Dunyodagi tabiiy resurslarning aksariyati - qazib olinadigan yoqilg'ilar, minerallar va o'rmon resurslari - ularni qazib olishning atrof-muhitga ta'sirini o'rganish qiyin bo'lgan mamlakatlardan keladi. Bu haqda Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti (RSF) o‘zining Matbuot erkinligi indeksi asosida tayyorlagan tabiiy resurslardan foydalanish haqidagi ma’lumotlarida qayd etdi.
RSF xalqaro hamjamiyatni ushbu mamlakatlarda matbuot erkinligi yo'lidagi to'siqlarga qarshi kurashishga va tabiiy boyliklarni qazib olish bilan bog'liq ekologik muammolarni yoritishi uchun jurnalistlarni yaxshiroq himoya qilishga chaqiradi.
RSF Jahon banki ma’lumotlari asosida dunyo tabiiy resurslarining uchdan ikki qismi matbuot erkinligi bilan bog'liq vaziyat "qiyin" yoki "juda jiddiy" deb tasniflangan mamlakatlarda qazib olinishini aniqladi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko'ra, xalqaro hamjamiyat tomonidan shoshilinch va kelishilgan choralarsiz resurslarni qazib olish "yer yuzidagi tizimlar va ekologik jarayonlarga halokatli ta'sir ko'rsatadi; bu inson farovonligi va sayyoramizdagi hayotning xilma-xilligiga putur yetkazadi”.
Buni ham ko'ring Kreml targ'ibotchisi AQShni Kongodagi urushdan foyda ko'rayotganlikda aybladiRSF tahliliga ko'ra, qazib olishning atrof-muhitga va jamiyatga ta'siri haqida dastlabki ma'lumot manbai bo'lgan ekologik jurnalistika jiddiy to'siqlarga duch kelmoqda. Dunyo miqyosida 2013-yildan 2021-yilgacha qazib olinadigan yoqilg‘ining (neft, gaz va ko‘mir) 78 foizi, tog‘-kon sanoati mahsulotlarining 45 foizi va o‘rmon mahsulotlarining 67 foizi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “qiyin” yoki “juda jiddiy” bo‘lgan mamlakatlardan kelgan.
Resurslar va matbuot erkinligi kushandalari
Xitoy dunyodagi eng yirik ko'mir ishlab chiqaruvchi, ikkinchi yirik tog'-kon rudasi va ikkinchi yirik o'rmon mahsulotlari ishlab chiqaruvchisidir.
"Ochiq-oydin bo'lsa-da, Xitoyda kon qazib olish natijasida yuzaga kelgan atrof-muhitning buzilishi juda kam hujjatlashtirilgan, chunki ma'lumotlarni to'plash qiyin, dalaga borish xavfli va milliy ommaviy axborot vositalarida ushbu muammolar haqida nozik ma'lumotlarni chop etish deyarli mumkin emas", -deydi mustaqil jurnalist va xomashyo mutaxassisi Guillaume Pitron.
Xitoyda atrof-muhit muammolarini o'rganayotgan bir nechta jurnalistlar juda kam resurslarga ega va ular senzuraga duchor bo'lishlari yoki "xoinlar" deb nomlanishi hamda partiya tomonidan qamoqqa tashlanishi mumkin. Bundan ham yomonroq oqibatlar mavjud.
2018-yilda Xitoy tog‘-kon sanoati vayronagarchiliklarini fosh qilgan “va World Press Photo” mukofotiga sazovor bo‘lgan fotomuxbir Lu Guang to‘satdan g‘oyib bo‘ldi. Dunyodagi eng yirik jurnalistlar qamoqxonasi sifatida qaraladigan Xitoy RSFning 2024-yilgi Jahon matbuot erkinligi indeksida 180 mamlakat ichida 172-o‘rinni egallagan.
Garchi Rossiya (RSF indeksida 180 mamlakat ichida 162-oʻrinni egallagan) qazib olinadigan yoqilgʻi va togʻ-kon mahsulotlari boʻyicha dunyodagi yetakchi eksportyorlardan biri boʻlsa-da, uning atrof-muhit boʻyicha muxbirlari, barcha rus jurnalistlari kabi, doimo hibsga olish yoki zoʻravonlik tahdidlari bilan yuzlashadi.
Ukraina urushi boshlangandan beri Rossiyada bir nechta mustaqil ommaviy axborot vositalari faoliyati taqiqlandi yoki bloklandi. Ular orasida hukumat tomonidan "xorijiy agent" deb e'lon qilinganidan keyin yopilishga majbur bo'lgan Kedr ekologik yangiliklar sayti ham bor. Hukumat, shuningdek, atrof-muhit va ifloslanish bo'yicha rasmiy ma'lumotlar bazalariga kirishni to'sib qo'ydi.
Buni ham ko'ring Ozarbayjon mediasi tinimsiz repressiya ostidaKo'mir, tog'-kon sanoati va o'rmon mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatoriga kiruvchi Hindistonda (Indeksda 159-o'rinda) ekologiya masalalari eng xavfli mavzulardan biri hisoblanadi. Hindistonda so'nggi 10 yil ichida o'ldirilgan 28 jurnalistning deyarli yarmi atrof-muhit bilan bog'liq voqealarni, shu jumladan, mamlakatdagi "qum mafiyasi", qurilish sanoati uchun noqonuniy ravishda qum qazib oluvchi uyushgan jinoyatchilik tarmog'I ustidan surishtiruv olib borgan.
Dunyoning qazib olinadigan yoqilg'i ishlab chiqaruvchilariga kelsak, ularning deyarli barchasi jurnalistikani eng ko'p ta'qib qilayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Bu, ayniqsa, Fors ko‘rfazi mamlakatlari – Saudiya Arabistoni (166-o‘rin), Birlashgan Arab Amirliklari (160-o‘rin), Iroq (169-o‘rin), Eron (176-o‘rin) va Quvayt (131-o‘rin) bilan bog’liq. Qazib olinadigan yoqilg'i yonishining iqlimga ta'siri yaxshi ma'lum, ammo qazib olish jarayonining ta'siri yaxshi o’rganilmagan. Shunga qaramay, faqatgina neft, gaz va ko'mir qazib olish bilan bog'liq metan sizib chiqishi global issiqxona gazlari chiqindilarining 7 foizini tashkil qilishi ma’lum.
Tabiiy resurslar jadal ekspluatatsiya qilinadigan ko'plab hududlarda jurnalistlarga nisbatan hujumlarning nisbatan kamligi jurnalistlarning o'sha hududlarda xavfsizroq ekanligini anglatmaydi. Aksincha, bu jurnalistik yoritishning cheklanganligi yoki umuman yo'qligi bilan bog'liq hisoblanadi.