Trampning iqtisodiy siyosati: Soliqlar, tariflar va savdo

AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp saylovlar davrida iqtisodiy sohada qator va’dalar bergan. Ular nimalardan iborat?

  • soliq imtiyozlarini uzaytirish va yangilarini amalga oshirish
  • energiya ishlab chiqarish sanoatida davlat ishtiroki va aralashuvini kamaytirish
  • ichki bozorni chet el raqobatidan himoya qilish va tovar ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorga chiqishini ragʻbatlantirishga qaratilgan kuchli proteksionizm siyosatini olib borish
  • importga bojlarni oshirish
  • millionlab hujjatsiz immigrantlarni ommaviy tarzda deportatsiya qilish

Bu va’dalar qay darajada amalga oshiriladi?

“Barcha iqtisodchilarni qiziqtirayotgan savol shuki, Tramp saylovoldi tashviqoti chogʻida aytgan soʻzlariga qanchalik ishonsa bo’ladi? – deydi Amerika Tadbirkorlik institutidan Stiven Kamin “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. – Tramp bu va’dalarni bajadarimi, yo’qmi, yoki bajarsa ham qay darajada bajaradi, bilmaymiz".

Boj haqida gap ketganda, Tramp barcha import mahsulotlariga 10-20 foiz, Xitoydan keladigan tovarlarga 60 foizgacha tarif qo’yishini aytgan. Ekspertlarga ko’ra, bu iqtisodiy jihatdan halokatli bo'lishi mumkin.

AQSh hozir har qachongidan ko'proq energiya ishlab chiqarayotgan bo'lsa-da, Tramp neft va gaz qazib olishni yanada ko'paytirishini aytmoqda.

Soliqlar

Tramp o’z rejalarini amalga oshirishda Kongressga tayanadi. Yangi tarkibdagi Kongressda uning partiyadoshlari, respublikachilar ko’pchilikni tashkil etadi.

Tramp 2017-yilda “Soliqlarni qisqartirish va ish o'rinlari to'g'risida”gi qonunga imzo chekkan edi. Ushbu soliq imtiyozlari ko'plab ishchlar tomonidan to'lanadigan daromad solig'ini kamaytirgan. Shuningdek, korporativ soliqlar 35 foizdan 21 foizga tushirildi.

Qonunning ayrim bandlari yana bir necha yil amal qiladi, ba'zilari 2025-yildayoq tugaydi. Tramp ularni doimiy qonunga aylantirishni taklif qilgan.

Tramp korporativ soliqni yanada qisqartirib, 15 foizgacha tushirishni, belgilangan soatdan ko’p ishlaganda qo’shimcha daromadni, choy-chaqa va ijtimoiy himoya uchun beriladigan to’lovlarni soliqdan ozod etishni targ’ib qilmoqda. Bularning barchasi byudjet daromadlarini kamaytiradi.

Stiven Kaminning aytishicha, Trampning bu takliflari iqtisodiy o'sishni ta’minlamaydi. Aksincha, byudjet taqchilligini qoplash uchun davlat qarzlarining ko'payishiga olib keladi.

“Menga o’xshagan umumiy fiskal balans haqida qayg‘urayotgan odamlarning xavotiri shundaki, hatto kuchli iqtisodiy faoliyat olib borilganda ham, profitsitga erishilgan holda ham, yaqqol ko’rinib turadigan darajada katta moliyaviy taqchillikni keltirib chiqarish qarzning oshishiga olib keladi", - dedi u.

"Bu oxir-oqibat xususiy investitsiyalarni siqib chiqarishga, foiz stavkalarining oshishiga va hukumatning barqarorligi haqidagi xavotirlar kuchayishiga olib keladi. Ammo qarz tashvish uyg'otadigan darajaga qachon yetadi, hech kim bilmaydi".

Xarajatlarni qisqartirish

Nazariy jihatdan, soliqlarni qisqartirish natijasida yuzaga kelgan taqchillikni hukumat xarajatlarini kamaytirish orqali qoplash mumkin. Bu fikr Trampning saylovoldi tashviqotida ham bor edi.

Bo’lajak prezident Hukumat samaradorligi departamentini tashkil etishni va unga “Tesla” va “SpaceX” kompaniyalari asoschisi, milliarder tadbirkor Ilon Maskni rahbar etib tayinlashni taklif etdi.

Mask federal xarajatlarni yiliga ikki trillion dollarga yoki taxminan 30 foizga qisqartirish mumkinligini aytmoqda. Bu ko’plab dasturlarning qisqarishi hisobiga bo’lishi aniq. Masalan, ijtimoiy himoya va “Medicaid” kabi federal sog'liqni saqlash dasturlari hisobiga.

Biroq bo’lajak prezident Kongressni bunga qanday ko’ndirishi noma’lum, chunki hatto respublikachilar ham davlat xizmatlaridagi bunday keng qamrovli qisqartirishlarga qarshi chiqishi mumkin.

Immigratsiya

Piterson Xalqaro iqtisodiyot Instituti eksperti Markus Nolandga ko’ra, agar Donald Tramp hujjatsiz immigrantlarni ommaviy deportatsiya qilish siyosatini davom ettirsa, bu iqtisodiy sohaga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Chunki immigrantlar - katta ishchi kuchi, ayniqsa qishloq xo'jaligi va qurilish sohalarida.

"Agar ishchi kuchini kamaytirsangiz, ishlab chiqarish hajmini kamaytirasiz. Ishchi kuchi kam bo’lsa, narxlar oshadi", - dedi Noland "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

"Bu odamlar Qo'shma Shtatlar iqtisodiyotida bir tekis taqsimlanmagan. Ular asosan qishloq xo'jaligi va qurilish sohasida ishlaydi. Shu sohalarga putur yetkazasiz".

Savdo

Markus Noland fikricha, Trampning import tariflari bo'yicha takliflari iqtisodiyotga zarar keltiradi. Nazariy jihatdan maqsad Amerika sanoatini rag'batlantirish bo’lsa-da, amalda bunday choralar teskari ta'sir ko'rsatishi mumkin.

"Bu tariflar sanoat sektorini jonlantirish o'rniga, qaytanga Qo'shma Shtatlardagi sanoat faolligini pasaytiradi", - deydi u.

Import mahsulotlariga, ayniqsa, Xitoy tovarlariga nisbatan yuqori bojlar AQSh ishlab chiqaruvchilari uchun jiddiy qiyinchiliklar tug'diradi.

"Sababi shundaki, sanoat mahsulotlari narxini oshirsangiz, Qo'shma Shtatlar ishlab chiqarish uchun qimmat joyga aylanadi. Natijada investitsiyalar kamayadi. Sanoat materiallariga investitsiyalar esa intensivdir. Bu teskari natija beradi", - deydi mutaxassis.