AQSh “RT” telekanalini Rossiya razvedkasining “de-fakto” bo‘limi deb atadi

  • Amerika Ovozi

AQSh va uning ba’zi ittifoqchilari Rossiya hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan “RT” (Russia Today) va boshqa ommaviy axborot vositalarining sa’y-harakatlariga qarshi global kampaniya boshladi. AQSh ularni Kreml razvedka agentliklari nomidan faoliyat yuritishda ayblamoqda.

Yaqinda AQSh Davlat departamenti ikki shaxs va uchta tashkilotga, jumladan, “RT”ning Moskvada joylashgan bosh kompaniyasiga qarshi sanksiyalar joriy etilganini e'lon qildi. Razvedka ma'lumotlarining ko'rsatishicha, bu tashkilotlar faqat yangilik va axborot uzatish bilan shug‘ullanmayapti.

“RT”ning bosh kompaniyasi va uning sho‘ba korxonalari “endi shunchaki Rossiya hukumatining targ‘iboti va dezinformatsiyasini tarqatadigan vositalar emas,” - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Davlat departamentidagi jurnalistlarga.

“Ular Amerika saylovlari va demokratiyasini zaiflashtirishga qaratilgan yashirin ta’sir faoliyati bilan shug‘ullanib, Rossiya razvedka tizimining de-fakto bo‘limi sifatida faoliyat yuritmoqda, shuningdek, Rossiyaning bu operatsiyalari dunyo bo‘ylab davlatlarning suveren ishlariga aralashisni ham ko’zlaydi”, - dedi u.

Blinken va AQSh rasmiylari yangi razvedka ma'lumotlarining tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortdi. Ularning aytishicha, bu ma'lumotlarning bir qismi “RT” xodimlaridan kelgan; unda Rossiya nazoratidagi telekanal Ukrainada jang qilayotgan Rossiya qo'shinlari uchun kiberoperatsiyalarni amalga oshirishda va hatto o‘limga olib keladigan qurollarni sotib olishda muhim rol o‘ynayotgani ko‘rsatilgan.

Buni ham ko'ring AQSh xorijiy davlatlarni yana saylovga aralashuvda ayblamoqda

“RT” AQSh ayblovlarini tezda ijtimoiy tarmoqlarda va “Amerika Ovozi”ga bergan javobida masxara qilishga urindi.

“Bizning popkornimiz tugab boryapti, lekin biz bu yerda jonli efirda bo'lamiz va qattiq kulishda davom etamiz”, - deb yozadi nashr X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

“Amerika Ovozi”ning so'roviga javoban “RT” bosh muharriri Margarita Simonyanning Telegram kanalidagi izohlariga murojaat qilishni tavsiya qildi.

“Amerika razvedka xizmatlari biz frontni qo'llab-quvvatlayotganimizni aniqladi. Biz buni ochiqchasiga qilyapmiz, ahmoqlar. Sizga nimalar sotib olganimiz va jo‘natganimiz ro‘yxatini yuborishim kerakmi? Biz buni muntazam ravishda e'lon qilib boramiz, shuni bilib qo'ying”, - deya kinoya qiladi Simonyan.

Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi hali “Amerika Ovozi”ning so‘roviga javob bermadi.

AQSh rasmiylari esa, “RT” va Simonyanning izohlari ayblovlarni yanada kuchaytiradi, deb hisoblaydi.

“Ular buni tan olishdi, - dedi Davlat departamentining Global muloqot markazi bo‘yicha maxsus vakili Jeyms Rubin. - Ular Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatmasi ostida ishlayotganliklarini aytishdi”.

Qo'shma Shtatlar razvedkasi ma'lumotlariga ko'ra, Kreml tomonidan yuklatilgan bu vazifalar oddiy translyatsiya operatsiyalari doirasidan ancha keng bo’lib, unga Ukrainadagi rus qo'shinlarini snayper miltiqlari, zirxlar, dronlar, tungi ko'rish durbinlari va boshqa qurollar bilan ta'minlash uchun ommaviy mablag‘ yig‘ish kampaniyasini nazorat qilish ham kiradi.

