Prezident Bush Katrina dovuli jabrdiydalariga favqulodda ko’mak tariqasida 10 yarim milliard dollar ajratish haqidagi qarorni tasdiqladi. Dovul natijasida zarar ko’rgan xududlarga prezident bilan safar qilgan muxbirimiz, Skot Sternzning xabar berishicha, Bush qarorni dovul urgan janubiy Alabama, Mississipi va Luiziana shtatlarini ko’zdan kechirgandan so’ng imzoladi.
Bushning ta’kidlashicha, ajratilgan 10 milliard dollardan ziyod ko’mak, shaharlarni tiklash uchun zarur bo’lgan pul miqdorining kichik bir qismidir. Eng katta zarar ko’rgan joylarda ikki milliondan ortiq kishi haligacha elektr quvvatisiz kun kechirmoqda. To'fon asoratlaridan tiklanish ancha vaqt talab qiladi, deydi Bush.
Respublikachilar va Demokratlar, AQShning janubiy shtatlarini urgan dovul asoratlariga tezlik bilan javob berilmadi, deb hukumatni tanqid qilar ekanlar, Bush ko’mak borasida erishilgan natijalar qoniqarsiz ekanligini tan oldi.
- Hukumatning to'fon asoratlariga javobi qoniqarli, ammo erishilgan natijalardan qanoatlanmadim.
Luiziana shtatining Yangi Orlean shahrida qurol do’konlari talon-toroj qilingani va ba’zi qutqaruvchilarga o’q uzilgani haqida xabarlar bor. Shahar bo'ylab qurol sotish do’konlari o’marilgandan so’ng, Bushga ko'ra, shaharda xavfsizlik masalasi ko'ndalang turibdi. Prezident shaharni havodan kuzatganida, shaharning turli burchaklarida yon’ginlarni ham ko’rgan.
Bush bilan uchrashgan Yangi Orlean hokimi Ray Nagin, shtat va federal rasmiylarini shaharda tartib va nazorat o’rnatish uchun yetarli chora ko’rmayapsizlar, deya tanqid ostiga oldi. Bushning ta’kidlashicha, ahvolni yaxshilash bir kunlik ish emas:
- Oldimizda katta vazifa turibdi, va biz - mansabdor shaxslar - ishlar ko’ngildagidek bo’lmaguncha, tashkiliy ishlarga bosh-qosh bo’lishimiz kerak. Barchamiz harakat qilayapmiz albatta, ammo Yangi Orleanda ahvol yaxshiroq bo’lishi mumkin edi.
Tanqidchilar Iroqdagi urush ahvolni bundanda battar qilmoqda, deb Bushni tanqid qilishmoqda, chunki ular nazarida, Katrina dovuli singari katta talofat yuz berganda, odatda mahalliy harbiylar tezlik bilan yordamga kelishar edi. Ayni paytda esa ularning ko’pchiligi urushga jo’natilgan.
Ammo Bush, harbiylar yetarli va AQShning ikki vazifani bir paytda bajarishga qurbi yetadi, deya tanqidlarni chetga surmoqda. Suv ostida qolgan Yangi Orlean shahridan mana bu kishining aytishicha:
- Iroqqa borib, katta vertolyotlarni ishga solib, odamlarga sharoit yaratilib beriladi-yu, nega endi bizga tezlikda yordam berib bo’lmaydi? Bush bundan-da yaxshiroq xizmat ko’rsatishi mumkin edi.
Hozirda shahardan evakuasiya qilingan minglab kishilarga Texas shtatidan boshpana berilyapti. Shu bilan birga, dunyoning ko’p mamlakatlaridan jabrdiydalarga yordam qo’lini cho’zish takliflari kelmoqda, deydi AQSh davlat kotibi Kondoliza Rays.
- Hamkasblarim bilan muzokara chog’ida, ularning yordam berishga tayyor ekanliklari bizni juda quvontirdi. Dunyo bo’ylab ko’plab oddiy odamlar ham moliyaviy ko’mak jonatishmoqchi.