Xitoy AQShdagi mahalliy rasmiylarni nishonga olmoqda

  • Amerika Ovozi

Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom 2023-yilda Xitoyga tashrif buyurib, Pekinda Xitoy rahbari Si Zinpin va markaziy hukumatning boshqa yuqori martabali vakillari bilan uchrashib kelgan edi.

Nyusom Xitoyning yashil energetika sohasidagi yutuqlarini yuqori baholadi.

“So‘nggi yillardagi ajoyib yutuqlardan ilhomlandim”, - dedi u Xitoy ommaviy axborot vositalariga Shenchjendagi elektr avtobuslar kompaniyasiga tashrif buyurgach. – Butun shaharni qamrab oladigan bunday transport tizimini bir necha yil ichida yaratish — haqiqatan ham hayratlanarli”.

Xitoyning “China Central Television News” kanali xabariga ko‘ra, Nyusom Si Zinpin bilan uchrashuvda “Xitoyning rivojlanishda ajoyib yutuqlarga erishganini” maqtab, Kaliforniya Xitoyga “uzoq muddatli, barqaror va mustahkam hamkor” bo‘lishga tayyor ekanini va'da qilgan.

“Demokratiyani himoya qilish jamg‘armasi”ning ikki tajribali tadqiqotchisi Emili de La Bruyer va Natan Pikarsik fikriga ko‘ra, Nyusomning Xitoyga tashrifi Xitoyning so‘nggi yillarda qo‘llayotgan yangi ta'sir strategiyasini namoyon etadi.

Bu strategiya yuqori darajadagi rahbarlarga emas, balki mahalliy darajadagi amaldorlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, Xitoy bu orqali boshqa mamlakatlarga ta’sir o‘tkazishni maqsad qilmoqda.

Tadqiqotchilarning “Yaqin dushman: Xitoyning Qo'shma Shtatlarga submilliy kirib borishi” nomli yangi hisobotida, Emili de La Bruyer va Natan Pikarsik Pekinning AQShdagi mahalliy va shtatlar darajasida ortib borayotgan ta’sirini haqida batafsil ma’lumot bergan va bu ta’sir AQSh iqtisodiyoti va milliy xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Buni ham ko'ring AQSh-Xitoy mahbus almashinuvi uyg’ur oilalarini birlashtirmoqda

Hisobotda aytilishicha, Xitoy mahalliy rasmiylar bilan hamkorlikni faqat Demokratik partiya a’zolari bilan cheklamaydi. Masalan, 2018-yilda AQSh-Xitoy savdo urushi avjiga chiqqan paytda Arkanzas shtati gubernatori, respublikachi Asa Xatchinson Milliy gubernatorlar assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda, Xitoy bilan mahalliy hamkorlikni “juda muhim” deb atagan edi. Ushbu yig‘ilishda Xitoy-Amerika tijorat hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan Xitoy Savdo Palatasi jamg‘armasi ham ishtirok etgan.

“Albatta, bizning tashqi siyosatimiz va savdo siyosatimiz federal hukumat tomonidan belgilanadi. Ammo biz shtatlar darajasida qancha ko‘p aloqalar o’rnatsak, milliy darajada shuncha ko‘p muvaffaqiyatga erishamiz”, - degan edi Xatchinson.

Mahalliy hukumatlarni kirish nuqtasi sifatida ishlatish

De La Bruyer va Pikasikning yangi hisobotida, Pekin iqtisodiy investitsiyalar, madaniy almashinuvlar va mahalliy hukumatlar bilan hamkorlik kabi turli usullar orqali federal nazoratdan chetlab o‘tib, mahalliy darajada ta’sir o‘rnatmoqda. Ushbu strategiyalar AQSh siyosatini shakllantirishga ta’sir ko‘rsatish va mahalliy hukumatlarda Xitoyga bog‘liq bo‘lgan ekotizimni rivojlantirishga qaratilgan.

“Amerika federal tizimining bo‘linishida bir asimmetriya mavjud. Milliy darajadagi hukumat milliy xavfsizlik va xalqaro savdo siyosati uchun javobgar bo‘lsa, shtat va mahalliy hukumatlar, asosan, jamoat xizmatlarini ko‘rsatishga, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirishga, investitsiyalarni jalb qilishga yoki ish o‘rinlarini yaratishga e’tibor qaratadi, bu esa soliqlarni ko‘paytirishga yordam beradi”, - deyiladi hisobotda.

Xitoy AQShning mahalliy darajasida ta’sir o‘tkazishga qaratilgan iqtisodiy tashabbuslari orqali milliy xavfsizlikni nazorat qiluvchi mexanizmlarni chetlab o‘tishga harakat qilmoqda. Ayniqsa, mahalliy hukumatlarga qaratilgan xorijiy investitsiyalar ushbu ta’sirni kuchaytirishning asosiy vositasi bo‘lib, bu tashabbuslar AQShning milliy xavfsizlik siyosati uchun qiyinchiliklar yaratishi mumkin.

