Ukrainani qayta tiklash uchun nimalar kerak?

  • Amerika Ovozi

AQShning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili diplomatlar va boshqa ekspertlar bilan Ukrainani kelajakda tiklash va rivojlantirish rejasini muhokama qildi.

Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiya, “Katta yettilik” sammiti, Shveysariya tinchlik konferensiyasi va NATO sammitidan so‘ng, nihoyat, Ukraina o‘z mudofaa qobiliyatini ta’minlash borasida yetarlicha barqaror holatga kelmoqda: Ukraina frontiga yangi havo mudofaa tizimlari yetkazilmoqda, o‘q-dorilar bilan ta’minlanmoqda; “F-16” harbiy samolyotlari topshirilmoqda va NATO bilan aloqalar chuqurlashmoqda.

Bundan tashqari, AQSh va Yevropa tomonidan uning iqtisodiy barqarorligini moliyalashtirish davom etmoqda.

Energetika obyektlarini tiklash, harbiy xavfni sug‘urtalash bozorini yaratish, Ukrainaga biznes uchun qulay qonunlarni qabul qilish va amalga oshirishda yordam ko‘rsatish, amerikalik hamkorlar ishtirokida Ukrainada mudofaa sanoati bazasini qayta tiklash, ilg‘or ilm-fan va tadqiqot faoliyati uchun moliyalashtirishni jalb qilish, fermerlar, ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar va boshqalar uchun o‘quv imkoniyatlarini ochish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Buni ham ko'ring Sanksiyaga tushgan rossiyalik boylar Ukrainaga yordam berish uchun jalb qilinishi mumkin

Bu G‘arbning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamlaridan faqat bir nechtasi, xolos. Shu bilan birga, Ukrainaning o'zida va uning tashqarisida urushdan keyin Ukraina iqtisodiyotini tiklash bo'yicha batafsil dastur yaratish zarurligi haqida tobora ko'proq gapirilmoqda.

Brukings instituti AQShning Ukrainani iqtisodiy tiklash masalalari bo‘yicha maxsus vakili Penni Pritskerni Ukraina iqtisodiyotining kelajakdagi rivojlanish rejasini ekspertlar, diplomatlar va siyosatchilar bilan muhokama qilish uchun taklif qildi.

Penni Pritsker uchun Ukraina faqatgina xizmat burchi bo‘yicha ishlayotgan mamlakat emas. 140 yil oldin uning oilasi rus tajovuzi va halokatli antisemitizmdan qochib, Rossiya imperiyasining g‘arbiy qismidan chiqib ketgan.

Pritsker Ukrainaga tez-tez borib turadi, ammo uning ushbu mamlakat imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchi faqat tajriba va taassurotlargagina asoslanmagan.

U ukrainaliklar o‘z iqtisodiyoti va o’zligini to‘liq Yevropa Ittifoqi va NATO a'zoligiga asoslashni, mamlakatning Yevro-Atlantika institutlariga integratsiyalashishini, Yevropa va jahon bozorlariga ulanishini, yangi startaplar imkoniyatlari kengayishini, qonun ustuvorligi, boshqaruv va oshkoralikni mustahkamlashni xohlayotgani qanchalik ravshan ekanini aytib berdi.

“Biz ukrainaliklarga o‘z iqtisodiyotlarini saqlab qolishga, korrupsiyaga qarshi kurashni boshlashga va iqtisodiyotda xususiy sektor ishtirokini oshirishga yordam berdik. Bu orqali biz ukrainaliklar bilan mamlakatni uzoq muddatli tiklash loyihasini ishlab chiqish ustida mehnat qildik. Mazkur loyihani men “Ukrainani farovonlikka olib boruvchi yo‘l xaritasi”, deb atayman. Bu yangi iqtisodiy model, yangi ijtimoiy shartnoma uchun kurashdir. Bugungi kunda Ukraina o‘zining barcha salohiyatini ochish va postsovet iqtisodiy modelini butunlay tark etish bilan yuzma-yuz kelmoqda”, - dedi Pritsker.

