Rossiyada qonun loyihasi: Migrantlar farzandlari uchun rus tilidan majburiy test

Rossiya Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin migrantlarning farzandlarini maktabga qabul qilishdan oldin ulardan rus tili bo‘yicha test olishni taklif qildi. “Sever.Realii” suhbatlashgan ekspertlar fikricha, ushbu yangi qoida yangi korrupsiya sxemalarini yaratadi va rossiyaliklar bilan migrantlar o‘rtasidagi jarlikni yanada kengaytiradi.

Qozog‘istondagi neft shirkatida ishlovchi Anvar qizini Sankt-Peterburgdagi OTMlardan biriga o‘qishga jo‘natgan. U Qozog‘iston Bojxona ittifoqi, KXSHT va boshqa davlatlararo birlashmalar a’zosi ekaniga qaramay, qizining Rossiya institutiga kirishi asabbuzarlik va byurokratik qiyinchiliklarsiz bo‘lmaganidan, hatto pora ta’ma qilishganidan qattiq ranjiganini aytadi.

Rossiyaga uzoq muddatga keladigan migrantlar integratsiya bo‘lishda va rus tilini o‘rganishda qiynalishadi endi. Jamiyatda nizolar, norozilik kuchayadi.

“Qizim o‘qishga kirishidan oldin biz 90 kun Qozonda ro‘yxatda turdik, o‘sha yerda u YGE (Yagona davlat imtihoni)ni topshirdi. Qizim institutga qabul qilingach, chet ellik talabalarga mas’ul bo‘lgan dekanat xodimasi "qizingizni Peterburgda ro‘yxatdan o‘tkazishim kerak, mahalliy politsiyachilarning og‘zini moylamasa bo‘lmaydi”, deya janjal ko‘tardi. Qizimga ancha payt yotoqxona berishmadi, registratsiyasi yo‘qligi uchun ijaraga kvartira ololmadik. Oxiri ro‘yxatdan o‘tganimizda ham unga “bir yil Rossiya hududidan tashqariga chiqmasin”, degan noqonuniy talab qo‘yildi. Shuning uchun ta’tilda qizim Qozog‘istonga kelolmadi, biz o‘zimiz uni ko‘rgani atay Peterburgga bordik”, - deydi Anvar.

Yaqin istiqbolda Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolarining Rossiya o‘quv yurtlariga kirishi yanada qiyinlashadi.

Duma spikeri Vyacheslav Volodin migrantlarning bolalarini maktabga qabul qilishdan oldin ularning Rossiya hududida qonuniy yashayotganini tekshirishni, ulardan rus tili bo‘yicha majburiy tartibda test olishni va ushbu testsiz ularni umumta’lim tashkilotlariga qabul qilishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Dumada ko'rib chiqilmoqda.

Oktabr oyi oxirlarida Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedev shunday chaqiriq bilan chiqqan edi:

“Mamlakatimizda bo‘lib turgan migrantlarning oilalari alohida e’tibor talab qiladi. [...] Tez-tez muhokama qilinayotgan bir vaziyat mavjud. Bu maktablar va boshqa o‘quv muassasalariga rus tilini bilmaydigan bolalar qabul qilinayotgani bilan bog‘liq. Umumiy ta’lim darajasiga zarar yetkazayotgan bunaqa holatlarga chek qo‘yish kerak”.

Noyabrning boshlarida Vladimir Putin Rus tili va Rossiya xalqlarining tillari bo‘yicha kengash yig‘ilishida “chet elliklarning rus tilini bilmaydigan yoki juda oz biladigan bolalari bilan ish olib borishning yagona federal algoritmini ishlab chiqish”ga chaqirdi.

Rossiya maktablarida ta’lim olayotgan 17 million o‘quvchidan 180 ming nafari migrantlarning farzandlaridir. O‘quv yili boshida Maorif vazirligi maktablarga imkoniyatga qarab bunaqa bolalardan bitta sinfga uchtadan ortiq olmaslikni tavsiya qilgan edi. Ta’lim mulozimlari ularni o‘qitishni maxsus e’tibor talab qiladigan bolalarni o‘qitishga tenglashtirganlar.