So‘nggi yillarda AQSh federal hukumati Pekinning potensial tahdidlariga qarshi choralar ko‘rdi. Masalan, Xitoyning ushbu yerlardan josuslik maqsadlarida foydalanishi mumkinligidan xavotirlanib, uning AQSh qishloq xo‘jalik yerlari bo‘yicha investitsiya imkoniyatlarini cheklash bo‘yicha qadamlar tashladi.

FDD hisobotida keltirilishicha, Xitoy Xalq Tashqi Do‘stlik Assotsiatsiyasi (CPAFFC) orqali AQSh va Xitoy o‘rtasidagi 277 ta “birodar shaharlar” munosabatlarini boshqaradi. Ushbu hamkorlik odatda iqtisodiy va madaniy almashinuvlar orqali amalga oshiriladi, ammo aslida Pekin o‘z siyosatini targ‘ib qilish va mahalliy darajada ta’sirini kengaytirish uchun ushbu aloqalarni vosita sifatida ishlatadi.

Yaqinda Nyu-York shtati gubernatori Keyti Xochulning sobiq bosh yordamchisi Linda Sun Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik Partiyasining agenti sifatida ishlashda ayblandi.

Buni ham ko'ring AQSh uyg'urlarni majburiy mehnatga tortayotgan Xitoyga yana sanksiya qo'llamoqda

Ayblov xulosasida, u o‘z lavozimidan foydalanib, o‘sha paytdagi gubernator Endryu Kuomo va hozirgi gubernator Xochulni Tayvan rasmiysi, jumladan, o‘sha davrdagi Tayvan prezidenti Tsay Inven bilan uchrashuvlarini to‘xtatishga harakat qilgani qayd etilgan.

AQShda joylashgan Xitoy elchixonasi va diplomatlari ham ko‘pincha o‘z chiqishlarida mahalliy hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlaydi. Xitoyning Chikagodagi Bosh konsuli Chjao Szyan bir necha bor AQShning federal siyosatini tanqid qilgan va mahalliy hukumatlar bilan Xitoy o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish zarurligiga urg’u bergan.

U 2021-yilda o‘tkazilgan bir forumda: “So‘nggi ikki yil ichida AQShning O‘rta G‘arbida joylashgan ayrim fermerlar uyushmalari va fermalarga tashrif buyurish imkoniyatiga ega bo‘ldim va AQSh fermerlarining savdo urushi ta’sirini qanday his qilganliklarini shaxsan ko‘rdim. Ularning AQSh-Xitoy savdo munosabatlarini normal holatga qaytarishga bo‘lgan kuchli intilishini his etdim”, - degan edi.

Iqtisodiy investitsiyalar Pekinning AQShdagi mahalliy hukumatlarga ta'sir ko‘rsatishdagi asosiy vositalaridan biri hisoblanadi. Hisobotda Xitoyning yirik davlat korxonalari, masalan, CRRC (Xitoy Temiryo‘l Korporatsiyasi) va BYD (Xitoy Akumulyator va Avtomobil Korporatsiyasi)ning AQShdagi faoliyatlari misol qilib keltirilgan.

CRRC kompaniyasi, bir paytlar AQSh Mudofaa vazirligi tomonidan Xitoy harbiylari bilan aloqador deb tasniflangan bo‘lsa-da, AQShdagi mahalliy hukumatlar bilan, xususan Massachusets va Chikago kabi hududlar bilan hamkorlik qilgan. Bu hamkorlik orqali ular mahalliy temiryo‘l transport vositalarini taqdim etgan va mahalliy rasmiylar bilan faol aloqalar o‘rnatgan.

BYD kompaniyasining AQShdagi sho‘'ba korxonalari Kaliforniya, Indiana va Nyu-Jersi shtatlarida o‘z inshootlarini qurdi va Luiziana, Merilend, Massachusets, Florida hamda Kaliforniya shtatlaridagi hukumatlarga o‘z mahsulotlarini sotdi. Bundan tashqari, BYD mahalliy yetakchilar bilan yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda.

Federal va mahalliy hukumatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga chaqiriq

Hisobotda, AQSh federal hukumati Xitoyning mahalliy hukumatlar darajasida ta’sir o‘tkazishga qaratilgan harakatlariga qarshi samarali choralar ko‘rmagani haqida aytilgan. Shu sababli, Xitoyning mahalliy darajadagi ta’sirini cheklash uchun AQShning federal, shtat va mahalliy hukumatlari o‘rtasida yanada muvofiqlashtirilgan choralarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlanadi.

