtirok etmadi. Qatnashgan ayrim davlatlar sammit doirasida qabul qilingan deklaratsiyani imzolamadi.
Buni ham ko'ring Urush domiga botgan Putin Sharqdan investitsiya izlamoqdaPrezident Zelenskiy Global Janubning aksariyat davlatlari sammitni inkor etganida Xitoyni ayblab chiqqan edi.
Kiyev Shveysariyadagi bu tinchlik sammiti ortidan yil oxirigacha ikkinchi anjuman o’tkazilishini, unga Rossiya ham taklif qilinishini ma’lum qildi, ammo Moskva ishtirok etmasligini bildirdi.
Prezident Vladimir Putin bu sammit barobarida Ukraina qo’shinlari Rossiya ishg’ol qilgan Zaporojye, Xerson, Donetsk va Lugansk viloyatlarining ma’muriy hududlarini tark etishi lozimligiga doir shartlarni olg’a surdi.
Bu nafaqat Ukraina va uning yaqin ittifoqchilari AQSh, Yevropa tomonidan ham qabul qilinmas shartlar, balki Rossiya tinchlik muzokarasiga qo’shilish qarorida emasligidan darak sifatida ham baholandi.
Ukraina uchun frontdagi vaziyat, shuningdek, tinchlik shartlariga doir talablar keskinlashib borayotgan bir manzarada AQShda kechayotgan prezidentlik saylovlari, xususan Trampning ehtimoliy g’alabasi, uning urush taqdiriga oid bayonotlari Kiyev uchun qo‘shimcha bosimga aylangani kuzatiladi.
AQSh - Ukrainani harbiy texnika, qurol-aslaha, moddiy jihatdan qo’llab quvvatlab kelayotgan asosiy davlat. Bu yordam to’xtatilgan taqdirda Ukrainaning urushda yutqazishi, Rossiya shartlarini shaksiz qabul qilishi muqarrar baholanadi.
Prezidentlik saylovidagi ehtimoliy g’alabasi ortidan urushni 24 soat ichida to’xtatishini da’vo qilayotgan Donald Tramp ham, uchinchi yilki Rossiya bosqiniga qarshi kurashib kelayotgan Ukraina hukumati ham buni yaxshi tushunadi.