Bir paytlar Markaziy Osiyoda gullab-yashnagan O`zbekiston yaqin o`n yil ichida chetda yashayotgan o`zbeklarning afsus-nadomatlariga sabab bo`lmoqda.
“O`zbeklarga judayam achinasan, shu darajada yaxshi turar edik avval. Nima bo`ldi O`zbekistonga? O`zbekiston gullayotgan-yashnayotgan mamlakat edi. Bizlar u yoqqa borishni sevar edik, shaharlarni aylanardik, nima bo`ldi? Xalqimiz ado bo`ldi. Prezident aybdor deb o`ylayman, bu masalani hal qilishi kerak edi, agar qo`lidan kelmasa joyini bo`shatib berishi kerak. Men shunday deb hisoblayman. O`zbek xalqi nomidan gapirayapman”.
Bular azaldan Qozog`istonda yashab kelayotgan minglab o`zbeklardan birining bugungi O`zbekiston haqida bildirayotgan o`kinchlari.
Janubiy Qozog`istondagi o`zbeklarning bundan o`n yillar avval O`zbekiston haqidagi tassurotlari esa quyidagicha edi:
“Avval Markaziy Osiyoda yetakchi edi. Sobiq SSSR bo`linib ketgach biz O`zbekistonni mintaqadagi davlatlar ichida yetakchi bo`ladi deb hisoblardik... Afsuski, bunday bo`lmadi”.
“Chunki, iqtisodiy erkinlik berilishi kerak. Nazarboev shunday qildi. Yangidan velosiped ixtiro qilish kerak emas. Boshqa davlatlarda qanday bo’layotgan bo`lsa, shuni o`rganib qo`llanglar deb aytdi”, - deya fikr bildiradi ayrim janubiy qozog`istonlik o`zbeklar.
Bugungi vaziyatga ko`ra, Qozog`istonda yashayotgan mahalliy o`zbeklar va O`zbekiston o`rtasidagi madaniy aloqalar rasmiy darajada mutlaqo to`xtagan. Bir necha o`n yillardan buyon Qozog`istonda erkin tarzda ko`rsatib kelinayotgan O`zbekiston televideniesi ko`rsatuvlari va radio eshititirishlari to`xtatilgan. Chegaraa sim tortilgan. O`tib – qaytish muammolari mahalliy o`zbeklarning O`zbekistonga borish niyatlarini yo’qqa chiqarmoqda.
“Qozoqlarda mehr-oqibat bor. O`zbekistonda bir yarim million qozoqlar yashayotgan bo`lsa, qozoq birodarlar ularning muammolaridan xabardor bo`lib turadi. O`zbeklarga keladigan bo`lsak, aloqalar sustligi uchun xabardor bo`lish qiyin. Buning ustiga chegaradan o`tib-qaytish murakkab. Biz chegaradan o`tib qaytishni, qonuniy tarzda belgilanishini istaymiz”.
“Nega men assalomu alaykum deb o`z singlimnikiga o`tib kela olmayman? To`siqlar, tekshiruvlardan o`tishim kerak. Nima uchun?”
Bu qiyinchiliklar va rasmiy Toshkent tomonidan ko`rsatilayotgan sovuqqonliklarga qaramasdan Qozog`istondagi mahalliy o`zbeklar madaniy aloqalarni tiklash uchun O`zbekiston prezidenti nomiga murojaat bilan chiqishgan.
Janubiy Qozog`iston unversitetining sharqshunoslik kafedrasi mudiri Ismoil Hakimovga ko`ra, ikki o`rtadagi madaniy aloqalarni tiklash uchun o`zbek jamoasi nafaqat xat bilan chiqqan balki, o`zbek jamoatchiligi vakillari Toshkentga rasman diplomatik safar ham uyushtirishgan.
“Borib kelishdi, viloyat o`zbek markazi vakillari. Biroq ularni rasmiy kishi sifatida qabul qilishmadi, quruq qaytishdi. Biz o`zbeklar bo`lsak, oz urf-odatlarimiz, an’analarimiz haqida ma’lumotlar olib yashashni istaymiz”, - deydi Ismoil Hakimov.
Mahalliy o`zbeklarga ko`ra, ayniqsa, O`zbekistonda kuzatilgan so`nggi qonli voqealar -Andijondagi otishmalar O`zbekiston siyosati, xalqi haqida jiddiy tashvishlarga sabab bo`lgan:
“Juda achindik. Ba’zi ma’lumotlarga ko`ra, besh yarim mingga yaqin odam qurbon bo`lgan. Ular ham bekorga ko`tarilmagan, qurol olmagan, ularni eshitadigan, muammolarini hal qiladiganlar yo`q bolgandan keyin”.
“Andijon voqealari biz o`zbeklar o`rtasidagi voqea. Xalqning ijtimoiy ahvoli nochor qolar ekan, bunday voqealar davom etaveradi”.
“Andijon voqealari uyat bo`ldi. Xalqqa biroz erkinlik berish kerak. Xalq tug’ilganda erkin tug`iladi. Uning ozodligini bitta shaxs chegaralashi kerak emas”, - deyishadi shimkentlik o`zbeklar.
Janubiyb Qozog`istonda istiqomat qiluvchi o`zbeklarga ko`ra O`zbekiston hamisha Markaziy Osiyodagi yirik madaniy va ijtimoiy markaz bo`lib kelgan va bugunga kelib, O`zbekistonning o`rnini rivojlanayotgan Qozog`iston egallamaoqda.