Hisobotda Xitoyning AQShga ta'sirini cheklash uchun bir qancha choralar tavsiya etilgan. Bular: federal nazoratni kuchaytirish, Xitoydan kelayotgan xorijiy investitsiyalar uchun yanada qat'iy cheklovlar qo‘yish va AQShning Xitoyga iqtisodiy bog‘liqligini kamaytirishdir. Shuningdek, Xitoy bilan ta'lim sohasidagi hamkorlik loyihalarini qisqartirish va Tayvan bilan bog‘liq til va madaniy almashuv dasturlarini ko‘proq rivojlantirish tavsiya qilinadi.

AQShdagi mahalliy rahbarlar tashqi siyosatni faqat federal hukumat vakolatida qoldirmasdan, mahalliy darajada o‘z tashabbuslarini ilgari surishlari mumkin. Ularga mahalliy diplomatiyani iqtisodiy rivojlanish va investitsiyalarni jalb qilish uchun strategik vosita sifatida qo‘llash tavsiya etiladi.

Buni ham ko'ring AQShga kirib kelayotgan Xitoy bizneslari bahslarni qizitmoqda

Hisobotning yakuniy qismida, AQSh saylovchilarini mahalliy hokimiyatlar, gubernatorlar idoralari va shtat iqtisodiy rivojlanish agentliklarining faoliyati haqida xabardor qilish muhimligi ta'kidlanadi. Ular bevosita yoki bilvosita Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining modernizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishi yoki AQSh milliy xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa Xitoy faoliyatlariga yordam bergan bo‘lishi mumkin.

Ta'lim hamkorligi va ommaviy axborot vositalari orqali ta'sir o‘tkazish

Hisobotda, shuningdek, Pekinning ta'lim va madaniy dasturlar orqali o‘z ta’sirini kengaytirayotgani ta’kidlanadi. Konfutsiy institutlari, Konfutsiy sinflari va boshqa madaniy almashuv dasturlari Pekinga AQSh jamoatchiligining dunyoqarashiga ta’sir ko‘rsatish imkonini beradi.

Pekin AQShdagi ta’lim muassasalariga mablag‘ ajratib, turli tadbirlar tashkil qiladi. 2020-yilda Pekin Universiteti Ta’lim Jamg‘armasi AQShda Xitoy va AQSh o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini targ‘ib qiluvchi xalqaro forumni moliyalashtirdi. Ushbu tadbir Pekin va Nyu-Yorkda o‘tkazilgan bo‘lib, Kolumbiya Universitetining Xitoy bilan aloqalarini nishonladi. Forum davomida universitet professorlari Xitoy va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidlab, ushbu aloqalarning muhimligini targ‘ib qildi.

Hisobotda aytilishicha, AQShda Xitoylik talabalarning ta'lim olishi mamlakat iqtisodiyotiga daromad olib keladi, shu sababli AQSh ularni jalb qilishga qiziqadi. Shu bilan birga, AQSh universitetlarining Xitoyda filiallar va tadqiqot markazlari ochishi Xitoyga AQSh akademik muassasalariga ta'sir o‘tkazish imkoniyatini beradi. Bu esa ushbu muassasalarni Xitoy manfaatlariga mos keladigan axborot va qarashlarni tarqatishga moyil qilib qo‘yishi mumkin.

Shuningdek, hisobotda Pekin o‘zining rasmiy media tashkiloti – “China Daily” kabi nashrlar orqali AQShda jamoatchilik fikriga ta’sir ko‘rsatishga harakat qilishi ta’kidlanadi. Bu ta’sirni amalga oshirish uchun ular AQShning asosiy ommaviy axborot vositalarida reklama yoki homiylik qilingan materiallarni joylashtiradi.

Masalan, “Wall Street Journal” saytida joylashgan “China Watch” sahifasi ko‘pincha “China Daily” tomonidan tayyorlangan va AQSh-Xitoy hamkorligi hamda Xitoy siyosati haqidagi ijobiy targ‘ibot materiallarini chop etadi. Ushbu materiallar oddiy yangilik maqolalari uslubida yozilgan bo‘lib, Xitoyga nisbatan ijobiyroq qarashlarni shakllantirishni maqsad qiladi.

Bundan tashqari, hisobotda Pekinning “Jahon Xitoy Tili OAV Forumi” (World Chinese Media Forum) kabi tadbirlar orqali ta’sir o‘tkazayotgani ham ta’kidlanadi.

Ushbu tadbirlar davomida AQSh va dunyoning boshqa qismlaridagi xitoy tili ommaviy axborot vositalari vakillari Xitoyga tashrif buyurishga taklif qilinadi va hukumat rasmiylari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. Mazkur forumni Xitoyning Birlashgan Front ishlar departamenti bilan bog‘liq bo‘lgan “Xitoy Axborot Agentligi” tashkil qiladi.

Bu tadbirlar Xitoy siyosati va manfaatlarini targ‘ib qilishga qaratilgan.