Maxsus so‘rovda ishtirok etgan ikki mingdan ziyod maktab o‘quvchilaridan 53 foizi migrantlarning farzandlarida rus tili bilan bog‘liq muammolar borligini qayd etgan.

“Qo‘llaridan kelgancha tortishyapti”

Rossiyaga katta migratsiya oqimi 1990-yillardan beri bo‘lsa-da, migrantlarning farzandlarini adaptatsiya qilish bo‘yicha umumiy davlat dasturi hanuz ishlab chiqilmagan.

Buni ham ko'ring Rossiyada migrantlarga qarshi kampaniya avjida, bundan kim manfaatdor?

2021-yilda Putin rus tili ona tili bo‘lmagan o‘quvchilarga ta’lim berish davlat tizimini yaratishga farmoyish bergan edi. Bir yil o‘tib Maorif vaziri Sergey Kravsov maktablarda migrantlarning bolalari uchun rus tili kurslari ochilishini ma’lum qilgan. Biroq amaliyotda hech nima o‘zgargani yo‘q.

“Qog‘ozda adaptatsiya ham bor, psixologlar ham. Amalda esa hech vaqo yo‘q. Ularni bosh og‘rig‘i deb bilishadi. Bola o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, tilni eplaganicha o‘rganyapti. O‘qituvchilar uni qo‘llaridan kelgancha tortishadi, bir-birlariga nolishadi, bunaqa bolalar maktabga kelmaganida xursand bo‘lishadi”, – deydi moskvalik o‘qituvchi.

“Hech bo‘lmaganda maktabda psixologiya-pedagogika komissiyasi tuzish, bola rivojlanishda oqsayotgani haqida yuqoriga ma’lum qilish mumkin. Bu loaqal unga qo‘shimcha soatlar va o‘qituvchiga ustama undirishning qonuniy yo‘li. Lekin, agar o‘zi tilni yaxshi o‘zlashtira olmasa, maktabni attestatsiz, faqat ma’lumotnoma bilan bitiradi. Bunaqa bolalarni bir amallab to‘qqizinchi sinfgacha tortish mumkin”, – deya qo'shadi u.

Davlat yillar bo‘yi hal qilmagan ushbu muammo endilikda migrantlarning o‘zlariga tashlab qo‘yilmoqda: emishki, ota-onalarning o‘zlari javobgar, Rossiyaga oilaviy ko‘chib kelishayotgan ekan farzandlarining rus tilini o‘rganishini ta’minlashlari shart.

“Bir tomondan bu to‘g‘ri, bola rus tilini o‘rganishiga ota-onalar mas’ul... Bizning Murmanskda O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelganlar ko‘pdan beri yashashadi, ularning 80 foizi rus tilini biladi. Bolalar bilan muammo bo‘ladi, albatta: sinfdoshlari millati vajidan kamsitadi yoki ota-ona rus tilini yaxshi bilmagani uchun bolasining uy vazifalariga ko‘maklasha olmaydi. Umuman, begona tilda ta’lim olish juda murakkab ish”, – deydi o‘g‘li Rossiya maktabida o‘qiydigan markaziy osiyolik Go‘zal.

Rossiyaga aqliy mehnat bilan shug‘ullanadiganlar kelmayapti

O‘rta ta’lim olish har qanday insonning konstitutsion huquqi ekaniga qaramay, maktabga bormaydigan bolalar qatlami allaqachon paydo bo‘lgan. Chunki oilaning Rossiyada yashashi qonuniy yoki qonuniy emasligi maktablar orqali tekshiriladi, deydi migrantlarga ko‘maklashuvchi notijorat tashkilot xodimi.