“Biz Vladimir Putin modelining korrupsiyalashgan avtokratik tizim ekanligini bilamiz. Bu tizimda qonunlar ishlamaydi, u iqtisodiy surrogat bo‘lib, antidemokratik, repressiv, oligarxikdir va hozirda muvaffaqiyatsizlikka uchramoqda. Bu ukrain xalqi istagan kelajak emas, shuning uchun mamlakat yangi iqtisodiyot qurish bo‘yicha og‘ir ishlarni amalga oshirmoqda. Hatto ayni paytda o‘zining yashashi uchun qattiq kurash ham olib bormoqda”, - deb qo‘shimcha qildi u.

Buni ham ko'ring "Katta yettilik" Ukrainaga 18,4 milliard dollar yordam ajratadi

Pritskerning fikriga ko‘ra, Ukrainada kelajakda farovonlikka erishish uchun barcha imkoniyatlar mavjud: 600 million kishini oziqlantirish salohiyatiga ega bo‘lgan boy qora tuproq, sun'iy intellekt va toza energiya texnologiyalaridagi inqilobni amalga oshirishga yordam beradigan litiy va titan kabi muhim minerallar, yangi keng ko‘lamli qurilish uchun asos bo‘ladigan temir va po‘lat va albatta, mamlakatning eng katta boyligi — uning xalqi.

“Ukrainaliklar orasida ko‘plab bilimli insonlar, olimlar bor; ularning ko‘pchiligi texnologiya, muhandislik va hatto kosmonavtika sohasini yaxshi biladi. Ularning ixtirochiligi dunyoga qattiq disk, vertolyot, sun'iy yurak klapani va hatto “immunitetni qo‘llab-quvvatlash” kabi kashfiyotlarni tuhfa qilgan”, - dedi u.

Shuningdek, Pritsker Ukrainaning dunyodagi eng yirik samolyot — An-225 “Mriya”ni (ukrain tilida “orzu”) havoga ko‘targan mamlakat ekanligini ham eslatib o’tdi.

“2022-yil mart oyida Rossiya qo‘shinlarining bosqini natijasida bu “orzu samolyoti” yo‘q qildindi. Putin Ukrainaning barcha “orzularini” yo'q qilishni, uning aholisini qo'rqitishni va irodasini sindirishni xohlaydi. Ammo Ukraina bunga javoban allaqachon An-225 “Mriya”ni qayta tiklash ustida ish olib bormoqda”, — dedi Pritsker, ukrainaliklarning har kuni o‘z iqtisodiyotini tiklayotganiga misollar keltirib.

Uning ma'lumotlariga ko'ra, Rossiya bilan urushga qaramay, o'tgan yili Ukrainada yalpi ichki mahsulot 5 foizga o'sdi. Investitsiyalar 17 foizga oshdi, soliq tushumlari esa yillik hisobda 25 foizga ko’paydi. 2023-yilda Ukrainada 37 000 dan ortiq yangi korxonalar ro'yxatdan o'tgan, bu urushdan oldingi ko'rsatkichdan ham ko'proq. 2023-yil sentabridan boshlab Qora dengiz orqali 2 000 dan ortiq kema 60 million tonna donni jahon bozorlariga olib chiqdi. 2023-yilda texnologiya sektori ish o‘rinlarini 8 foizga ko‘paytirdi va bu raqam o‘sishda davom etmoqda.

“Putin bu muvaffaqiyatni ko'rib, juda tashvishda ekaniga shubha yo'q. U Ukrainani xaritadan o‘chirish va NATOni zaiflashtirish maqsadlariga erisha olmadi. Buning o'rniga, NATO avvalgidek kuchli bo'lib qoldi. Putin esa Yevropani o'zining tabiiy gaz bozori sifatida yo'qotdi. Shu sababli u endi Rossiyaning hujumlarini Ukraina iqtisodiyotining yuragiga, xususan, energetika va fuqarolik infratuzilmasiga qaratdi. Putin Ukraina iqtisodiyotini va ukrain xalqining irodasini sindirishni istaydi. Ammo biz ham, ukrainaliklar ham bunga yo'l qo'ymaymiz”, — deya ta'kidladi Pritsker.

