Prezident Donald Trampning ta’kidlashicha, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa davlatlar Alyaskada “gigant” tabiiy gaz quvuri qurilishida AQSh bilan hamkorlik qilishni istaydi.
Davlatlarning har biri bu loyihaga “trillionlab dollar” sarmoya qiladi, deya da’vo qildi Tramp Kongressdagi nutqida.
Janubiy Koreya Sanoat vaziri An Duk Gin yaqinda Vashingtonga tashrif buyurib, loyihani muhokama qilgan, ammo tafsilotlar ma’lum emas.
“Biz AQSh bilan faol muzokaralar olib boramiz, chunki bu o’zaro manfaatli masala”, - dedi vazirlik so’zlovchisi Trampning nutqi ketidan.
Vashington Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan Alyaskada suyultirilgan tabiiy gaz quvuri loyihasida ishtirok etish uchun qiziqish bor-yo’qligini so’ragani ma’lum.
Buni ham ko'ring Tramp: "Amerikadek qudratli davlat yo'q, bo'lmaydi"Vazir An Duk Ginning aytishicha, Seul va Vashington ushbu quvur, energetika, kemasozlik va tariflarni muhokama qilish uchun ishchi guruh tuzishga kelishib olgan.
Yaponiya Bosh vaziri Shigeru Ishibaning aytishicha, Amerikadan gaz, bioetanol va ammiak importini kengaytirish “ham Yaponiya, ham AQShning milliy manfaatlariga javob beradi”, chunki bu Yaponiyaning energiya ta’minotini barqarorlashtiradi, shu bilan birga AQShning savdo kamomadini kamaytiradi.
Avvalroq Tramp Vashington va Tokio Alyaskada neft va gaz qazish bo’yicha qo’shma korxona yaratish imkoniyatini ham muhokama qilayotganini aytgan edi.
Kongressdagi nutqida prezident tariflar mavzusiga to’xtalib, endi AQShning boshqa davlatlar mahsulotlariga boj solish vaqti kelganini ta’kidladi. Tramp 2-apreldan turli davlatlarga nisbatan tariflar joriy etishni rejalamoqda.
Oq uyda energetika bo’yicha kengash raislaridan biri Dag Bergam so’zlariga ko’ra, qariyb 1300 kilometrli Alyaska quvuri AQShga suyultirilgan gazni ittifoqchilariga sotib, “g’azna uchun pul yig’ish” imkonini beradi.
Quvur loyihasining moliyaviy va logistik jihatlari hal bo’lganicha yo’q, ammo Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvan va boshqalar AQShdan ko’proq gaz import qilish masalasini ko’rib chiqmoqda.
Muzokaralardan xabardor manbalarga ko’ra, Yaponiya Alyaska quvuri loyihasida ishtirok etishga hali rozilik bermagan. Bu davlat savdo vaziri shu oy Vashingtonga tashrif buyuradi.