AQShning ilk ayol vitse-prezidenti, prezidentlik uchun kurashgan demokrat Kamala Harris saylovda respublikachi Donald Trampga boy berganini tan oldi. Lekin 60 yoshli arbob deydiki, u Amerika uchun kurashishni to'xtatmaydi. Oq uy uchun kampaniyasida targ'ib qilgan siyosiy dasturidagi tashabbuslarni yoyishda, xalq bilan, ayniqsa yoshlar bilan ishlashda davom etadi.
"Xotin-qizlarning huquqlari, qurol nazoratini kuchaytirish, demokratik, qonun ustuvorligi, adolat va Amerika qadriyatlari yo'lida tolmay xizmat qilaman", - deydi Harris.
“Amerika xalqi o'z orzu-havaslariga yetishi uchun xizmat qilishda aslo charchamayman".
Harris mag'lubiyati haqidagi qisqa nutqini Vashingtonda o'zi bir paytlar ilm olgan Hovard universitetida qildi. Tarafdorlari uni ko'z-yosh, afsus-nadomat bilan qarshi oldi.
"Qalbim mehrga to'la. Har biringizdan menga ishonganingiz, menga ovoz berganingiz, meni quvvatlaganingiz uchun minnatdorman", - dedi u.
Buni ham ko'ring Vashington-Toshkent: Tramp qanday yutdi, Harris qanday yutqazdi?"Saylov natijasi biz kutgandek emas. Biz qattiq kurashdik, ovozimizni baralla bildirdik", - deydi Harris yurtdoshlariga hayot davom etishini eslatar ekan.
""Biz ham to'xtab qolmaymiz, oldinga intilaveramiz".
Harris ko'plab amerikaliklar Tramp saylanganidan norozi ekanini e'tirof etdi.
“Bilaman, zulmat tomon ketayapmiz, deb xavotirdasiz. Umid qilaman, bunday bo'lmaydi. Eng qorong'i paytda ham Amerika osmoni yulduzlarga to'la. Shundan ilhom va kuch olamiz", - dedi Harris.
"Otimizm, haqiqat va adolatga ishonch, xalq uchun xizmat".
Unga ovoz berganlar xafa ekanini qayd etarkan, vitse-prezident ularni "hammasi joyida bo'ladi", deya yupatdi.
"Kurashaveramiz, turli sohalarda yutuqlarga erishaveramiz. Ba'zida kurashda qoqilamiz, lekin to'xtamaymiz", - dedi Harris.
Bugun Tramp bilan telefonlashib, uni g'alaba bilan tabriklagan Harrisning aytishicha, uning komandasi Tramp komandasi bilan ishlab, Oq uy va tizimni yangi saylangan prezident uchun tayyorlashda yordamlashadi.
“Amerika demokratiyasining asosiy tamoyili shuki, yutqazganda tan olamiz. Monarxiya va yakkahokimlikdan katta farqimiz shunda. Xalq ishonchi va tanlovini hurmat qilamiz", - dedi u.
Saylanganida u AQShning ilk ayol rahbari, ilk osiyolik kelib chiqishiga ega va ilk qora tanli prezidenti sifatida tarixga kirardi.
Senatda ham respublikachilar ko'pchilik o'rinlarni egallagan. Vakillar palatasida ham respublikachilar ko'proq o'rinni egallagan.
5-noyabrdagi saylovda, umuman olganda, konservativ siyosat tarafdorlari ustun kelgan.
AQSh bo'ylab o'tkazilgan ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, 5-noyabrdagi saylovga doir to'rt fakt:
- Erkak saylovchilarning aksariyati Trampga ovoz bergan
- Ayol saylovchilarning aksariyati Harrisga ovoz bergan
- Yangi saylovchilarning aksariyati Trampga ovoz bergan
- 2020-yilda Jo Baydenga ovoz berganlarning aksariyati Harris ovozga bergan.