AQShning Ukraina iqtisodiyotini tiklash rejasi qanday?

Pritskerning so‘zlariga ko‘ra, birinchi va majburiy shart: “Ukraina osmonini havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan maksimal darajada yopish, tinch iqtisodiy tiklanish uchun sharoit yaratish”.

Buni ham ko'ring Urush domidagi Ukraina iqtisodiyoti o’smoqda

“Ukrainaning farovonlikka erishish yo’lini belgilashda nafaqat Qo’shma Shtatlar, balki Yevropa davlatlari, xalqaro korporatsiyalar va nohukumat tashkilotlar ham o’z hissasini qo’shmoqda”, - deydi Pritsker.

Bundan tashqari, maxsus vakilning rejasiga ko'ra, ukrainaliklar AQSh va xalqaro hamkorlar ko'magida “Ukrainaning gullab-yashnashi yo'lidagi besh elementni” amalga oshirish majburiyatini olishlari kerak.

“Birinchidan, Ukraina zudlik bilan milliy harakat rejasini va mamlakatni qayta tiklashning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqishi kerak”, - dedi Pritsker.

U Rossiya Ukrainadagi energetika tizimini bombardimon qilib, uning ta’minotini oldingiga qaraganda 50 foizga tushirganini eslatib o‘tdi.

“Xalqaro donorlar Ukrainada hozirgi va qish mavsumidagi talabni qondirish uchun quvvatni oshirish ustida ukrain hukumati bilan faol ishlayotgan paytda, bizning umumiy sa’y-harakatlarimiz idoralararo rejalashtirish salohiyatining yetishmasligi bilan qiyinlashdi. Ustuvorliklarni aniqlash mexanizmisiz, aniq ehtiyojlarni tushunish va yordam berishga tayyor davlatlar o‘rtasida harakatlarni muvofiqlashtirish qiyin bo‘ldi. Muvaffaqiyatli tiklanish umumdavlat rejalashtirish salohiyatini talab qiladi, bu yagona loyiha konveyerini yaratadi. Tuzilma yordam bankiga ega bo‘lishi kerak, bosh vazirga hisobot berishi kerak, qayta qurish bo‘yicha strategik investitsiya kengashi bo‘lishi kerak, shahar, munitsipal va viloyat ustuvorliklari unga integratsiya qilinishi kerak. Bu tashkilot modeli nafaqat energetika, balki iqtisodiyotning barcha muhim tarmoqlari uchun zarur”, — deya tushuntiradi maxsus vakil.

“Ikkinchidan, Ukrainada tayyor loyiha sonini tezda ko‘paytirish zarur, — davom etdi Pritsker. - Oddiy qilib aytganda, ijtimoiy infratuzilma, energetika, ishlab chiqarish yoki qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda darhol jalb qilish va o‘zlashtirish mumkin bo‘lgan alohida loyihalar yetishmayapti”.

“Uchinchidan, Ukraina keng ko‘lamli investitsiyalar va gullab-yashnagan iqtisodiyotda farovonlikka erishish uchun zarur bo‘lgan islohotlar o‘tkazishni va korrupsiyaga qarshi kurashni davom ettirishi kerak”.

“To‘rtinchidan, dunyo Ukrainaga investitsiyalar uchun ko‘proq kapital safarbar qilishi kerak. Hammasi uchun katta ehtiyoj borligini bilamiz. Jahon banki Rossiyaning energetikaga hujumlaridan oldin Ukrainaning tiklanish xarajatlarini 486 milliard dollarga baholagan edi. “Katta yettilik” yetakchilari Rossiyaning suveren aktivlaridan 50 milliard dollar ajratishni va’da qildi”.

“Beshinchidan, Ukrainaga o‘z xalqini, jumladan, erkaklar va ayollarni, ichki ko‘chirilganlar, qochqinlar va faxriylarni qaytarish kerak bo‘ladi, bu uning iqtisodiy tiklanishini ta'minlash uchun zarur”.

