Tojikistonda etnik o'zbeklarga siyosiy faollik uchun yo'l berilmayapti

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 6 million 200 ming aholiga ega Tojikistonda 1 milliondan ko’proq o’zbeklar istiqomat qilishadi. Bunchalik katta nufuzdagi aholining mustaqillikdan keyingi respublika ijtimoiy-siyosiy hayotida tutgan o’rni qanday? Tojikiston universitetlaridan birida dars beruvchi Oymomo Hakimovaning aytishicha, o'zbeklarning Tojikiston ijtimoy–siyosiy hayotidagi o’rni 10 foizni tashkil etadi xolos.

"Bu hayotda asosan tojiklar ishtirok etadi. Bu borada o’zbeklarning rolini pasaytirish aholini ro’yxatga o’tkazishda yaqqol ko’zga tashlangan. Ayniqsa Tojikiston janubiy gismida laqay, qo’ng'irot, barlos kabi o’zbeklarning elatlarini millat sifatida qayd etishgan. Bu oz’beklarning sonini kamaytirishga urinishdir," deydi muallima.

So’g'd viloyati shimoli-sharqidagi o’rta maktablardan birida saboq beruvchi maktab o’qituvchisi nomini tilga olmaslik sharti bilan bu boradagi fikrlarini quyidagi tarzda bildirdi:

"2004 yilda o’rta maktablar uchun "Tojikiston geografiyasi" darsligi chiqarildi. Unda o’zbeklarning umumiy soni 936 ming nafar deb ko’rsatilgan. Bundan avval chiqarilgan "Tojikiston SSR geografiyasi"da esa o’zbeklar 1,5 millionni tashkil etadi deyilgan. Xo’sh, bu raqamlarni borgan sari har xil qilib ko’rsatib, ochiq faktlarga tayanmaslikning maqsadi nima? Bobomeros yerida yashayotgan o’zbeklarning keyingi paytdagi mavqei, ularning obro’-e’tibori bu erda tobora pasayib ketmoqda. Shimoli-sharqiy mintaqa aholisining 80-90 foizini o'zbeklar tashkil eta turib, bu erda mansabdor shaxslar bir og'iz ham o’zbek tilini bilmaydigan tojiklardan tayinlanmoqda."

Yuqori lavozimli mansablarga o’zbeklar deyarlik kiritilmaydi, deb shikoyat qiladi nomini tilga olmaslikni so'ragan o'sha muallima. "Saylovlarda deputatlikka ko’rsatilgan nomzodlarning ham aksariyati tojiklar bo’lib, bu erda ham o’zbeklar yaqinlashtirilmaydi."

Konibodom shahrida istiqomat qiluvchi bir ziyoli shunday holatning So’g'd viloyatining Konibodom nohiyasida ham kuzatilishini ta’kidlaydi.

"Ko’chkak, Niyozbek singari katta-katta o’zbek qishloqlarida aholining 100 foizi o’zbeklar bo’lganini inobatga olib rahbarlikka mahalliy kadrlarni qo’yish maqsadga muvofiq bo'lmasmidi? Lekin shunday holatda ham mahalliy rahbarlik lavozimlariga shahardan tojiklarni olib kelib qo’yishimoqda. Axir shahardan kelgan tojik birodarimiz bizni tushunmasa, sharoitimizni bilmasa qanday rahbarlik qiladi? Dardimizni qayerdan tushunadi? Qishloq ahli bilan qanday til topishadi? Mana bu - og'riqli masalalardir. Bu masalada ko’proq ob’ektivlik kerak. Xalqning tilini va ma’naviyatini hurmatlash kerak."

Ammo bu bilan Tojikistonda o’zbeklar ahvolini juda nochor tasvirlamoq ham xato bo’lar edi. Zafarabod nohiyasidan jurnalist Abdurasul Mamadaliyevga ko’ra, Konstitutsiya bo’yicha Tojikistondagi har bir millat, har bir xalq, har bir elat o’zining erkin taraqqiy etish huquqini olgan.

"Ana shu nuqtai nazardan qaraganda, Tojikistonda o’zbeklarni men hech qachon boshqa millatlardan, xususan, asosiy millat bo’lgan tojiklardan ijtimoy-iqtisodiy sohalarda, madaniyat, adabiyot, san’at sohasida orqada qolayotgan deb aytolmayman. Chunki o’zbek xalqi bu erda namunali darajada faoliyat yuritib bormoqda."

O’z fikrlari isboti tariqasida Abdurasul Mamadaliyev birgina So’g'd viloyatida o’zbek tilida chop etib kelinayotgan “Leninobod haqiqati” hukumat gazetasi, o’zbek jamiyatining mustaqil “Qadriyat” oynomasi, “Tong” nomli mustaqil ijtimoiy-siyosiy haftalik gazetalari hamda nodavlat “So’g'd yulduzi” jurnali faoliyatini ko’rsatib o’tdi. Tojikistonda o’zbeklarni sun’iy ravishda millatlarga bo’lib yuborish masalasida esa jurnalist qisqa shunday dedi:

"Bu bilan o’zbek xalqining sonini kamaytiraman degan odamlar shunday
deb o’ylagan bo’lsa, chuchvarani xom sanabdi."