Amerika Qo’shma Shtatlari Qirg’iziston hukumatini u yerda qolayotgan va boshpana so’rayotgan to’rt o’zbekistonlikni uchinchi davlatga chiqishiga to’sqinlik qilmaslikka chaqirmoqda. Shu bilan birga AQSh O’zbekistonda Andijon voqealari bo’yicha o’tayotgan sudlarning odilligini shubha ostiga qo’ymoda.
AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi vakili Kayl Skot Qirg’iziston hukumatining o’tgan yili o’zbekistonlik qochqinlarning boshqa davlatlarga ko’chirilishidagi yordamini olqishladi, biroq u yerda hamon to’rt kishining qolayotganiga xavotir bildirdi.
“Biz Qirg’iziston hukumatidan qolgan to’rt kishini ham BMT Qochqinlar bo’yicha Bosh komissariatiga topshirishini so’raymiz,” dedi janob Skot.
Inson huquqlari himoyasi bilan shug’ullanuvchi tashkilotlarning ba’zi hisobotlari AQSh xavotiriga sabab bo’ldi. Hisobotlarda o’tgan yilning iyun oyida O’zbekistonga Qirg’iziston tomonidan chiqarilgan andijonliklarning qiynoqlarga solingani haqida ma’lumot berilgan edi. Kayl Skotning aytishicha, AQSh diplomatlari va inson huquqlari tashkilotlari o’sha to’rt kishining O’zbekistonga chiqarilganidan beri faqat bittasigina ko’rganlar xolos.
Alohida chiqarilgan bayonotda AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi vakolatxonasi O’zbekistonda Andijon otishmalari bo’yicha o’tayotgan sudlarning odilligini shubha ostiga oldi.
2005 yil noyabr oyida 15 kishi, dekabr oyida esa 78 kishi voqealarga aloqadorlikda aybdor deb topilgan. Bundan tashqari 19 askar, 15 militsiya xodimi va Andijondagi qamoqxonaning ikki xizmatchisi o’z vazifalariga loqayd munosabatda bo'lganlikda ayblanib, turli muddatli qamoq jazolariga mahkum etildilar.
Kayl Skotning aytishicha, aksariyati yopiq tarzda o’tkazilgan bu sudlar Andijondagi fojia tafsilotlarini ommaga ochib bera olmadi va ularning o’tkazish uslubi hamda qator sud-protsessual qoidalariga rioya qilinmagani AQShni chuqur tashvishga solmoqda.