BMT qochqinlar tashkiloti O'zbekistonda muqobil yo'l izlamoqda

Shu yilning mart oyida O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qochiqnlar bo’yicha Oliy kommissariati (UNHCR) Toshkentdagi vakolatxonasini 17 aprelga qadar yopishi lozim deb talab qo’ygan edi. Endilikda vakolatxona rasmiylari O’zbekistondagi 1800 nafar qochqinga yordam berishning muqobil yo’llarini izlamoqda.

“Biz yopilish arafasidamiz. O’zbekiston hukumati talabiga binoan bu yerda idoramiz bo’lmaydi. Ammo biz mamlakatdagi qochinqlarga yordam berish va ular ahvolini o’rganishda davom etish niyatida, muqobil yo’llar izlamoqdamiz”,- deydi tashkilotning Toshkentdagi idorasi rahbari Abdul Karim Gul.

Janob Gulning aytishicha, qochqinlarga BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) doirasida yordam berish mumkin va bu borada O’zbekiston hukumatiga iltimosnoma topshirilgan. Ma’lumki, 1993 yildan boshlab qo’shni Afg’oniston va Tojikistondan yuzlab qochqinlar O’zbekistonda boshpana topgan va tashkilot ularga yaqindan ko’maklashayotgan edi.

Idora rahbari janob Gulga ko’ra, hozirda mamlakatdagi qochqinlar xavotir va qorquvga tushganlar. Sabab, ularning ko’pchiligi uchinchi davlatga chiqib ketishi lozim, biroq idoraning yopilishi bu jarayonni yanada murakkablashtirishi mumkin.