“Bu odatda telekanal qiladigan ish emas. Bu bu harbiy tuzilmaga xos ish, - deydi Rubin. – “RT” Ukrainadagi urushda Rossiya hukumatining razvedka tizimi va operatsiyalarining to‘laqonli a'zosidir”.

AQSh razvedkasi, shuningdek, Argentina, Germaniya va Janubiy Kavkazda Kreml tomonidan boshqariladigan “RT” operatsiyalariga ishora qilmoqda - ularning ba'zilari kompaniya tarkibiga kiritilgan Rossiya harbiy razvedkasi kiber bo'linmasi bilan bog'liq.

Buni ham ko'ring Rossiya AQSh saylovlariga aralashishga uringanlikda ayblanmoqda

AQSh rasmiylarining aytishicha, “RT” kelasi oy Moldovada bo'lib o'tadigan prezidentlik saylovlariga aralashish uchun an'anaviy Rossiya razvedka xizmatlari bilan hamkorlik qilmoqda.

“RT” saylovni manipulyatsiya qilishga yordam beradi. Agar ular saylovda g'alaba qozonmasa, olomonni manipulyatsiya qilib, hukumatni ag'darish ehtimolini yaratish uchun zo'ravonlikni keltirib chiqarishga urinadi”, - dedi Rubin.

AQSh hukumati, shuningdek, “RT”ni Lotin Amerikasi va Afrikada jiddiy oqibatlarga olib kelgan yashirin ta'sir operatsiyalarini o’tkazishda ham aybladi.

“Jahon hamjamiyatining katta qismi Rossiyaning bosqinida Ukrainani to'liq qo'llab-quvvatlamaganining sabablaridan biri “RT”ning keng ko'lamli ta'siri mavjudligidir”, - dedi Rubin.

Davlat departamenti o'z diplomatlariga “RT”ning harakatlari haqidagi dalillarni butun dunyo bo'ylab davlatlar bilan bo'lishishni buyurganini aytdi.

“Biz har bir ittifoqchini, har bir hamkorni o‘z hududidagi Rossiya razvedkasining boshqa turlariga qanday munosabatda bo‘lsa, “RT” faoliyatiga ham xuddi shunday munosabatda bo‘lishga chaqiramiz”, - dedi Blinken.

AQSh Adliya vazirligi yaqinda Rossiya tomonidan haqiqiy yangiliklar saytlariga taqlid qilib yaratilgan 32 ta soxta saytning yopilganini e’lon qildi. Rossiya bu saytlardan amerikalik saylovchilarni Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo’llash, Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod va sobiq prezident Donald Trampni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan targʻibotlar bilan shug’ullanish maqsadida foydalangan.

AQSh, shuningdek, “RT”ning ikki xodimiga qarshi ayblovlarni ochiqladi. Ularni Rossiya hukumatini qo‘llab-quvvatlovchi ingliz tilidagi materiallarni targ‘ib qilish va tarqatish uchun Tennessi shtatidagi bir kompaniyaga qariyb 10 million dollar yo‘naltirishda aybladi.

Buni ham ko'ring Gershkovich ishi: jurnalistika ayg’oqchilik emas

Sirakuz universitetining Demokratiya, jurnalistika va fuqarolik instituti rahbari Margaret Talevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Rossiyaning ta'sir ko'rsatish operatsiyalari ijtimoiy media muhitida targ'ibot urug'ini ekishda mohirlikka erishdi va endi auditoriya o'z ishini bajarmoqda.

“Noto'g'ri ma'lumot va dezinformatsiyaning eng katta tarqatuvchilaridan biri bu hech qanday yomonlik qilishni istamagan odamlarning ulashishidir, - dedi Talev. - Ular o'zlarining tasmasida ko'rgan narsadan yo xursand bo'lishadi yoki dahshatga tushishadi va “ulashish” tugmasini bosishadi. Endi kimdir uni sizga tarqatdi va siz uni yana boshqalarga tarqatyapsiz”.