Har yili AQShning Luiziana shtatida qariyb 54 ming nafar ayol qamoqdan ozod etiladi. Nyu-Orleanda joylashgan "Operation Restoration" nodavlat tashkiloti qamoqdan chiqqan ayollar va qizlarga hayotlarini tiklashga yordam berishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.
Ko‘p ayollar uchun hayotni qayta boshlash juda murakkab jarayon hisoblanadi. Qamoqdan chiqqanlarning taxminan 30 foizi besh yil ichida yana qamoqqa tushadi.
"Ayol qamoqdan chiqqandan keyin duch keladigan to‘siqlarning sonini tasavvur qilish qiyin, - deydi "Operation Restoration" asoschisi va prezidenti Sayrita Stayb “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida. - Oziq-ovqat va uy-joy bilan bog‘liq muammolar bor, albatta, lekin bu faqat muammolarning yuzaki qismi".
"Shartli ozodlikka chiqasiz, lekin davlatga nazorat uchun pul to‘lashingiz kerak, - deydi Stayb. - Ammo dastlab bu pulni qayerdan olasiz? Agar yillar yoki hatto o‘n yillab qamoqda bo‘lgan bo‘lsangiz, ish topish uchun kerakli tanish-bilish yoki texnologik bilimlaringiz yo‘q".
43 yoshli Shenika Jekson 13 yildan ortiq qamoqda bo‘lib, o‘tgan yili ozodlikka chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotganida, aynan shu muammolar uni ham tashvishga solgan edi.
Jekson 2011-yilda zo‘ravonlikka aylangan mojaroda hibsga olingan ikki kishidan biri.
"Albatta, pushaymon edim, - deydi u. - Birovning hayotini olib qo‘yganimdan afsuslandim, qizlarimni onasiz qoldirganimdan afsuslandim va o‘z kelajagimni o‘zim barbod qilganimdan ham".
"Agar 30 yoshda qamoqqa tushsangiz, undan keyin ko‘plab imkoniyatlarga ega bo‘lishingizni tasavvur qilolmaysiz, - deydi u. - Men hayotim tugadi, deb o‘ylagandim".
Buni ham ko'ring AQSh dunyoning matonatli ayollarini mukofotladiLekin hammasi "Operation Restoration" dasturi orqali o‘zgardi. Ushbu loyiha ayollarni laboratoriya assistenti sifatida ishlashga tayyorlashni boshladi. Hozirga qadar 67 nafar sobiq mahkum, jumladan, Jekson ham ushbu dastur orqali sertifikat oldi.
"Bu men uchun faxrli ish, - deydi Jekson. - O‘zingizni rivojlantirish va yangi narsalarni o‘rganish juda yaxshi his-tuyg‘u".
Ikkinchi imkoniyat
"Operation Restoration" turli yo‘nalishlarda yordam beradigan o‘ndan ortiq dasturlarga ega: uy-joy bilan ta’minlash, ish o‘rgatish, ta’lim, oziq-ovqat va kiyim-kechak yetkazib berish hamda huquqiy ko‘mak. Ushbu yordam aynan tashkilot asoschisi Staybga ham kerak bo‘lgan edi, chunki u 2009-yilda ozodlikka chiqqanida qiyinchiliklarga duch kelgan.
Stayb o‘smirlik chog‘ida avtomobil saloni o‘g‘irligi va yong‘in chiqarish jinoyati uchun deyarli 10 yil qamoq jazosini o‘tagan. Ozodlikka chiqqach, u dunyoning juda tez o‘zgarib ketganini his qildi.
"Dunyo sizsiz harakat qilishda davom etadi, - deydi Stayb. - Qamoqdan chiqqaningizda, har qadamda to‘siqlarga duch kelasiz".
Ushbu to‘siqlarga uy-joy topish va universitetga hujjat topshirish jarayoni ham kiradi. Ko‘pincha, hujjat topshirishda sobiq mahkum ekanligingizni ko‘rsatishingiz talab qilinadi. Stayb o‘zining sudlanganligini ochiq yozgani sababli universitetdan rad javobi oldi. Ish qidirishga o‘tgach, elektron pochta ishlatishni bilmasligi, ijtimoiy tarmoqlardan bexabar ekani va intervyu uchun to‘g‘ri kiyim tanlashda qiynalgani unga qo‘shimcha muammo tug‘dirdi.
"Men 19 yoshda qamoqqa tushganman va 29 yoshda ozodlikka chiqdim, - deydi u. - Qaysi o‘lchamdagi kiyim kiyishimni ham bilmasdim. Lekin agar do‘konga borib ichki kiyim sotib olsam, hech kim mening qamoqdan chiqqan ayol ekanligimni bilmaydi. Faqat 30 yoshli ayol bo‘lib, o‘z hajmini bilmayotgandek ko‘rinaman. Bu juda xijolatli holat. Oxir-oqibat hammasi haddan tashqari og‘irlashadi va siz: 'Balki intervyuga umuman bormasam ham bo‘lar?' deb o‘ylay boshlaysiz".
Stayb oxir-oqibat universitetga qabul qilindi va uni tamomladi, lekin bu davlatga to‘laydigan kompensatsiya miqdorini oshirishiga sabab bo‘ldi.
Buni ham ko'ring AQShda minglab mahbuslar grant asosida qamoqda diplom olmoqda"Ular meni to‘lov qilish qobiliyatim oshdi, deb hisoblashdi, chunki universitetni tamomlagan edim, - deydi u. - Lekin men hali maosh ham olmagan edim!"
Stayb qamoqdan chiqqan boshqa ayollar ham xuddi shunday qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rib, ularga yordam berishga qaror qildi.
Dasturlarni kengaytirish
"Operation Restoration" dastlab universitetga kirish jarayonidagi to‘siqlarni yengillashtirishga e’tibor qaratdi. 2017-yilda tashkilot Luizianada "Ban the Box" ("Qutichani olib tashlang") qonunining qabul qilinishiga hissa qo‘shdi. Ushbu qonunga ko‘ra, davlat universitetlari endi talabalar hujjatlarida jinoiy tarix to‘g‘risidagi savollarni so‘ray olmaydi.
Bundan tashqari, tashkilot Tulane universiteti bilan hamkorlikda ayollar qamoqxonasida bakalavriat darajasini beradigan ta’lim dasturini yo‘lga qo‘ydi. 2024-yil holatiga ko‘ra, 34 nafar ayol ushbu dasturning talabalari hisoblanadi.
Keng qamrovli yechim
O‘tgan yili "Operation Restoration" 200 dan ortiq oilani xavfsiz uy-joy bilan ta’minladi, 350 dan ortiq ayol va qizga kiyim-kechak hamda gigiyena vositalari yetkazib berdi va bolalar parvarishi, transport, oziq-ovqat va uy-joy uchun jami 111 ming dollar sarfladi.
Luizianada mahkum ayollarning 80 foizi onalar bo‘lgani sababli, tashkilot ularning qizlari uchun ham maxsus dasturlar ishlab chiqdi. Ularga tennis, yoga va raqs mashg‘ulotlari, shuningdek, moliyaviy savodxonlik, sog‘lom turmush tarzi va kasbga tayyorgarlik bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda.
Stayb davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘larning qisqarishi ushbu dasturlarning kelajagini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidlaydi. Shuning uchun u tashkilot faoliyatini davom ettirish uchun boshqa manbalardan mablag‘ yig‘ishga harakat qilmoqda.
"Men qamoqdan chiqqan ayollar va qizlar o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi deb his qilishlarini xohlayman, - deydi Stayb. - Biz ularga bu imkoniyatni yaratishga harakat qilyapmiz".