Navaxo qabilasi hududida yashaydigan Loren Blek va Riki Gillis uzoq yillik kutishdan so’ng nihoyat elektr toki bilan ta’minlanadigan bo’ldi.
Elektr tarmog’iga ulangach, ularning bir necha quyosh paneli va propan fonarlariga bog‘liq hayotiga barham beriladi. Endi Gillisning uyqu vaqtida nafas olishiga yordam beradigan moslamasi va kardiomonitori elektr kuchlanishining uzilishlari tufayli to’xtab qolmaydi. Shuningdek, elektr Blek va Gillisga muzlatkich, televizor va sovutish tizimi kabi bir nechta elektr jihozlardan bir vaqtning o‘zida foydalanish imkonini beradi.
“Biz elektr energiyasiga ega bo'lgan eng baxtli odamlardanmiz”, - dedi Gillis.
Ko‘plab Navaxo oilalari hali ham ichimlik suvi va elektr energiyasiga ega emas. Bu muammo tarixiy e’tiborsizlik va keng maydonga tarqalgan Navaxo uylarini xizmatlar bilan ta’minlashdagi qiyinchiliklar tufayli yuzaga kelgan. Bu hudud Arizona, Nyu-Meksiko va Yuta shtatlarining ayrim qismlarida joylashgan va 70 ming kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Ayrim oilalar quyosh panellari yoki generatorlardan foydalanishga majbur, lekin bu usullar ishonchsiz va tez-tez uzilishlarga uchraydi. Boshqa oilalar esa umuman elektr energiyasiga ega emas.
Gillis va Blek o‘z uylarini elektr tarmog‘iga ulash uchun 2019-yilda ariza topshirgan. Biroq koronavirus pandemiyasi qabila hududida tarqala boshlaganda va zarur xizmatlardan tashqari barcha faoliyatlar to‘xtatilgach, bu jarayon yanada sekinlashgan.
Bu qiyinchiliklar qabila infratuzilmasi va xizmatlari uchun yaqinda ajratilgan federal mablag‘larga qaramay saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishi janubi-g‘arbiy hududlarda haddan tashqari issiqlikni kuchaytirayotgani tufayli bu masalaning yechimini topish yanada muhim bo‘lib bormoqda.
Buni ham ko'ring Saylov-2024: Tub aholi ko'proq qaysi partiyaga moyil?“Biz o’zimizni Amerikaning e’tibordan chetda qolgan qismida yashayotgandek his qilamiz”, -deydi elektr, suv, oqova suv, tabiiy gaz va quyosh energiyasi xizmatlarini taqdim etuvchi Navaxo Qabila kommunal xizmati boshqaruvchisi Virsintiya Charley.
Bir necha yildan beri Navaxo Qabila kommunal xizmati ko‘proq Navaxo uylarini elektr tarmog‘iga ulash uchun ish olib bormoqda.
G‘arbiy Virjiniya shtati kattaligiga teng bo‘lgan rezervatsiyaga elektr o‘rnatish uning tog‘li geografiyasi va uylar orasidagi katta masofa tufayli ko‘p vaqt va mablag‘ talab qiladi. Elektr ustunlari uchun burg‘ulash ishlari yer ostidagi tosh qatlamlari tufayli bir necha soat davom etishi mumkin, Monument vodiysiga yaqin ayrim uylar esa hududdagi qattiq rivojlanish qoidalariga rioya qilish uchun elektr liniyalarini yer ostidan o‘tkazishi kerak.
Navaxo uylarining taxminan 32 foizi hali ham elektr energiyasiga ega emas. Rezervatsiyadagi qolgan 10 400 ta uyni ulash 416 million dollarga tushadi, deydi Kommunal xizmatlarning hukumat va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha menejeri Denis Besenti.
Joriy yilda “Light Up Navajo” dasturi yana 170 oilani elektr tarmog‘iga uladi. 2019-yilda dastur boshlanganidan buyon 882 ta Navaxo oilasi elektr energiyasiga ega bo’ldi.
“Agar dastur moliyalashtirilishda davom etsa, har bir uyni rezervatsiyada ulash uchun yana 26 yil kerak bo‘lishi mumkin”, - deydi Denis Besenti.
Blek va Gillisning kommunal xizmat tomonidan bir necha yil avval o‘rnatilgan quyosh panellarining quvvati bulutli kunlarda ikki-uch kunga yetadi. Batareyani qayta to‘liq quvvatlash esa yana ikki kun talab qiladi; bu esa ularga elektr ta’minotida cheklovlar yaratib kelgan.
Buni ham ko'ring Navaxo qabilasi daryo suvidan foydalanish huquqi uchun kurashmoqda“Bulutli kunlarda qancha elektr sarflanayotganini diqqat bilan kuzatish kerak edi”, - deydi Gillis. Keyinchalik, Koloradodan kelgan ko‘ngillilar guruhi 14 ta elektr ustunini o‘rnatishga yordam berdi va Navaxo qabilasining kommunal xizmati ustunlar joylashtirilishi uchun olti fut chuqurlikda teshik qazidi. Jamoa asosiy elektr liniyasidan juftlikning uyigacha bo‘lgan bir milga yaqin qizil qumli yo‘l bo‘ylab elektr simini yotqizdi. Bu esa ularning uyiga elektr energiyasi yetkazib berilishiga sabab bo’ldi.
“Chiroqlar yanada yorqinroq yonmoqda”, - dedi Blek uyi elektrga ulangandan keyin.
So‘nggi yillarda rezervatsiyalarda infratuzilmani yaxshilash uchun qabilalarga sezilarli darajada ko‘proq federal mablag‘ ajratildi. Jumladan, 2021-yilda qabul qilingan “Amerika qutqaruv rejasi” qonuni doirasida 32 milliard dollar ajratilgan. Shundan 112 million dollari Navaxo xalqiga elektrga ulanishlari uchun berilgan. Navaxo qabilasining kommunal xizmati, shuningdek, Bayden ma’muriyatining “Inflyatsiyani kamaytirish to‘g‘risida”gi qonuni doirasida oilalarni elektr tarmog‘iga ulash uchun 17 million dollar mablag‘ olgan. Ammo byurokratiya va logistika tufayli bu mablag‘larning amaliy natijalarini ko‘rish ancha sekin kechishi mumkin.
Kelgusi bahorda qabila kommunal xizmati Pritsilla va Leo Danning uyini, shuningdek, yana 150 ta uyni elektr tarmog‘iga ulashni rejalashtirmoqda.
Pritsilla va Leo Danning Arizona shtatidagi Navaho tog‘i yaqinidagi uylariga elektr energiyasi ulansa, ularning 12 yillik orzusi amalga oshadi. Hozirda juftlik ishlariga yaqinroq boshqa joyda yashaydi, ammo yillar davomida rezervatsiyadagi uylarini ta’mirlab kelmoqda. Agar uylariga elektr tarmog‘i ulangan bo‘lsa, ular Pritsilla o‘sgan va otasi hamon yashayotgan hududda ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniga ega bo‘ladi.
“Hayotimiz osonlashgan bo’lar edi”, - deydi Pritsilla. – Elektrsiz hamma ish ikki baravar qiyindek tuyuladi”.