Tekshiruvlar kuchaygani sayin ta’limdan uzilib qolgan bolalar soni ortib, kriminogen vaziyat og‘irlashaveradi, deya tashvishlanadi u.

Ammo Peterburgdagi sobiq maktab direktori Dima Zitser fikricha, ushbu muammoning yechimi bor.

“Davlat dasturlari bo‘lmaganida migrantlar bolalarining ta’limi 100 foiz maktab direktorlariga bog‘liq. Pedagoglar professional va direktor yaxshi bo‘lsa, bola uchun alohida kurslar tashkil qiladi. Bolalar tilni oson o‘rganadi, ana shu jihat muhim", – tushuntiradi Zitser.

Buni ham ko'ring “Yaxshi haq to‘lashadi, lekin ko‘plar o‘lib ketdi” - Rossiya armiyasiga yollangan markaziy osiyolik muhojirlar hikoyasi

"Darslarni rus tili va adabiyoti muallimlariga yuklash mumkin. Umuman, muammo ko‘lami bu qadar katta ekan, umumdavlat metodikasi va dasturlari ishlab chiqilishi lozim. O‘zga til muhitiga kirish har qanday bola uchun dahshat, bu jiddiy jarohat qoldirishi mumkin. Til kurslaridan ham avval umumiy qo‘llab-quvvatlash kurslari kerak. Bizda esa bolalar uchun hech nima qilishmayapti, ularni tamg‘alashyapti, xolos”.

Berlindagi Karnegi markazi eksperti Temur Umarov yangi qonun migrantlar va rossiyaliklar o‘rtasidagi ziddiyatlar sonini yanada oshirishiga aminligini aytadi.

“Rossiyaga uzoq muddatga keladigan migrantlar integratsiya bo‘lishda va rus tilini o‘rganishda qiynalishadi endi. Jamiyatda nizolar, norozilik kuchayadi. Bepul o‘rta ta’lim shu paytgacha bu odamlarni integratsiya qilishning asosiy vositasi edi. Maktablarda ular Rossiya jamiyati nimaligini, uning qadriyatlarini o‘rganishar, yangi tanishlar orttirishardi. Tadqiqotlarga ko‘ra, migrant ayollar Rossiyaga tezroq integratsiya bo‘lishar ekan, chunki ular sinf majlislariga borishadi va boshqa ota-onalar bilan muloqotda bo‘lishadi. Markaziy Osiy mamlakatlarining ta’lim tizimida rus tiliga hanuz yetarlicha o‘rin ajratilgan, yirik shaharlardagi aksar maktablarda rus tilli sinflar bor. Lekin rus tiliga qiziqish pasaymoqda, buning sababi ushbu mamlakatlar hukumatlarining siyosati emas. Ilgari rus tili karyera qilish imkoniyatlarini ochuvchi til hisoblanardi, ammo Rossiyaga aqliy mehnat bilan shug‘ullanadiganlar kelmayapti, shu bois ota-onalar bolalariga boshqa chet tillarini o‘rgatishni afzal ko‘rishmoqda”, – deydi ekspert.

“Sever.Realii” suhbatlashgan tojikistonlik ikki migrant maktablarda qanaqa testlar joriy qilinmasin, har qanday muammoni pul bilan hal etish mumkinligini aytdi. Ularga ko‘ra, hatto kam haq to‘lanadigan ishlarda ishlovchi migrantlar ham farzandlarini yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga turmasdan biroz pora evaziga maktabga joylashmoqda.

Qozog‘istondagi neft shirkatida ishlovchi Anvar qizini Peterburgga o‘qishga yuborganidan afsuslanmasligini aytadi: shahar ham, institutdagi ta’lim sifati ham qiziga ma’qul bo‘libdi.

Markaziy Osiyodan Yevropa, Xitoy va AQShga borib o‘qiyotgan yoshlar soni ortayotgan bo‘lsa-da, Rossiya ta’limi hamon sifatli va obro‘li hisoblanadi, deydi “Sever.Realii” suhbatdoshi.