Vakillar palatasi byudjetni ma'qulladi

  • Amerika Ovozi
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson ovoz berish oldidan, Kapitoliy, Vashington, 11-mart, 2025

Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson ovoz berish oldidan, Kapitoliy, Vashington, 11-mart, 2025

AQSh Vakillar palatasi hukumatga joriy moliyaviy yil oxirigacha, ya'ni oktabrgacha zarur bo'lgan mablag'ni ma'qulladi. Byudjet loyihasi endi Senatda ham tasdiqlanishi kerak, aks holda hafta oxiriga borib, tizim qisman ishdan to'xtab qolishi mumkin.

Vakillar palatasida respublikachilar hukmron bo'lsa-da, juda oz farq bilan o'tgan loyiha Senatda yanayam ko'proq to'siqlar bilan yuzlashadi, chunki demokratlar unga keskin qarshi. Qonunga aylanishi, prezident stoliga imzo uchun borishi uchun kamida sakkiz liberal unga ovoz berishi kerak.

Buni ham ko'ring Tramp Kongressga bu safar nima dedi?

Spiker Jonson fikricha, oldingi byudjetning o'zgartirilmagan shaklini quvvatlamaslik vijdonsizlik bo'ladi. Ya'ni xajaratlar oldingi oylarda qanday bo'lgan bo'lsa, deyarli shunday qoladi; hech narsa oshirilmaydi yo kamaymaydi.

“Ovoz bermaganlar hukumat ishdan to'xtab qolishi uchun javobgar bo'ladi, chunki harbiylarimiz maoshsiz qoladi. Parvozlar kechikadi, chunki xodimlar ozayadi", - deya ogohlantirgan spiker.

Respunlikachi lider sifatida Jonson Prezident Donald Tramp siyosatini oqlaydi. "Amerika birinchi" shiori unga boshidan ma'qul.

Demokratlarga ko'ra esa Jonson aldamoqda. Chunki, deydi ular, byudjet loyihasida 1,7 trillion dollarni prezident xohlaganicha ishlatishi mumkin.

Kapitoliy, Vashington, 4-mart, 2025

Kapitoliy, Vashington, 4-mart, 2025

Liberallar Tramp va uning yaqin maslakdoshi Ilon Maskni qonunlarni oyoqosti qilgan holda tizimni parchalayotganlikda; Kongress ma'qullagan mablag'ni muzlatib, tashqi yordamni to'xtatganlikda; davlat xodimlari sonini keskin kamaytirish harakatida; sistemaga o'z biznesidek yondashayotganlikda, fuqaro huquqlari va bosh qomusni buzayotganlikda ayblaydi.

Tramp esa o'z vakolatlaridan to'liq foydalanib, Mask yordamida tizimni isloh qilayotganini aytadi.

Buni ham ko'ring Kongress: AQSh hukumati ishdan to'xtab qolmasligi kerak

Demokratlar Oq uyga aslo ishonmasligini bildiradi. Ular, xususan, qoradori savdosiga qarshi kurashishga ajratilgan pul aslida deportatsiya uchun sarflanishi mumkin, deya xavotirda.

“Bu byudjet bilan Tramp va Mask bilganini qiladi", - deydi Roza Delauro, Konnektikut shtatidan demokrat qonunchi, Vakillar palatasining Davlat xarajatlari qo'mitasi a'zosi.

Respublikachi Tom Koul bugun ma'qullangan hujjat unga to'liq yoqmaganini aytadi, lekin baribir ovoz bergan. Byudjetni qisqa muddat uchun tasdiqlash uning nazarida aqlli siyosat emas.

“Har ikki palatada biz, respublikachilar, ko'pchilikmiz. Shunday ekan, respublikachi prezidentga to'siq qo'ymaymiz", - deydi Koul.

Yana bir respublikachi kongressmen, Endi Harris xarajatlar kamaysin deb kelayotgan qonunchilardan. Vaziyat murakkab, deydi u, byudjetga sinchiklab qarash lozim.

Prezident Tramp "Tesla" sotib oldi va uni Ilon Mask bilan Oq uy hovlisida ko'z-ko'z qildi, Vashington, 11-mart, 2025

Kentuki shtatidan kongressmen Tomas Massi "yo'q" deb kelayotganlardan. Prezident Tramp Massini tanqid qilib, uni Kongressda boshqa respublikachi bilan almashtirish kerak, degan tashabbusni olg'a surgan.

Vakillar palatasida demokratlar lideri Hakim Jeffris partiyadoshlarini respublikachilar bilan byudjet yuzasidan bir yoqadan bosh chiqarmaslikka chaqirgan.

Senatda ham shunday kayfiyat kuzatiladi. Demokratlar o'z byudjet loyihasini tanishtirgan. Muqobil nusxa bir oyni qoplaydi.

Spiker Jonson hukumat byudjetsiz qolsa, aybni to'liq demokratlarga qo'ymoqchi. Demokratlarga ko'ra esa davlat faoliyati qisman to'xtab qolsa, ayb, tabiiyki, respublikachilarda bo'ladi.

“Kongress butunlay ular qo'lida, Oq uy ham respublikachilarniki. Shunday ekan, tuzukroq byudjet taklif qilmagani uchun xalq ularni qoralaydi", - deydi Nyu-Yorkdan demokrat kongressmen Den Goldmen.