G'azo urushiga bir yil to'ldi: Sektorda tibbiyot qay ahvolda?

  • Amerika Ovozi

Al-Aqso shifoxonasiga yetkazilayotgan yarador, G'azo sektori, 24-may, 2024.

Al-Aqso shifoxonasi G’azo sektorida ishlab turgan bir necha tibbiy muassasaning biri. Ayni damda qariyb bir million aholiga xizmat ko’rsatayotgan yagona maskan.

Sektor shimolidan qochib kelgan doktor Ibrohim Abusaqir har kun o’nlab yangi yaradorlarni qabul qiladi.

“Urush davom etmoqda. Yaradorlar har lahzada keladi. Jarrohlik xonasida har qanday muammoni kutish mumkin. Doim vaziyatni qanday boshqarish, har soatda kelayotgan ko’p sonli yaradorlarni qanday, qayerga joylashtirishni o’ylaymiz”, - deydi u.

Shunday og’ir sharoitda tinmay ishlayotgan Abusaqir Umumiy jarrohlik bo’limi boshlig’i.

U davolayotgan bemorlar orasida Iymon Al-Raiy ham bor.

Onasi Rido Al-Raiyning aytishicha, qizi Isroil havo hujumlari natijasida bir oyog’idan ayrilgan, ikkinchi oyog’ini saqlab qolish uchun operatsiya qilinishi kerak.

Uni dori-darmon taqchilligi azoblamoqda.

“Ba’zan uning og’riqdan baqirishi butun shifoxonaga eshitiladi. Shifoxonada unga o’xshagan qancha bemor bor. Qizim og’riqdan kechasi uxlamadi. Og’riq qoldiradigan vositalar yo’q. Shifoxonaga rahmat, imkonidan ortiq xizmat qilmoqda”, - deydi ona.

Doktor Abusaqirning asosiy vaqti operatsiya xonasida o’tadi. Yaradorlar soni ortib, resurslar qisqarib borar ekan, shifokor dori-darmon va uskunalarning muqobil variantlarini topish haqidagi o’ylar bilan yashamoqda.

“Tibbiy uskunalar yetishmasligi shifoxona imkoniyatlarini cheklamoqda. Bemorlarga bizda bu yo’q, yoki qolmagan degan bir xil javob aytamiz. Vaziyatni tushintirish qiyin. Dori-darmondan tortib, shifoxona sig’imiga qadar muammolar ro’yxati uzun”, - deydi jarroh.

Operatsiyalardan keyin doktor Abusaqir bemorlar ahvolini birma-bir tekshirib chiqadi. Har oy minglab yarador kelar ekan, Abusaqir hamkasblari va shifoxona yana qancha xizmat ko’rsata olishini bilmaydi.

“Urush qanday boshlangani va qanday tugashini bilmayman. Yaradorlar soni imkoniyatlar darajasidan ancha yuqori. Bu qadar yukni na doktor, na shifoxona ko’tara oladi. Azob va charchoqlardan qanday o’tib keldik – bilmayman. Xudodan urush tugashini so’rayman”, - deydi u.

Diplomatik muzokaralar boshi berk ko’chaga kirib, urush geografiyasi kengayib borar ekan, yaradorlar uzoq vaqt azobda qolishi mumkin.