Rossiyada “nomaqbul tashkilotlar” to'g'risidagi qonun Davlat Dumasida qayta ko’rib chiqilib, yangi tahrirdagi loyihasi qabul qilindi. Yangi qonun loyihasiga ko’ra, xorijiy hukumatlar tomonidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar, jumladan, “Amerika Ovozi” va BBC kabi axborot agentliklari faoliyati ham yaqin orada Rossiyada noqonuniy deb topilishi mumkin.
Yangi loyihada chet eldan moliyalashtiriladigan nodavlat tashkilotlarining “nomaqbul” deb nomlanishi mezonlari kengaytirildi. Endi “nomaqbul” tamg’asi xorijiy hukumatlar tomonidan tashkil etilgan yoki ular ishtirok etadigan tashkilotlarga nisbatan ham qo'llanilishi mumkin.
Yuqori palata qonunni tasdiqlasa, prezidentga imzolash uchun uzatiladi.
Qonun dastlab 2015-yilda qabul qilingan. Unda nomaqbul tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik uchun jarima va to’rt yilgacha qamoq jazosi belgilangan. Nomaqbul tashkilot faoliyatini tashkil etganlik uchun esa olti yilgacha ozodlikdan mahrum etilish chorasi belgilangan.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng bunday tashkilotlarga tazyiq yanada kuchaydi.
Hozirda 175 dan ortiq tashkilotlar nomaqbul tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan. Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi va “Ozodlik” radiosi, shuningdek, Rossiyaning “The Moscow Times” va “Meduza” mustaqil nashrlari shular jumlasidan.
Moskva bir nechta ommaviy axborot vositalariga, jumladan, BBC va DW jamoat teleradiokompaniyalarini bloklab qo’ygan.
Matbuot erkinligi boʻyicha ekspertlarning taʼkidlashicha, qonun Kremlni tanqid qilgan axborot agentliklari va tashkilotlarini nishonga olish uchun quroldir, fuqarolar erkinliklarini cheklashning bir yo'li.
"Perviy Otdel" huquqni himoya qilish guruhi advokati Maksim Olenichevning ta’kidlashicha, qonun "tashqi ta'sirga qarshi kurash” niqobi ostida ruslarning huquq va imkoniyatlarini yanada cheklaydi.
"Rossiya hukumati o’z fuqarolari va xorijliklar o'rtasidagi har qanday aloqani tahdid deb biladi", - deydi "Amerika Ovozi"ga Olenichev. "Perviy Otdel" tashkilotning o’zi “nomaqbul tashkilotlar” ro'yxatida emas.
Uning aytishicha, qonun ilk bor kuchga kirganidan beri demokratiya va inson huquqlarini targ‘ib qiluvchi yuzlab tashkilotlar Rossiyadan chiqarib yuborilgan.
Rossiyalik huquqshunos Ilya Shablinskiyning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, dastlabki qonun hukumatlar homiylik qiladigan tashkilotlarni nazarda tutmagan.
Qonun endi davlat tashkilotlariga ham daxldor, deydi vatandan surgun qilingan olim.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda Shablinskiy 2018-yilda Moskva Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan Britaniya Kengashining faoliyatini ham to‘xtatganini eslatdi.
Xorijiy davlat idoralari bilan hamkorlik qilgan rossiyaliklarning jinoiy javobgarlikka tortilish xavfi endi yanada oshadi, hech qanday asossiz ish qo'zg'atilishi mumkin deydi Shablinskiy.
Yangi loyihadagi qonun qabul qilinsa, bu xorijiy tashkilotlar, jumladan, "Amerika Ovozi" taqdiriga ham ta'sir qiladi.
1942-yilda tashkil etilgan “Amerika Ovozi” Kongress tomonidan moliyalashtiriladi, lekin tahririyati mustaqil. Uning rus tilidagi xizmati 1947-yildan beri ishlaydi.
Rossiyada shunga o'xshash yana bir qonun mavjud. Unga ko'ra, chet eldan mablag' oladigan tashkilotlar "xorij agenti" deb nomlanishi mumkin. “Amerika Ovozi” ham, “Ozodlik radiosi” ham 2017-yilda “xorijiy agent” deb e’lon qilingan edi.
Matbuot erkinligi bo‘yicha ekspertlarning fikricha, Rossiya hukumati 2012-yilda qabul qilingan Xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonundan Kremlni tanqid qiluvchi guruhlar va shaxslarni nishonga olish uchun foydalanib keladi.
Qonun asosida jinoiy javobgarlikka tortilgan jurnalistlar orasida “Ozodlik” radiosi jurnalisti Alsu Kurmasheva ham bor. Rossiya iddaosiga ko’ra, u Rossiya armiyasi haqida yolg‘on ma’lumot tarqatgan. Kurmasheva 6,5 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda.
Rasmiylar avvalroq asli rossiyalik, lekin hozirda AQSh fuqarosi bo’lgan jurnalistni “xorijiy agent” sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganlikda ayblagan edi.
Kasal onasini ko’rish uchun Pragadan Rossiyaga qaytgan jurnalist hibsga olinib, 19-iyul kuni yopiq eshiklar ortida o‘tgan sudda aybdor deb topildi.
Kurmashevaning o’zi va “Ozodlik” radiosi ayblovlarni rad etadi. AQSh hukumati uni zudlik bilan ozod etishga chaqirib keladi.
Ikkinchi amerikalik jurnalist, “The Wall Street Journal” muxbiri Evan Gershkovich josuslikda ayblanib, 2023-yilning mart oyidan beri panjara ortida. 19-iyulda u 16 yilga qamaldi. Gershkovichning o’zi, “The Wall Street Journal” nashri va AQSh hukumati ayblovlarni rad etmoqda.