AQSh: 2014-yildan beri deportatsiyalar soni rekord darajaga yetgan

  • Amerika Ovozi

Ekvadorga deportatsiya qilinayotgan muhojirlar, 2024-yil, 20-sentabr

AQShning Immigratsiya va bojxona nazorati boshqarmasi so‘nggi o‘n ikki oy mobaynida 192 mamlakatga 270 mingdan ortiq odamni deportatsiya qilgan. Bu raqam so‘nggi o‘n yildagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, yaqinda e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, u Donald Tramp ommaviy deportatsiyalarga oid va’dasini bajarishda duch kelishi mumkin bo‘lgan moliyaviy va operatsion qiyinchiliklarni aks ettiradi.

AQShda noqonuniy ravishda yashayotgan odamlarni chiqarib yuborish uchun mas’ul bo‘lgan Immigratsiya va bojxona nazorati boshqarmasi 30-sentabrda yakunlangan moliyaviy yil davomida 271 484 kishini deportatsiya qilgan. Bu bir yil oldingi davrda deportatsiya qilingan 142 580 kishidan deyarli ikki baravar ko‘p.

Bu ko‘rsatkich tashkilot uchun 2014-yildan beri eng yuqori daraja hisoblanadi; o‘shanda 315 943 kishi deportatsiya qilingan. Trampning Oq uydagi birinchi muddati davomida esa eng yuqori raqam 2019-yilda qayd etilgan bo’lib, o’sha yili 267 258 kishi mamlakatdan chiqarib yuborilgan.

Deportatsiyalarning ortishi, jumladan, dam olish kunlaridagi qo‘shimcha parvozlar va Gvatemala, Gonduras hamda Salvadorga yuborilgan shaxslar ishini tezlashtirish bilan bog‘liq, deydi boshqarma vakillari. Shuningdek, so‘nggi olti yil ichida birinchi marta Xitoyga yirik deportatsiya parvozi amalga oshirilgan va samolyotlar Albaniya, Angola, Misr, Gruziya, Gana, Gvineya, Hindiston, Mavritaniya, Ruminiya, Senegal, Tojikiston va O‘zbekistonga ham tashrif buyurgan.

Shu bilan birga, AQSh Bojxona va chegara nazorati boshqarmasi noyabr oyida Meksikadan noqonuniy ravishda chegarani kesib o‘tgani uchun 46 612 kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Bu bir oy oldingi 56 526 holatdan 18 foizga va 2023-yil dekabrida qayd etilgan 250 000 kishilik rekorddan 80 foizga kam. Meksika hukumati o‘z chegaralaridagi nazoratni kuchaytirganidan bir yil o‘tib va prezident Jo Bayden iyun oyida qat’iy boshpana qoidalarini joriy etganidan so‘ng, hibsga olish holatlari ikki baravar kamaygan.

Buni ham ko'ring AQSh fermerlari Trampning deportatsiya siyosatidan xavotirda

Noyabr oyidagi hibsga olish ko‘rsatkichlari 2020-yilning iyul oyidan beri eng past darajani qayd etdi va Tramp prezident etib saylanganidan keyin, ba’zilar kutganidek, darhol o’sish kuzatilmadi.

30-sentabrda yakunlangan 12 oylik davr mobaynida deportatsiya qilinganlarning eng katta qismi Meksikaga (87 298 kishi) yuborilgan. Undan keyin Gvatemala (66 435 kishi) va Gonduras (45 923 kishi) qayd etilgan, deyiladi boshqarma hisobotida. Meksika va Markaziy Amerika davlatlari deportatsiyalarning asosiy nishoni bo‘lib qolmoqda, chunki bu davlatlar o‘z fuqarolarini qaytarib olishga nisbatan tezroq rozilik bildiradi va logistika jihatdan ham qulayroq.

Biroq boshqarmaning hibsga olish joylari va xodimlari sonining cheklanganligi uning faoliyat doirasiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, immigratsiya sudlari orqali nazorat qilinayotgan shaxslar soni to‘rt baravar oshib, 7,6 millionga yetgan (bir yil ichida 6,1 milliondan ortiq odam qo‘shilgan).

Buni ham ko'ring AQShda chegara "hukmdori" kim?

AQShning Immigratsiya va bojxona nazorati boshqarmasi so‘nggi 12 oylik davr mobaynida kuniga o‘rtacha 37 700 kishini hibsga olgan. Bu ko‘rsatkich Kongress tomonidan ajratilgan mablag‘lar asosida belgilanadi. Ommaviy deportatsiyalar uchun hibsga olish joylari yetishmasligi sababli, Texas shtati qishloq hududlaridan yig‘ilish maydoni sifatida foydalanishni taklif qilmoqda.

Boshqarma so‘nggi davrda 113 431 hibsga olishni amalga oshirgan. Bu bir yil oldingi 170 590 holatdan 34 foizga kam. Agentlik fikriga ko‘ra, Meksika bilan chegaraga resurslarni safarbar qilish ichki hibsga olishlarga e’tiborni kamaytirishga olib kelgan.