“Hozirgi vaqtda Ukrainada tiklanish uchun zarur bo‘lgan ishchi kuchi yetishmayapti. Haqiqat shundaki, dahshatli urush tufayli Ukrainadagi aholining 25 foizdan ortig‘i qochib ketgan”.

Pritsker fikriga ko‘ra, ushbu beshta omilning birgalikdagi ta'siri Ukrainani farovonlikka olib boradigan yo‘lda investitsiyalar, ekspertiza va ixtirochilikni jalb qiladi. Ukrainani tiklash jarayonini xususiy sektor tomonidan boshqariladigan va amalga oshiriladigan darajaga olib keladi.

Ukraina iqtisodiyotining tiklanishi va qayta rivojlanishi qanday ko‘rinishda bo‘ladi?

“Kelajakda bu qanday bo’lishini bugun tasavvur qilishimiz mumkin, — deydi Pritsker. - Tasavvur qiling, Germaniya, Polsha, Ruminiya va boshqa davlatlardan kelgan millionlab sobiq ukrainalik qochqinlar o‘z vataniga qaytib, Ukraina dalalarida, zavodlarida, portlarida va texnologik inkubatorlarida ishlashmoqda; ular uzoq yurtlarda yashash davrida o‘rgangan tillarini, shaxsiy aloqalarini va biznesdagi bilim va ko'nikmalarini qo‘llamoqda”.

Buni ham ko'ring Tramp Rossiya-Ukraina urushini qanday tugatishi mumkin?

“Tasavvur qiling, Ukraina hukumati Yevropada oshkoralik, javobgarlik va halollik bo‘yicha oltin standartni o‘rnatadi. Bu esa ham xalq, ham global investorlar ishonchini mustahkamlaydi. Ukraina universitetlari nafaqat ukrainalik yoshlar, balki butun dunyodan kelgan talabalar bilan to‘ladi, ular Ukrainadagi ilg‘or STEM loyihalaridan foydalanadi. Tasavvur qiling, Lvov va Kiyevdagi gavjum aeroportlar Ukraina mo‘jizasini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga intilayotgan minglab sayyohlar va biznes rahbarlarini kutib oladi”, - deya davom etadi AQSh vakili.

“Biz ularga va o'zimizga Ukraina orzusini ro'yobga chiqarishda yordam berishimiz shart”, - deya qo'shimcha qildi u.

Ukraina mudofaa sanoati kompleksining Ukraina iqtisodiyotini tiklashdagi roli qanday?

Muzokarada ishtirok etgan Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarova mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish Ukraina muvaffaqiyatining ajralmas qismi ekanligini ta'kidladi.


“Bu nafaqat hozirgi tajovuz yoki 2014-yildagi bosqin tufayli, balki Ukraina tarixan bu sohada har doim juda kuchli pozitsiyalarga ega bo‘lganligi sababli ham muhimdir. 1991-yilda mudofaa sanoati kompleksi bizning ustuvor sohalarimizdan biri edi, chunki bizda iste’dodli muhandislar va sobiq Sovet Ittifoqining ishlab chiqarish element bazasi mavjud edi. Afsuski, ko‘plab ukrainalik ishlanmalar sobiq Sovet ittifoqiga tegishli edi”, — dedi u.

Urush davrida, Markarovaning so‘zlariga ko‘ra, “mudofaa sanoati kompleksi iqtisodiyotning asosiy elementi hisoblanadi”.

Ukrainaning AQShdagi elchisi so‘nggi bir yil ichida Ukrainada metall konstruksiyalar ishlab chiqarish 27 foizga oshganini, harbiy va boshqa transport vositalarini ishlab chiqarish 7 foizdan ko‘proqqa, simlar va kabellar hamda optikaga bog‘liq barcha mahsulotlar ishlab chiqarish esa amalda ikki baravar ko‘payganini ma'lum qildi.

Markarova Ukraina mudofaa sanoati g‘alabadan keyin ham rivojlanib, ittifoqchilarga yordam berishda davom etishiga ishonadi.