AQShda elektr tarmoqlariga bosim oshib borar ekan, energiya sarfi yuqori bo‘lgan kompyuter ma'lumot markazlari va sun'iy intellekt dasturlari yanada ko’proq quvvat talab qilmoqda. Texnologiya kompaniyalari yechimlardan biri sifatida atom energiyasiga murojaat qila boshladi.
AQShda yangi atom energiyasi obyektlariga sarmoya kiritish oxirgi bir necha o'n yillar davomida sekinlashgan. “Microsoft” va “Google” kabi texnologiya gigantlari yaqinda ushbu texnologiyaga sarmoya kiritishini e'lon qildi. Ular ishonchli va yadroviy chiqindisiz energiya manbaini ta'minlash mumkinligiga ishonmoqda.
Joriy yil boshida “Amazon” kompaniyasi Pensilvaniyada atom energiyasi asosida ishlaydigan ma'lumotlar markazini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishganini va kelajakda bunday kelishuvlar yana bo’lishini e'lon qildi.
Energiya talabi
Bir joyda minglab qudratli kompyuterlarni jamlagan ma'lumot markazlari ulkan miqdorda energiya sarflaydi. Bu energiya nafaqat kompyuterlarni ishlatish uchun, balki ular hosil qiladigan katta miqdordagi issiqlikni bartaraf qilish uchun ham zarur.
Yaqinda “Goldman Sachs” tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, hozirda ma'lumot markazlari mavjud elektr energiyasining 1-2 foizini iste'mol qilmoqda. Yangi energiya manbalari ishga tushirilishini inobatga olgan holda ham, bu foiz o‘n yillik oxiriga kelib kamida ikki baravar oshishi kutilmoqda. Tadqiqot 2030-yilgacha ma'lumot markazlarining energiya iste'moli 160 foizga oshishini bashorat qilgan.
AQSh Energetika vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, eng yirik ma'lumot markazlari 100 megavattdan ortiq elektr energiyasi iste'mol qilishi mumkin, bu taxminan 80 000 ta uyga yetarli quvvatdir.
Kichik, modulli reaktorlar
“Google” o‘zining elektr energiyasi strategiyasini yangicha yondashuv bilan amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu reja nafaqat hozirgi energiya tarmog‘idan, balki an'anaviy atom energiyasi ishlab chiqarish usullaridan ham ancha farq qiladi. “Google” “Kairos Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda turli joylarda jami 500 megavatt quvvat ishlab chiqaradigan yettitagacha kichik atom reaktorlarini qurishga sarmoya kiritayotganini e'lon qildi.
Kichik modulli reaktorlar (SMR) yangi va hali to‘liq sinovdan o‘tmagan texnologiyadir. Keng maydonni egallovchi yirik atom elektr stansiyalaridan farqli o‘laroq, SMRlar ixcham bo‘lib, ularni ishlatish va xavfsiz saqlash uchun kamroq infratuzilma talab etiladi.
“Kichik hajm va modulli dizayn qurilish muddatlarini qisqartirishi, ko‘proq joylarda o‘rnatishga imkon yaratishi mumkin”, - deyiladi “Google” va “Kairos”ning matbuot bayonotida.
Your browser doesn’t support HTML5
Kompaniyalar birinchi SMR reaktorini 2030-yilgacha ishga tushirishni, qolganlarini esa 2035-yilgacha yo’lga qo’yishni rejalashtirayotganini aytdi.
Mo’l energiya?
“Pittsburgh Technical” yadro maslahat firmasi prezidenti Sola Talabi “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida SMR texnologiyasi kelajak uchun katta istiqbolga ega ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodlarning kichik hajmi yirik reaktorlarda mavjud bo‘lgan ko‘plab xavfsizlik tashvishlarini bartaraf etadi.
Masalan, ba'zi kichik reaktorlar katta reaktorlarga qaraganda ancha kam issiqlik ishlab chiqaradi, shuning uchun ular 2011-yilda Yaponiyaning Fukusima va 1986-yilda Sovet Ittifoqining Chernobil zavodlaridagi halokatlarga sabab bo‘lgan mexanik nosozliklarga moyil bo‘lmagan “passiv” sovutish tizimlaridan foydalanishi mumkin.
Pittsburg va Michigan universitetlarining yadro muhandisligi bo‘yicha o‘qituvchisi Sola Talabining aytishicha, SMRlarning modulli tuzilishi ularni tezkor o‘rnatishga imkon beradi va vaqt o‘tishi bilan sezilarli xarajatlarni tejashga yordam beradi.
