"Patriot" tizimi va “F-16” samolyotlari Ukraina urushini qanchalik o'zgartira oladi?

  • Amerika Ovozi

"F-16" qiruvchi samolyotlari

May oyida AQSh Ukrainaga Amerika tomonidan taqdim etilgan qurollar yordamida chegaraning narigi tomonidagi Rossiya nishonlariga zarba berishga ruxsat berdi. Bu qaror ukrainaliklarga Xarkov va boshqa Ukraina hududlarida Rossiya hujumlaridan yaxshiroq himoyalanish imkonini berdi. Biroq bu ruxsat AQSh yetkazib berayotgan uzoq masofali ATACMS raketalari kabi qurollarga tegishli emas.

Ukraina rasmiylari Rossiya ichkarisiga zarba berish uchun ko'proq erkinlik so'rab murojaat qilishlariga qaramay, hozircha AQSh siyosatining o'zgargani yo’q, dedi Pentagon matbuot kotibi general-mayor Pet Rayder "Amerika Ovoziga" bergan intervyusida.

Shuningdek, u Ukraina uchun qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa uchun “Patriot” batareyalari, “F-16” qiruvchi samolyotlari va Germaniyada Ukrainaga NATOga a’zo bo‘lish sa’y-harakatlarida yordam beradigan qo‘mondonlik markazini yaratish borasida qilinayotgan ishlar haqida gapirdi.

Buni ham ko'ring F-16 samolyotlari Ukrainaga qachon yetkaziladi?

Quyida intervyudan qisqa parchani e’tiboringizga havola qilamiz.

Amerika Ovozi: Prezident Bayden AQSh va uning ittifoqchilari Ukrainani qo‘shimcha “Patriot” batareyalari va havo mudofaa tizimlari bilan ta’minlashini ma’lum qildi. AQSh yana bitta “Patriot” batareyasini bermoqda Ukrainaga yetkazib berish qancha vaqt oladi? Bu uchun belgilangan muddat bormi va bu ukrainalik askarlardan qo'shimcha tayyorgarlikni talab qiladimi?

Pet Rayder: Ma’lumki, Ukraina havo mudofaasi bir muncha vaqtdan beri Mudofaa vaziri Ostin va AQSh hukumati uchun ustuvor masala bo‘lib kelgan. Agar bir yil ortga nazar tashlasangiz, Ukraina xalqi va suverenitetini himoya qilish uchun zarur bo'lgan havo mudofaa qobiliyatini qanday yaxshilash kerakligi haqida suhbat qilgan edik.

Operatsiya xavfsizligi sababli, yetkazish muddatlari haqida batafsil ma'lumot bera olmayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, biz har doimgidek, Ukrainadagi hamkorlarimiz bilan ishlab, iloji boricha tezroq yetkazib berishga harakat qilamiz. Tizimlar qachon yetib kelishi va qachon ishlashga tayyor bo‘lishi haqidagi savollarga javobni Ukraina rasmiylariga qoldiramiz.

Havo mudofaa tizmini tezda yetkazish qay darajada zarurligini aytishga hojat yuq. Buni o'tgan hafta Rossiyaning dahshatli raketa hujumlari va ulardan biri Kiyevdagi bolalar kasalxonasiga urilgani ham tasdiqlaydi. Bu doimgidek biz uchun muhimdir.

Amerika Ovozi: Vazir Ostin aytdiki, "F-16" qiruvchi samolyotlari hozirning o'zida Ukrainaga yuborilmoqda. Ular yetib kelishi bilan, shubhasiz, ruslar uchun asosiy nishonga aylanadi. Qo'shma Shtatlar bu samolyotlarni saqlashda va, bundan ham muhimi, ularni potensial Rossiya hujumlaridan himoya qilishda Ukrainaga yordam beradimi?

Your browser doesn’t support HTML5

F-16 – Ukrainaga va’da qilingan samolyotlar

Pet Rayder: Xo'sh, qarang, "F-16" juda ulkan imkoniyatga ega. Bu yuqori texnologiyali tizim bo‘lib, uni boshqarish bilan birga, qay tarzda saqlash va texnik xizmat ko‘rsatishni ham bilish zarur. Bu maxsus tayyorgarlikni talab qiladi.

Ukraina mudofaa aloqalar guruhi (UDCG) Havo kuchlari imkoniyatlari koalitsiyasi AQSh boshchiligida Daniya va Niderlandiya bilan juda ko‘p ish olib bormoqda. Ular nafaqat ukrainalik uchuvchilarni tayyorlash, balki ushbu tizimlarni saqlash uchun ukrainalik texniklarni ham o'qitish va ukrainalik uchuvchilar duch keladigan tahdid muhitida o’zini qanday tutish va boshqarishni ham o'rganishlarini ta'minlash ustida ishlamoqda.

