Markaziy Osiyo xabarlari-11 yanvar

ROSSIYA-O’ZBEKISTON

25 yanvarda Rossiyaning Sankt Peterburg shahrida Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatining navbatdagi sammiti bo’lib o’tadi. Unda O’zbekistonning tashkilot a’zoligiga qabul qilinishi kutilmoqda.

Tojikiston Iqtisodiyot vazirligiga ko’ra, sammitda yana bir masala – hamjamiyatning Markaziy Osiyo Hamkorlik tashkiloti bilan integratsiyasi masalasi ko’rib chiqiladi. Valyuta bozorlarini integratsiya qilish hamda favqulodda holatlarda chegara xizmatlari orasida hamkorlikni yo’lga qo’yish mavzulari ham muhokama qilinadi.

Ayni damda Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga Rossiya, Belarus, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston kiradi. Armaniston, Moldova va Ukraina kuzatuvchi maqomiga ega.

TOJIKISTON

AQSh hukumati Tojikiston chegarachilariga 3 million dollarga teng asbob-uskuna va qish jihozlari, jumladan oziq-ovqat, qishki kiyim, dori-darmon, palatkalar va boshqa kerakli anjomlarni yetkazmoqda.

Tojikiston hukumatining iltimosi bilan amalga oshirilayotgan loyihaning birinchni bosqichida, Tojikiston chegarachilariga 100,000 kishiga mo’ljallangan tayyor ovqat yetkazildi.

Aytish joiz, bugungi kunda Tojikiston chegarachilarining faoliyati va muammolari AQSh va xalqaro tashkilotlarning diqqat markazida. Sabab, aynan Afg’on-Tojik chegarasi orqali katta miqyosda qoradori kontrabandasi amalga oshiriladi. Bundan Yevropa mamlakatlari ham aziyat chekadi. Shu sabab, AQSh BMT va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda Tojikiston chegaralari xavfsizligini kuchaytirish payida.

OZARBAYJON

12-13 yanvar kunlari Ozarbayjon, Gruziya va Qo’zog’istonning temir yo’l kompaniyalari mutasaddilari Baku shahrida yi’gilib, TRASEKA, ya’ni Yevropa-Kavkaz-Osiyo yo’nalishiga qo’shimcha yuk tashuvchilarni jalb etish yo’llarini muhokama qiladilar.

Yig’ilishda o’tgan yilning dekabr oyida yo’lga qo’yilgan Poti–Baku sinov yuk poezdining ish samarasi ham ko’rib chiqiladi. Mazkur loyihadan maqsad, TRASEKA korridorining raqobatbardoshligini oshirish hamda mintaqada yuk tashish tizimini rivojlantirish.

QIRG’IZISTON

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qirg’izistonda amalga oshirib kelayotgan dasturlari sonini 2006 yilda qisqartirmaydi. Bu haqda tashkilotning taraqqiyot dasturi vakili Interfax axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan. Jerzi Skuratovichga ko’ra, bu yilda mamlakatda qashshoqlikni kamaytirish dasturiga kattaroq e’tibor beriladi.