AQSh prezidentligi uchun poygaga kirishgan Kamala Harris 6-avgust kuni Tim Uolzni vitse-prezidentlikka munosib nomzod sifatida e’lon qildi.
“O’z shtatining namunali rahbari Tim Uolz ilk kunidan a’lo darajada xizmat qiladi”, - dedi Harris.
Prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Tramp ham vitse-prezidentlikka nomzod Jeyms Vensni maqtaydi.
Biroq Tramp vitse-prezidentlikka nomzodlar saylov taqdiriga ta’sir ko’rsatmasligini aytadi.
“Vitse-prezidentlikka nomzodlar saylov natijalariga ta’sir ko’rsata olmasligi yaxshi hujjatlashtirilgan. Hamma gap prezidentlikka nomzodda”, - deydi u.
Your browser doesn’t support HTML5
Olimlarning izohlashicha, AQSh prezidenti soyasida faoliyat yuritgani uchun vitse-prezidentlar roli yaxshi anglanmagan va beqadr.
Biroq prezident o’z vazifasini bajara olmasa, ular hokimiyatning ilk vorisi, partiyasining esa siyosiy kursini belgilovchi muhim lider.
“Vitse-prezident prezidentga bo’ysunadi, uning siyosatini tatbiq qilishda yordamchi, prezidentning milliy va xalqaro liderlik imkoniyatlarini kengaytiruvchi shaxs”, - deydi siyosatshunos olim Joel Goldshteyn.
Vitse-prezidentlikka nomzod saylov kampaniyasini ma’lum darajada kuchaytiradi.
“1992-yil Bill Klintonning Al Gorni tanlagani omadli bo’lgan. Bu ikki janublik siyosatchi tandemi avlodlar almashinuviga umid bergan”, - deydi Goldshteyn.
Ekspert nazdida, respublikachi senator Jon Makkeyn 2008-yil vitse-prezidentlikka nomzod sifatida gubernator Sara Peylinni tanlab xato qilgan.
“Saylov davrida eng ko’p parodiya qilingan Sara Makkeyn kampaniyasini zaifladi. Biroq u Makkeyn mag’lubiyati sababchisi emas”, - deydi Goldshteyn.
Joriy saylov siklida, Kamala Harris va Tim Uolz oilalar himoyasiga xizmat qiladigan iqtisodga e’tibor qaratmoqda.
“Ular reproduktiv nazorat emas, oilalarga ta’lim, salomatlik, uy-joy va ish o’rinlari kabi jabhalarda iqtisodiy ko’mak taklifi bilan chiqmoqda”, - deydi ekspert Elizabet Klemens.
Vens respublikachilar pozitsiyasini kuchaytirishga urinmoqda, deydi tahlilchi.
“Ularga ko’ra, tarixda o’rta sinf vakili munosib ishlasa, qoidalarga amal qilsa, muvaffaqiyatga erishgan. U kunlar allaqachon o’tib ketgan. Go’yoki Tramp va Vensga ovoz bersangiz, ana shu Amerika qayta tiklanadi”, - deydi Jorj Vashington universiteti professori Piter Loj.
Garchi vitse-prezidentlikka nomzodlar saylovda katta o’zgarish yasamasa-da, fuqarolar ularning elektorat ovoziga qanchalar quloq tutishi va muammolarini ko’tarishiga jiddiy e’tibor qaratadi.