Tramp jamoasiga o’ziga sodiq tadbirkor va siyosatchilarni to’plashda davom etmoqda.
TULSI GABBARD - Milliy razvedka direktori lavozimiga nomzod
Demokratik partiya vakili sifatida Kongressda ishlagan 43 yashar Tulsi Gabbard Milliy razvedka direktori lavozimiga tanlandi. Prezidentlikka yagona nomzod bo’lish maqsadida partiyaviy saylovda Xillari Klintonga mag’lub bo’lganidan so’ng Gabbard Demokratik partiyani tark etib, mustaqil nomzod bo’ldi. Ba’zi kuzatuvchilar Tramp uni o’ziga vitse-prezident qilib oladi deb o’ylagan edi.
Gabbard Demokratik partiya va Bayden ma’muriyatini tanqid qilib kelgan, Ukrainaga harbiy yordam berilishiga qarshi.
METT GETS - adliya vaziri va bosh prokurorlikka nomzod
Yana bir muhim lavozim Trampning Vakillar palatasidagi tarafdori Mett Getsga tegadigan bo’ldi. Ukrainaning yana bir ashaddiy tanqidchisi yangi ma’muriyatda bosh prokuror va adliya vaziri lavozimida ishlaydi.
Tramp bayonot chiqarib, Gets qurolga aylantirilgan hukumatga chek qo’yishini, chegaralarni himoya qilishini, jinoiy to’dalarga barham berishini, amerikaliklarning Adliya vazirligiga ishonchini tiklashga muvaffaq bo’lishini aytdi.
Adliya vaziri lavozimi muhim bo’lib, Trampga noqonuniy muhojirlarni ommaviy ravishda deportatsiya qilish, 2021-yil 6-yanvarida Kapitoliyga hujumda qatnashgani uchun qamalgan fuqarolarni avf etish hamda Trampga qo’yilgan ayblovlar va federal sud ishlarini bekor qilish rejasini amalga oshirishda yordam berishi kerak.
Tramp mahkamasiga nomzodlar Senat tasdig’idan o’tishi kerak, biroq Senatda Trampning partiyadoshlari ustun ekan, demokrat qonunchilar to’siq bo’la olmaydi.
Tarixchilar Amerika siyosatidagi so’nggi jarayonlarni muhim deb biladi.
"Tramp o’tgan gal Oq uydan qarama-qarshiliklar, munozaralar fonida ketgan. Biroq so’nggi saylov natijalari amerikaliklar uning qaytishini xohlashini ko’rsatdi. Bu hol uning harakati va qarashlari uchun qayta uyg’onish bo’ldi”, - deydi Texas universiteti olimi Jeremi Suri.
Tramp tanlagan kadrlar malakasiga ishonchsizlik
Trampning tanqidchilari uning muhim lavozimlarga nomzodlarini tanqid qilmoqda. Ularga ko’ra, Tramp mudofaa vaziri lavozimiga tanlagan teleboshlovchi Pit Xegset urush faxriysi bo’lsa-da, Pentagondek yirik tashkilotni boshqarishda tajribasi yo’q.
Tulsi Gabbard ham oldin razvedka idoralari bilan bevosita ish olib bormagan. Milliy razvedka o’z ichiga 18 ta razvedka agentligini oladi. Gabbardning direktor sifatida vazifasi ularni muvofiqlashtirish bo’ladi.
Sobiq kongressmen ayol AQShning Suriyadagi urushiga qarshi bo’lgan. Gabbard 2017-yilda Suriya Prezidenti Bashar Assad bilan yashirin uchrashgani uchun Kongressda tanqidga uchragan.
MARK RUBIO - davlat kotibi bo'lishga nomzod
Tramp davlat kotibi lavozimida senator Marko Rubioni ko’rmoqchi. Ba’zilar uning Xitoyga nisbatan keskin qarashlari Pekin bilan aloqalarda muammo tug’dirishini aytadi.
Xitoy hukumati Rubioni 2020-yilda qora ro’yxatga qo’shib, mamlakatga kirishini taqiqlab qo’ygan. Senat Rubioning davlat kotibligiga nomzodini tasdiqlasa, Pekin uni qora ro’yxatdan chiqarishga majbur bo’ladi.
“Xitoy Rubioga qarshi sanksiyasini bekor qilmasa, AQSh davlat kotibi bilan gaplasha olmaydi, bu esa har ikki mamlakat uchun maqbul holat emas”, - deydi Londondagi Xitoy institutidan tahlilchi Stiv Tsan.
Ukraina masalasida Rubio Kiyevni Rossiya bilan muzokaraga majburlashga harakat qilishi mumkin. Yil boshida u Senatda Ukraina, Isroil va boshqa hamkor davlatlarga yirik harbiy yordamni o’z ichiga olgan qonun loyihasiga qarshi ovoz bergan.
"Rossiya tarafida emasman, ammo haqiqat shuki, Ukrainadagi urush muzokara bilan tugashi kerak”, - degan edi Rubio sentabr oyida.
Tramp Oq uyda Bayden mehmoni bo'ldi
Bu o'rtada Tramp Vashingtonga borib, Prezident Jo Bayden bilan uchrashdi.
AQShda prezidentlikka saylangan nomzod an’anaga ko‘ra saylovdan so’ng Oq uyga tashrif buyurib, muddati tugayotgan rahbar bilan ko’rishadi. O’tgan saylovdan beri Jo Baydenni buzuq, uyquchi deb atab kelgan Donald Tramp amaldagi prezident bilan do’stona suhbat qurdi.
Bayden hokimiyatni unga muammosiz topshirishga so’z berdi.
"Ehtiyojlaringizni qondirishga qo’ldan kelgancha harakat qilyapmiz. Xush kelibsiz”, - dedi Bayden Trampga.
"Minnatdorman. Siyosat qattiq narsa. Ko’p hollarda yaxshi dunyomas bu. Ammo bugun yaxshi. O’tish silliq kechyapti. Sizdan minnatdorman”, - dedi Tramp.
Vashingtonga safari chog’ida Tramp Kapitoliyda ham bo’lib, Vakillar palatasining spikeri Mayk Jonson bilan ko’rishdi.
"Bill Klintonni “qaytgan yigit” deb chaqirishardi. Bu esa “qaytgan qirol”. Axir qirolku, to’g’rimi?”, - dedi Jonson.
Tramp endi Vashingtonga 20-yanvar kuni o’z qasamyod marosimida qatnashish uchun boradi.
Oq uy matbuot kotibasi Karin Jan-Pyer Tramp va Bayden uchrashuvi ikki soat davom etganini aytdi. Trampning o’zi Bayden bilan Yaqin Sharq va Ukraina mavzularida gaplashganini, qarashlari farq qilishini bildirdi. Bu o’rtada Janubiy Dakotadan Senatga saylangan Jon Tyun yuqori palatada Mitch Makkonelning o’rniga respublikachilarning yangi sardori bo’ladi.
"Amerika xalqidan nafaqat Bayden-Haris-Shumer siyosati natijasida vujudga kelgan tartibsizlikni tozalash uchun, balki Prezident Tramp siyosatini amalga oshirish uchun mandat oldik”, - deydi Tyun.