“Shu paytgacha qurilgan deyarli har bir reaktor birinchi marta qurilgandek barpo etilgan”, - dedi u.
“Lekin ushbu reaktorlar bilan biz ularni ishlab chiqarishda bir xil jarayonlar va bir xil inshootlardan foydalana olishimiz sababli, nisbatan tezroq keng ko‘lamda o‘rnatishga erisha olamiz”, -deydi Talabi.
SMR texnologiyasi yuzasidan shubhalar
Barcha mutaxassislar ham SMRlar kutilgan natijalarni berishiga ishonmaydi.
Xavotirli olimlar ittifoqining yadro energiyasi xavfsizligi bo‘yicha direktori Edvin Layman “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida “Google” o‘rnatishni rejalashtirayotgan Kairos reaktorlari hech qachon haqiqiy sharoitlarda sinovdan o‘tmagan yangi texnologiyadan foydalanishini aytdi.
“Bu sharoitda, ma'lumot markazlarini o‘rta muddatda quvvat bilan ta'minlash uchun bu samarali va ishonchli yechim bo‘ladi deb ishonish tajribaviy haqiqatga asoslanmagan umiddan boshqa narsa emas”, - dedi u.
U yangi atom reaktorlarini keng miqyosda o‘rnatish natijasida yangi yadro chiqindilari manbai yaratilishini ta’kidladi, AQSh bunday chiqindilarni ko‘plab miqdorda xavfsiz tarzda yo‘q qilish uchun mos yechim topishda hali ham qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
“Menimcha, biz aslida bir pufakchani — yadro pufakchasini — ko‘rayapmiz va bu optimistik, umidga asoslangan kelishuvlarni amalga oshirish ancha qiyin ekani ma'lum bo‘lgach, bu pufakcha so‘nadi”, - dedi Layman.
Tri-Mayl-Aylend reaktori
“Microsoft” va “Amazon” o‘z ma'lumot markazlarini atom energiyasi bilan ta'minlash uchun an'anaviyroq yo‘lni tanlagan.
O‘tgan oy “Microsoft” o‘z e’lonida Pensilvaniyaning Tri-Mayl-Aylend hududida yopilgan atom reaktorini qayta ishga tushirish va u ishlab chiqaradigan energiyadan ma'lumot markazlari uchun foydalanish bo‘yicha “Constellation Energy” bilan kelishuvga erishganini ma'lum qildi.
Buni ham ko'ring Bayden ma'muriyati atom energiyasiga yashil quvvat manbai sifatida qaramoqdaTri-Mayl-Aylend AQSh tarixidagi eng yirik yadro halokati sodir bo‘lgan joy sifatida tanilgan. 1979-yilda hududdagi 2-reaktorda nosozlik yuz bergan va natijada radioaktiv gazlar va yod mahalliy atrof-muhitga tarqalgan edi.
Biroq zavodning 1-reaktori nosozlikka uchramagan va bir necha o‘n yillar davomida xavfsiz ishlagan. U 2019-yilda yopilgan, chunki arzon slanets gazi energiya narxini shu darajada pasaytirganki, reaktorni ishlatishni davom ettirish iqtisodiy jihatdan foydasiz bo‘lib qolgan.
Reaktorni qayta ishga tushirish uchun 1,6 milliard dollar sarflanishi kutilmoqda va “Microsoft” bu sarmoyani moliyalashtirishga rozi bo‘lgan. Shuningdek, kompaniya zavoddan 20 yil davomida energiya sotib olish bo‘yicha kelishuvga imzo chekdi. Kompaniyalar zavodni 2028-yilgacha qayta ishga tushirishlari mumkinligiga ishonmoqda.
“Amazon”ning rejasi, aksincha, na yangi texnologiyani va na eski yadro obyektini qayta tiklashni talab qiladi.
“Amazon” kompaniyasi “Talen Energy”dan sotib olgan ma'lumotlar markazi to‘liq faoliyat yuritayotgan Saskuexanna atom elektr stansiyasi hududida joylashgan. Ushbu ma'lumot markazi elektr energiyasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Saskuexanna stansiyasidan oladi.
“Amazon” 650 million dollarlik sarmoyani o‘zining 2040-yilgacha karbon chiqindilarini nolga tushirish tashabbusining bir qismi sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu sarmoya ekologik barqarorlikka erishish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga qaratilgan.