Amerika Ovozi: Prezident Zelenskiy Qo'shma Shtatlarni uzoq masofali qurollar, xususan, ATACMS bo'yicha mavjud cheklovlarni bekor qilishga chaqirmoqda. Bu masala kun tartibidan chiqarildimi yoki bu haqda ukrainaliklar bilan muzokara olib borilmoqdami va bu yondashuv o'zgarishi mumkinmi?

Pet Rayder: Siz ta'kidlaganingizdek, biz ukrainalik hamkorlarimiz bilan Ukrainaning suveren hududini himoya qilish va bosib olingan hududlarni qaytarish bo'yicha muntazam ravishda muloqotni davom etmoqdamiz. Har bir qadamda biz ukrainaliklar bilan ularning ehtiyojlarini tushunishga, suveren Ukraina hududini himoya qilish uchun zarur bo'lgan yordam talablarini ishlab chiqishga harakat qildik.

Darhaqiqat, yaqinda, biz Rossiyaga qarshi o‘q otish va mudofaa zarbalari uchun chegaradan tashqarida AQSh o‘q-dorilarini qo‘llashga ruxsat berdik.

Ammo uzoq masofadan zarba berish borasidagi qarorimiz o‘zgarmadi. Sababi, biz bu ruxsat kutilmagan oqibatlarga olib kelishini va bu Ukraina chegarasidan tashqariga chiqadigan kengroq mojaroga aylanishini istamaymiz. Menimcha, bunga hammamiz jiddiy qarashimiz kerak.

Buni ham ko'ring AQSh Ukrainaga uzoq masofaga uchadigan raketa berish ustida o’ylanmoqda

Lekin biz hech qachon Rossiyaning Ukrainaga tahdidini e'tibordan chetda qoldirmaymiz. Shuning uchun biz Ukraina bilan ishlashda va uning suveren hududi hamda xalqini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan narsalar bilan ta’minlashda davom etamiz.

Amerika Ovozi: Vaziyat aynan qay tarzda keskinlashishi mumkin? AQShning chegaradan o‘tib zarba berishga ruxsat berganidan keyin ham vaziyat hozircha keskinlashmadi.

Pet Rayder: O'ylaymanki, bu holatda, agar ruslar chegaradan turib o’q otsa, yoki Xarkovga qarshi qo‘shin to‘plab hujum qilsagina, ukrainaliklarning javob qaytarishi mantiqan to‘g‘ri bo’ladi.

Lekin yana takrorlayman, Rossiya ichidagi nishonlarga zarba berishning potensial keskinlashuvga olib kelishi mumkin bo'lgan ikkinchi va uchinchi darajali ta'sirlarini, strategik ahamiyatga ega bo'lmagan yoki keskinlikni kuchaytirishi mumkin bo'lgan noxush oqibatlarni hisobga olish kerak.

Shunday qilib, ushbu mojaro davomida biz katta urushning oldini olish uchun Ukraina va Yevropadagi hamkorlarimiz bilan juda yaqin hamkorlik qildik. AQSh Rossiya bilan urushayotgani yo'q. Biz Rossiya bilan ziddiyatga intilmayapmiz, biroq Ukrainaning o‘zini himoya qilish huquqini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va ular bilan ishlashda davom etamiz.

Amerika Ovozi: Germaniyaning Visbaden shahridagi yangi qo'mondonlik markazi haqida ko'proq ma'lumot bera olasizmi? U qachon ish boshlaydi? Unga kim boshchilik qiladi va Ukrainani uzoq muddatda qo'llab-quvvatlash bo'yicha birgalikdagi sa'y-harakatlarni qanday muvofiqlashtiradi?

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina: Ko’p maqsadli Mi-8 vertolyotlari

Pet Ryder: Siz ta'kidlaganingizdek, NATO Visbadenda uch yulduzli qo'mondonlik faoliyatini boshlashini e'lon qildi, bu esa Ukraina uchun tayyorgarlik va xavfsizlik yordamini muvofiqlashtirishga yordam beradi. Bu ikki mexanizm Ukrainani qo'llab-quvvatlash uchun birgalikda ishlaydi va Ukraina Mudofaa bo'yicha aloqa guruhiga yordam beradi.

Ukraina o'z kuchlarini rivojlantirish va ko'paytirishda davom etar ekan, uning katta qismi o'zaro hamkorlikka e'tibor qaratadi, shunda kelajakda NATO ittifoqchilari konsensusga erishgan vaqtda, mamlakat NATOga qo'shilishga tayyor holatda bo’ladi.